Jahon | 07:23 / 18.05.2022
24293
13 daqiqa o‘qiladi

Ukrainadagi urush: tomonlarning bayonotlari, dunyo munosabati, yordam va sanksiyalar

Rossiya armiyasining Ukrainaga bostirib kirishi bilan bog‘liq voqea-hodisalarga oid so‘nggi rasmiy xabarlar va yangiliklarning ertalabki qisqacha sharhlari bilan tanishing.

Ukraina tomonining bayonotlari

Kann xalqaro festivali kinofestivalining ochilish marosimida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning videomurojaati namoyish qilingan va u zalning davomli olqishlariga sabab bo‘lgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. Foto: Andreas Rentz / Getty Images

O‘zining qariyb 10 daqiqalik nutqida o‘zi ham o‘tmishda aktyor bo‘lgan Zelenskiy boshqa narsalar bilan birga Frensis Ford Koppolaning Vetnam urushi haqidagi «Bugungi qiyomat» va Charli Chaplin ishtirokidagi «Buyuk diktator» filmlarini esga olgan va ayni paytda Ukraina to‘qnash kelgan voqealar hamda urush va diktaturaning ekranda tasviri o‘rtasida parallel o‘tkazgan.

«Biz kurashishda davom etamiz. Bizda o‘z erkinligimiz uchun kurashishdan o‘zga tanlov qolmagan. Aminmanki, diktator yutqazadi. Biz bu urushda g‘olib bo‘lamiz. Ukrainaga shon-sharaflar!» — deya tugatgan Zelenskiy o‘z nutqini.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari Mixaylo Podolyak Rossiya bilan muzokaralar to‘xtab qolganining uchta sababini sanab o‘tgan.

«Muzokara jarayoni chindan ham to‘xtagan. Nega? Sabablar bir nechta. Rossiya jahonda bugun ro‘y berayotgan jarayonlarni va o‘zining nihoyatda salbiy rolini tushunayotganini namoyon etmayapti.

Ikkinchidan, Rossiya urush har qanday ma’noda ularning qoidasi, grafigi yoki rejasi bo‘yicha bormayotganini tushunmayapti. Ukrainaning qarshiligi va professional qarshilik tobora kuchayib bormoqda. Shu sababli Rossiya hech qanday maqsadlariga erisha olmaydi.

Uchinchi sabab Rossiya ichki bozordagi propagandistik keskinlikdan voz kecha olmayapti, shu sababli siyosiy elita haqiqatni gapirishga cho‘chiydi», — degan Podolyak.

Ukraina qurolli kuchlari birlashgan operatsiyasi o‘tgan sutka ichida erishilgan natijalar haqida quyidagicha ma’lumot bermoqda (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

  • Janglar 4 ta lokatsiyada davom etmoqda va dushmanning 12 ta hujumi muvaffaqiyatli bartaraf etilgan.
  • 3 ta tank, 3 ta artilleriya tizimi, 6 ta harbiy zirhli texnika, 7 ta transport vositasi yo‘q qilingan.
  • Havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari Donbass osmonida 9 ta «Orlan-10» tipidagi pilotsiz uchar qurilma va bitta «ZALA» tipidagi tezkor taktik pilotsiz aviatsion kompleksni urib tushirgan.

«Sxid» («Sharq») tezkor-taktik guruhining ma’lumotlari:

  1. Rossiya qo‘shinlarining 2 ta hujumi bartaraf etilgan. Dushmanning yo‘qotishlari: 110 nafargacha shaxsiy tarkib, 6 ta piyodalar zirhli mashinasi (BMP), 1 ta bronetransportyor, 1 ta minomyot nuqtasi, 1 ta ZRK, 4 ta artilleriya nuqtasi, 2 ta pilotsiz uchar qurilma.

Rossiya tomonining bayonotlari

Rossiya prezidenti Vladimir Putin neft bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi va unda jahon energetikasida ro‘y berayotgan muammolarning asosiy sababi sifatida G‘arb davlatlarining uzoqni o‘ylamay qilinayotgan siyosatini ko‘rsatgan.

 Rossiya prezidenti Vladimir Putin. Skrinshot: Ruptly

«Yevropa neftgaz bozorida Amerika bosimi ostida va mutlaqo siyosiy sabablar bilan yangidan yangi sanksiyalar kiritmoqda. Bularning barchasi inflatsiyaga sabab bo‘ladi. G‘arbdagilar esa o‘z xatolarini tan olish o‘rniga, chetdan aybdor axtarishmoqda.

Ukraina atrofida ro‘y berayotgan voqealarning barchasi G‘arbning siyosati bilan bog‘liq. Yevropa davlatlari o‘z iqtisodiyotiga yetkazilayotgan ziyonga e’tibor bermasdan, Rossiya energiya resurslarini rad etish masalasini o‘rtaga qo‘yishmoqda», — degan Putin.

Energetika sohasida Yevropa davlatlarining siyosatini Putin «iqtisodiy xudkushlik» deb atagan.

«Rossiya Federatsiya kompaniyalari neft bozoridagi o‘zgarishlarni inobatga olishlari lozim, chunki avvalgidek biznes qilish ehtimoli past. Rossiya xorijiy davlatlarning neft sohasidagi o‘ylanmagan va chalkash qadamlarini o‘z foydasiga yo‘naltirishi kerak», — degan Putin.

Rossiya Mudofaa vazirligining maxsus vakili Igor Konashenkovning brifingida e’lon qilingan ma’lumotlar (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

  • Mariupolning «Azovstal» zavodida yashiringan «Azov» ultrao‘ng bataloni jangarilari va Ukraina qurolli kuchlari askarlari asirga tusha boshlagan. 265 kishi asirga olingan, ularning 51 nafari og‘ir jarohatlangan.
  • Lvov oblastiga yuqori aniqlikdagi raketalar bilan zarba berilishi oqibatida Ukraina zaxira qo‘shinlarining shaxsiy tarkibi va Donbassga jo‘natish uchun tayyorlab qo‘yilgan AQSh va Yevropa davlatlarining harbiy texnikasi va qurol-yarog‘lari yo‘q qilingan.
  • Yuqori aniqlikdagi raketalar bilan ikkita boshqaruv punkti, aloqa tuguni, 28 ta tirik kuch va harbiy texnika jamlanmasiga zarba berilgan. Zarbalar natijasida 470 dan ortiq askarlar yo‘q qilingan, 68 ta harbiy texnika ishdan chiqarilgan.
  • Tezkor taktik va armiya aviatsiyasi tomonidan 9 ta boshqaruv punkti, 93 ta tirik kuch va harbiy texnika jamlanmasi, shuningdek, uchta qurol-yarog‘ omboriga zarba berilgan.
  • Raketa qo‘shinlari va artilleriya tomonidan Ukraina QKning 6 ta boshqaruv punkti, 224 ta tirik kuch va harbiy texnika jamlanmasi, o‘t ochish pozitsiyalarida turgan 12 ta artilleriya va minomyot batareyalari, 4 ta BM-21 «Grad» birvarakayiga o‘t ochish raketa tizimlari va 2 ta havo nishonlarini axtarib topuvchi radiolokatsion stansiyalariga zarba berilgan.
  • Maxsus harbiy amaliyot boshidan buyon Ukrainaning 168 ta samolyoti, 125 ta vertolyoti, 912 ta pilotsiz uchar qurilmalari, 3134 ta tank va boshqa zirhlangan jangovar mashinalari, 385 ta birvarakayiga o‘t ochish raketa tizimi, 1542 ta dala artilleriyasi va minomyot qurollari, shuningdek 2983 ta maxsus harbiy avtomobil texnikasi yo‘q qilingan.

Ukrainaga ko‘mak

«Katta yettilik» davlatlarining moliya vazirlari Germaniyada payshanba kuni o‘tadigan uchrashuvda Kiyevga ko‘rsatiladigan moliyaviy yordam miqdorini muhokama etishadi, deb xabar bergan DPA agentligi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyev oyiga 5 mlrd yevrodan uch oy davomida 15 mlrd yevro yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.

Katta yettilik davlatlari bayroqlari. Foto: Depositphotos

Yevropa komissiyasi Ukrainani urushdan keyin tiklash bo‘yicha yuz milliardlab yevro mablag‘ tikiladigan «Ukrainani qayta qurish» strategik rejasini ishlab chiqqan. 18 may kuni tasdiqlanishi kutilayotgan sakkiz sahifali qarorning loyihasi Sueddeutsche Zeitung gazetasi ixtiyoriga kelib tushgan.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, Ukrainaning urush tufayli vayron bo‘lgan infratuzilmasini tiklashga 10 yil vaqt ketadi. Buning uchun Ukrainaning korrupsiyaga qarshi kurashish, hukumatning islohotlar o‘tkazishi kabi qat’iy kafolatlari ostida pul ajratiladi. Rejaga ko‘ra, islohotlar Ukrainani Yevropa Ittifoqiga yaqinlashtirib, unga a’zo bo‘lish uchun sharoitlarni yaratishi kerak.

Germaniyaning KfW davlat rivojlantirish banki Ukrainaga 15 yil muddatga 150 mln yevro imtiyozli mablag‘ ajratadi.

Polsha Ukrainaga harbiy yordam sifatida beriladigan 2 mlrd yevro mablag‘ni yetarli emas deb hisoblaydi, degan Polsha mudofaa vaziri Mariush Blashchak.

Sanksiyalar va Rossiyaning qarshi choralari

AQSh hukumati Rossiyani 25 maydan so‘ng obligatsiyalar bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatidan mahrum etmoqchi, deb xabar beradi Bloomberg o‘z manbalariga tayanib. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh moliya vazirligi RF suveren qarzining bir qismiga xizmat ko‘rsatish uchun to‘lovni aksilrossiya sanksiyalardan qutqarib qoluvchi bosh litsenziyaning amal qilish muddatini bekor qilmoqchi.

AQShda benzin narxi yangi rekordni o‘rnatdi. Amerika avtomobil assotsiatsiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, benzinning 1 galloni 4,5 dollarga yetgan. (1 gallon 3,785 litrga teng. Bu holda benzinning 1 litri 1,19 dollarga yetadi — tahr.).

Fransiyaning Engie energiya kompaniyasi Rossiya gazi uchun Yevrokomissiya tavsiyasi asosida yevroda haq to‘laydi, keyingi to‘lov may oyining oxirlarigacha o‘tkaziladi, degan kompaniya rahbari.

Italiyaning Eni kompaniyasi rasman Rossiya gazi uchun rublda to‘lov qilish uchun «Gazprombank»da ikkitali hisob raqam ochishini e’lon qildi.

Gasum kompaniyasi. Foto: Cision News

Finlandiyaning Gasum gaz kompaniyasi Rossiya gazi uchun rubldan to‘lov qilishni rad etdi.

Latviya Rossiya bilan imzolangan madaniyat sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi bitimni bekor qildi.

Rossiyada YouTube videoportalini yopish rejalashtirilmayapti, degan RFning raqamli rivojlanish, aloqa va ommaviy kommunikatsiyalar vaziri Maksut Shadayev.

Rossiya Boltiq dengizi davlatlari Kengashini tark etmoqda, deb bayonot bergan RF TIV.

Rossiya Federatsiyasi Iqtisodiy rivojlanish vazirligi hukumatga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ssenariysini taqdim etgan:

  • Rossiya YaIMining pasayishi 2022 yilda 7,8 foizni tashkil etadi, 2023 yilda 0,7 foizgacha sekinlashadi.
  • 2024–2025 yillarda YaIMning 3,2 va 2,6 foizlik o‘sishi kuzatiladi.
  • 2022 yilda inflatsiya 17,5 foiz darajasida bo‘lishi kutilmoqda va 2023 yilda u 6,1 foizgacha pasayadi.
  • 2022 yilda AQSh dollarining o‘rtacha yillik kursi 76,7 rubl darajasida bo‘ladi, yil oxirigacha 76 dollargacha o‘sadi.
  • 2022 yilda ishsizlik 6,7 foizni tashkil etadi, 2023 yilda — 6,6, 2024 yilda — 5,4, 2025 yilda — 4,5 foizgacha pasayadi.
  • Aholining real daromadlari 2022 yilda 6,8 foizga, real qiymatdagi maoshlar 3,8 foizga pasayadi.

Xalqaro hamjamiyatning munosabati

Finlandiya va Shvetsiya 18 may kuni NATOga a’zo bo‘lish uchun birgalikda ariza topshiradi. Bu haqda Stogholmda o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida Shvetsiya bosh vaziri Magdalena Andersson va Finlandiya prezidenti Sauli Niinistyo e’lon qilishgan.

Shvetsiya bosh vaziri Magdalena Andersson va Finlandiya prezidenti Sauli Niinistyo. Foto: Nord News

Turkiya qanday shartlar evaziga Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga to‘sqinlik qilmasligi ma’lum bo‘ldi. Bloomberg nashrining uch nafar turk mulozimlariga tayanib xabar qilishicha, Anqara boshqa ayrim narsalar qatorida Turkiyaning F-35 qiruvchi samolyotlari dasturiga qo‘shilishini va Rossiyadan S-400 raketalarini sotib olishga to‘sqinlik qilinmasligini talab qilmoqda.

AQShda gipertovushli raketa muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi, deb xabar bermoqda Reuters. Amerika harbiylarining ta’kidlashicha, sinovlar Kaliforniyada 14 may kuni o‘tkazilgan. Raketa B-52 bombardimonchi samolyotidan uchirilgan va tovush tezligidan besh karra ortiq tezlikka erishgan.

Rossiyaning Donbassni mahv etish bo‘yicha harakatlari avvalroq sodir bo‘lgan «Kiyev uchun jang» singari to‘xtab qolgan. O‘tgan bir oy ichida Rossiya qo‘shinlari aytarli natijalarga erisha olgani yo‘q, qaytaga ukrainlar ko‘proq muvaffaqiyat qozonishdi. O‘tgan davr ichida Ukraina QK Xarkov va Zaporojye ostonalarida bir nechta posyolkalar ustidan nazoratni qo‘llariga qaytarib olgan. «Maxsus amaliyot»ning depsinib qolishining bosh sabablari haqida Vox nashri shunday yozadi:

  • Rossiya nafaqat son jihatdan, hujum qilayotgan tomon sifatida strategik jihatdan ham dastlabki ustunlikni qo‘ldan boy berdi;
  • Ukrainaliklarning yuqori ma’naviy ruhi rossiyaliklarning past motivatsiyasi bilan kontrast qilmoqda;
  • Ruslarda logistika va hujum chizig‘ini ortdan qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq muammolar yuzaga keldi
  • G‘arbning ulkan yordami: Ukraina qurol-yarog‘ va qimmatli razvedka ma’lumotlarini uzluksiz olmoqda, Rossiya uchun sanksiyalar qayta qurollanishga xalaqit bermoqda;
  • Hujum uchun tashlangan kuchlar oldiga qo‘yilgan vazifa nomutanosib bo‘lgan.

Endi nima bo‘ladi? Vox bir nechta ssenariylarni sanagan, asosiysi — mojaro uzoq muddatli urushga aylanishi mumkin. Bunda mudom har ikki tomon hujumlar va qarshi hujumlarni amalga oshirib, hududlarni «qo‘ldan qo‘lga» o‘tkazib turadi.

Шуҳрат Шокиржонов
Muallif Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid