O‘zbekiston | 07:37 / 21.05.2022
6454
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Orolbo‘yida ko‘llar va suv-botqoqli yerlardan samarali foydalanish bo‘yicha loyihani amalga oshiradi

Foto: tourweek.ru

Vazirlar Mahkamasining “BMT Taraqqiyot dasturi va Global ekologik jamg‘arma ishtirokida Orolbo‘yi mintaqasida ko‘llar va suv-botqoqli yerlardan samarali foydalanish bo‘yicha loyihani amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Quyidagilar:

  • “Orol dengizi havzasi landshaftining tanazzul yerlarida barqaror hayotni ta’minlashni qo‘llab-quvvatlaydigan asos sifatida ko‘llar, suv-botqoq yerlari va qirg‘oqbo‘yi hududlarini saqlash hamda boshqarish” loyihasini moliyalashtirish uchun Global ekologik jamg‘arma (GEJ) tomonidan 5 yil muddatga 3 552 968 AQSh dollari miqdorida grant mablag‘i ajratilishi to‘g‘risidagi qaror 2021 yil 1 oktyabrda GEJ rahbariyati tomonidan ma’qullangan;
  • BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan loyiha uchun 270 000 AQSh dollari miqdorida grant mablag‘ini ajratilishi ma’qullangan, shuningdek loyihani amalga oshirish davrida BMTTD mas’ul ijro etuvchi organ hamkori sifatida faoliyat ko‘rsatadi;
  • Ekologiya qo‘mitasi va BMTTDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasida 2021 yil 1 aprel kuni loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuv xati, shuningdek loyihaning asosiy hujjati 2021 yil 22 dekabrda imzolangan;
  • loyiha Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq va Amudaryo tumanlarida, Buxoro viloyatining Qorako‘l va Olot tumanlarida amalga oshiriladi;
  • loyihani amalga oshirish davri 5 yilni (2022–2026 yillar) tashkil etishi ma’lumot uchun qabul qilinadi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi loyihani o‘z vaqtida amalga oshirish va muvofiqlashtirish, shuningdek, BMTTD va GEJning grant mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish bo‘yicha O‘zbekiston hukumati tomonidan mas’ul ijro etuvchi organ hisoblanadi.

Loyihani amalga oshirish O‘zbekiston hukumati va BMTTD o‘rtasida imzolangan bitimga (1993 yil 10 iyun) muvofiq milliy mexanizmga asoslanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid