O‘zbekiston | 12:59 / 19.05.2022
5239
5 daqiqa o‘qiladi

“Hududgaz Andijon”: birinchi chorakda 1 milliondan ziyod gaz ballonlar og‘ir qoldiqdan tozalandi

Foto: KUN.UZ

Bugungi kunda andijonlik gaz iste’molchilarining 471 mingdan ortig‘ini suyultirilgan gaz iste’molchilari tashkil etmoqda. “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali tomonidan barcha iste’molchilarga bir maromda suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, yil boshidan beri aholiga 74 ming 75 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi.

Ma’lumki, sovuq ob-havo vaqtida suyultirilgan uglevodorodli gazning bir qismi og‘ir qoldiqqa aylanadi va yonuvchanligini yo‘qotadi. Shu bois undan foydalanish mumkin emas. Bugungi kunda “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filialining “Asaka”, “Shahrixon” hamda “Qo‘rg‘ontepa” gaz to‘ldirish shoxobchalarida og‘ir qoldiq to‘kish ishlari doimiy ravishda olib borilmoqda.

“Yoz kunlarida kuniga o‘rta hisobda 30–40 dona gaz ballonidan og‘ir qoldiqlarni to‘ksak, kuz-qish mavsumida bu son 100–120 donani, ba’zida 150 donani ham tashkil etadi, – deydi “Qo‘rg‘ontepa” gaz to‘ldirish shoxobchasining og‘ir qoldiq to‘kuvchi chilangari Muhammadali Mamasoliyev. – Og‘ir qoldiqni to‘kishda har bir to‘kilayotgan maishiy gaz balloni avval tarozidan o‘tkaziladi, og‘ir qoldiqdan bo‘shatilgach, yana tortilib, so‘ngra maxsus kitobga qayd etib boriladi”.

O‘tgan yil davomida “Asaka” gaz to‘ldirish shoxobchasida 432 ming 665 dona maishiy gaz ballonlaridan 22.34 tonna og‘ir qoldiq to‘kib olingan bo‘lib, shundan 21.57 tonnasi utilizatsiya qilingan.  “Qo‘rg‘ontepa” gaz to‘ldirish shoxobchasida 2021 yilda 793 ming 842 dona ballondan 43.18 tonna og‘ir qoldiq to‘kilganini ko‘rsatmoqda. “Shahrixon” Gshda esa o‘tgan yil davomida 480 mingga yaqin maishiy gaz ballonga suyultirilgan gaz to‘ldirildi. Shundan 464 ming 879 donasida og‘ir qoldiqlar borligi aniqlangan. To‘kilgan qoldiq miqdori 33.4 tonnani tashkil etib, shundan 31.36 tonnasini utilizatsiya qilishga erishildi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali “Shirin gaz servis” va “Poytug‘” gaz to‘ldirish stansiyalari xizmatidan foydalanadi va u yerda ham har bir maishiy gaz ballondan og‘ir qoldiq to‘kilishi nazoratga olingan.  O‘tgan 2021 yilda viloyat bo‘yicha 3 million 431 mingdan ortiq maishiy gaz ballonlardan og‘ir qoldiq to‘kib olingan bo‘lsa, joriy yilning 1-choragida 1 million 154 ming 692 dona ballon og‘ir qoldiqdan bo‘shatilgan.

“To‘kib olingan og‘ir qoldiqlar birja orqali savdoga qo‘yilib, samarali foydalanilmoqda, – deya ma’lumot berdi “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filialining suyultirilgan gaz bo‘yicha o‘rinbosari Zafarbek Qahhorov. – Natija esa gaz to‘ldirish shoxobchalarini yanada mukammallashtirish, ishchi-xodimlarga sharoit yaratishga yo‘naltirilgan...”

Maishiy gaz ballondan foydalanishda uning yaroqlilik davri mavjud bo‘lib, maishiy gaz ballonlari birinchi marta 5 yilga, keyin esa uch yilga sinovdan o‘tkaziladi. Hozirda, har bir Gsh qoshida maxsus sinov sexlari mavjud bo‘lib, o‘tgan yilda 16 894 dona maishiy gaz ballonlari sinovdan o‘tkazilgan. 2022 yil 1-choragida esa mutaxassislar tomonidan 6 mingdan ortiq maishiy gaz ballonlari sinaldi.

– Sinovdan o‘tkazishdan oldin maishiy gaz balloni og‘ir qoldiqdan bo‘shatilib, maxsus uskunaga o‘rnatiladi. So‘ngra ballon suv bilan to‘ldiriladi. Maishiy gaz ballon 25 kg bosim ostida 7–10 daqiqa sinaladi. Bosim ostida sinash vaqtida maishiy gaz ballon holati ko‘zdan kechiriladi. Agar ballonda suv sizib chiqishi, ishish holati sezilsa, ushbu ballon yaroqsiz hisoblanadi va utilizatsiya qilinadi. Sinovdan o‘tgan ballonlarga tepa qismidagi maxsus yorliqqa sinov muddati muhrlanadi. Barcha ish yakuniga yetgach, ularni bo‘yoqlab, so‘ng foydalanish uchun topshiryapmiz, – deya o‘rtoqlashdi “Asaka” Gshning sinovchi mutaxassisi Hayotbek Tojibayev.

Shu o‘rinda iste’molchilarga alohida ta’kidlashni istardikki, suyultirilgan gaz ballonida hosil bo‘luvchi og‘ir qoldiqni o‘zboshimchalik bilan to‘kish mumkin emas, uni to‘kib oluvchi maxsus joylar va uskunalar bor. Og‘ir qoldiqni to‘kmang va hayotingizni xavf ostiga qo‘ymang.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid