So‘nggi qo‘ng‘iroqdan so‘ng. Bitiruvchilar kasb tanlashda nimalarni hisobga olishi muhim?
Maktablarni 390 mingdan ortiq o‘quvchi tugatyapti. Hozir ularning oldidagi eng katta tanlov kelajakda kim bo‘lishlarini hal qilishdan iborat.
25 may – maktab o‘quvchilari uchun oxirgi o‘qish kuni. Bu yil o‘rta ta’limni 390 mingdan ziyod bitiruvchi tugatishi kutilyapti. Ularning oldidagi eng asosiy tanlov – kasb tanlash. Bu qaror shunchalik muhimki, kelajakda o‘zlarini ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan rag‘batlantiradigan asosiy manbalardan biri bo‘ladi.
Abituriyentlar kasb tanlashda nimani hisobga olyapti?
Kasb tanlashda har tomonlama o‘ylab ko‘rish talab etiladi. Bu tanlovni qilayotgan yoshlarning o‘zi nimalarni hisobga olishayotganini bilish maqsadida “Abituriyentlar” Telegram-kanalida so‘rovnoma o‘tkazib ko‘rdik.
“Siz o‘zingiz hujjat topshirmoqchi bo‘lgan OTM va yo‘nalishni tanlashda nimaga ahamiyat beryapsiz?” degan so‘rovnomamizda 20,5 ming nafar respondent qatnashdi. Ularning 41 foizi o‘z qiziqishlariga, 20 foizi tanlayotgan sohasining daromadli ekaniga, 7 foizi ota-onasining fikriga qarab kasb tanlayotganini bildirishgan.
Ota-onalarga esa Facebook'da “Kasb tanlashda farzandingiz o‘zi qaror qabul qilyaptimi yoki siz yo‘nalish berasizmi?” degan savol bilan murojaat qildik. Savolga javob bergan aksar ota-onalar bolalarining fikrini hisobga olishini bildirgan, faqat ba’zilar bolalar o‘zlari mustaqil qaror qila olmasligi, hali nima foydali ekanini to‘la tushunmasligi, shuning uchun ota-onalar ularga tanlov qilishda yordam berishlari zarurligini aytishgan.
Ba’zi ota-onalar esa farzandi hali juda kichik yoshda ekani, lekin uning harbiy yoki shifokor bo‘lishini istashini, bolalarini hozirdan ko‘proq shu kasblarga qiziqtirmoqchi ekanini bildirishgan.
Qanday qilib kasbni noto‘g‘ri tanlab qo‘yish mumkin?
Tanlov qarshisida turgan yoshlar va ularning ota-onalari ko‘proq nimalarni hisobga olishlari lozimligi haqida psixolog Rozaliya Gabdulhaqovaning fikrlari bilan qiziqdik. U kasb tanlashdagi asosiy muammolarni sanab o‘tdi.
- Bugungi kunda ommalashayotgan zamonaviy kasblar haqida yetarli ma’lumotga ega bo‘lmaslik,
- bolalarning o‘zlari emas, ularning ota-onalari kasb tanlashi
Zamon tez rivojlanmoqda. Farzandidan bir necha 10 yil oldin tug‘ilgan ota-ona hozir talab etilayotgan kasblar va qobiliyatlarni to‘la baholay olmasligi, zamonaviy kasblarni mutaxassislik sifatida ko‘rmasligi mumkin.
- Oylik maoshga asosiy urg‘u berish
Noto‘g‘ri kasb tanlashga yana bir sabab tanlov qilayotganda bo‘lajak sohasida qancha maosh olishi mumkinligiga urg‘u berishdan iborat. Buning natijasida ota-ona asosiy qarorni chiqaradi, bolalarning qobiliyati inobatga olinmaydi. Lekin qaysidir kasbda ishlash uchun insonning psixologik qobiliyati ham bo‘lishi kerak.
Masalan, matematikani yaxshi bilgan bola matematika o‘qituvchisi bo‘lishi yoki hisobchi bo‘lishi mumkin. Ikkala kasbga 2 xil qobiliyat kerak. O‘qituvchi bo‘lish uchun bolada muloqot va tushuntira olish qobiliyati bo‘lishi kerak bo‘lsa, hisobchilar ko‘proq introvert bo‘lishadi. Aynan shu nuqtayi nazardan qaysidir fanni bilishdan tashqari bolaning alohida qobiliyatlarini hisobga olish kerak.
- OTMga kirish imkoniyati kamligi va bu borada raqobat kuchliligi
Hammada ham talaba bo‘lish imkoni yo‘qligi sababli ba’zilar talaba bo‘lish istagida balli pastroq bo‘ladigan yo‘nalishlarga o‘qishga kiradi va balki keyinchalik umuman ishlatilmaydigan diplomni olishadi.
To‘g‘ri kasb tanlash nega muhim?
“Hayotning ma’lum qismi uyqu bilan o‘tsa, yana ma’lum asosiy qismi kasbga bog‘liq faoliyat bilan o‘tadi. Odam xohlamagan ishni qilish bilan umrini o‘tkazsa, o‘zi baxtli hayot kechira olmaydi.
Masalan, jamiyatdagi boshqaruv ishlariga ko‘pchilik intiladi, biroq hammada ham bunday qobiliyat bo‘lmaydi. Qobiliyatsiz odam boshqaruv sohasiga kelib qolsa, o‘z hayotini murakkablashtirishdan tashqari jamiyatga ham zarar keltirishi mumkin”, deydi psixolog Rozaliya Gabdulhaqova.
Diplom – hal qiluvchi emas
Hozirgi zamon mehnat bozori sifatli kadrlarga ehtiyoj sezmoqda. Aksar holatlarda uning qaysi OTMni tamomlaganidan ko‘ra qobiliyati ko‘proq hisobga olinmoqda.
Qolaversa, hech qaysi OTMda o‘qimasdan turib ham nufuzli kompaniyada ishlayotgan, biznes boshlagan yoshlar yetarlicha. Ularga turli o‘quv kurslarining o‘zi ham yetarli bo‘lgan.
O‘tgan yili Kun.uz bilan suhbatda Asaxiy.uz loyihasi asoschisi Firuz Allayev xuddi shu haqda fikr bildirgan edi. Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, ma’lum kasblar, masalan, yurist yoki shifokor bo‘lish uchun, albatta, oliy ta’lim olish muhim, lekin hozir ommalashayotgan zamonaviy kasblar uchun diplomga ehtiyoj qolmagan.
“Bizda 18 yoshli bola maktabni bitirgandan so‘ng unga yo o‘qishga kir yoki oilali bo‘lib, biror joyga kirib ishlab pul top, degan bosimlar boshlanadi. Natijada o‘qishga kirmagan bola katta hayotga tez kirishga majbur bo‘ladi. Oliy ta’limda o‘qiyotgan talabada esa o‘z ustida ishlash uchun 4 yil vaqt bo‘ladi. Shuning uchun dasturchi bo‘lishni xohlagan yosh ham oliy ta’limga kirishi va o‘ziga kerakli malakani boshqa joyda bo‘lsa ham o‘rganishga harakat qilishi mumkin”, degandi Firuz Allayev.
Haqiqatan ham, aksar holatlarda shunday bo‘ladi. Masalan, “Mikrofon – qizlarda” loyihasi uchun intervyu bergan Rayhona Isroilova maktabni tugatayotganda ota-onasi o‘qishga kirmasa, o‘qimasa, turmushga berib yuborishlarini qat’iy shart qilib qo‘yganini aytgandi.
Oliy ta’limga kirmagan yoshlarning hayotda o‘rnini topishi, o‘z ustida ishlashi uchun imkon kamroqdek tuyulishi mumkin, lekin talaba bo‘lish bu yil bitiruvchilarning atigi 38 foiziga nasib qiladi. Unutmaslik kerakki, talabalikka erishishning o‘zi ham eng yaxshi tanlov bo‘lmasligi mumkin.
Dunyoda eng zamonaviy kasblar sifatida e’tirof etilayotgan mutaxassisliklar ro‘yxatiga nazar tashlab, ular orasidan oliy ma’lumot olish shart bo‘lganlarini topa olmadik:
- sun’iy intellekt mutaxassisligi;
- data science – katta ma’lumotlar ilmi bo‘yicha mutaxassis;
- robot muhandisligi;
- Full Stack Engineer – dasturiy ta’minot bo‘yicha yuqori malakali muhandis;
- Cloud Engineer – IT sohasiga oid mutaxassislik;
- savdoni rivojlantirish bo‘yicha mutaxassis;
- kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassis;
- xulq-atvor salomatligi bo‘yicha mutaxassis;
- mijozlar bilan ishlash bo‘yicha mutaxassis;
- JavaScript dasturchisi.
Demak, eng yaxshi tanlov – qobiliyat va imkoniyatlarni hisobga olib qilinadigan tanlovdir. Unga erishish uchun olib boradigan yo‘l xoh onlayn, oflayn kurslar, xoh 4 yillik oliy ta’lim bilan bo‘lsin, o‘z-o‘zingizniki bo‘la olishini his qilish – eng muhimi.
Zilola G‘aybullayeva tayyorladi.
Mavzuga oid
15:32 / 22.11.2024
Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlar davlat fuqarolik xizmatiga tanlovsiz qabul qilinadi
15:18 / 13.11.2024
O‘zbekiston ingliz tili savodxonligi reytingida 98-o‘ringa tushdi
21:51 / 29.07.2024
Farg‘onada “Mirzo Ulug‘bek vorislari”ga va’da qilingan mukofot pullari berilmadi, nega?
21:39 / 26.07.2024