O‘zbekiston | 20:39 / 01.06.2022
29971
4 daqiqa o‘qiladi

Birjada ilk marta un bo‘yicha ochiq savdo o‘tkazildi

Birinchi kunda “O‘zdonmahsulot” korxonalari 10 ming tonna 1-navli unni savdoga qo‘ydi, shundan 83 foizi sotildi. O‘rtacha narx – tonnasiga 4,5 mln so‘m. Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, bugun birjada shakllangan narxdagi undan qolipli non ishlab chiqarish va uni do‘konlarga yetkazib berishning tannarxi o‘rtacha 2550 so‘mga tushadi.

Foto: Kun.uz

Bugun, 1 iyun kuni Respublika tovar-xomashyo birjasida un bo‘yicha dastlabki ochiq birja savdolari o‘tkazildi.

Birja xabariga ko‘ra, “O‘zdonmahsulot” AJ tarkibidagi 44 ta korxona tomonidan bugungi birja savdolariga 10,0 ming tonna 1-navli un qo‘yilgan va ulardan 8,3 ming tonnasi, ya’ni 83 foizi sotilgan.

“Birja savdolarida sotilmagan qoldiq unning hajmi qariyb 1,7 ming tonnani tashkil etdi. Ya’ni birjaning un bozorida taklif yetarli darajada bo‘ldi”, deyiladi xabarda.

O‘tkazilgan birja savdo yakunlariga ko‘ra, 1-navli unning o‘rtacha narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 4 mln 497,8 ming so‘mni tashkil qilgan. Birjada un bo‘yicha shakllangan kotirovka uning boshlang‘ich narxi (4 241,9 ming so‘m)ga nisbatan 6 foizga o‘sgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, un bo‘yicha o‘tkazilgan birja savdolarida jami 2 822 ta xaridor ishtirok etgan bo‘lib, ulardan 56 tasi Toshkentda non ishlab chiqaruvchi korxonalar hisoblanadi. Bu korxonalar birjada jami 874 tonna 1-navli un sotib olgan.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, mutaxassislar bugungi shakllangan narxlardan kelib chiqib, un narxi kilosi 4291 so‘m bo‘lganda, qolipli non tannarxini ham hisoblab chiqishgan.

Unga ko‘ra, 1 iyun kungi narxlarga chaqilganda bitta buxanka ishlab chiqarish va uni do‘konlarga yetkazib berishning tannarxi o‘rtacha 2 550 so‘mga tushmoqda.

Bu narxning ichida un 1641 so‘m, 4 so‘mlik tuz, 18 so‘mlik o‘simlik yog‘i, 38 so‘mlik achitqi, 37 so‘m un tashish xarajatlariga to‘g‘ri keladi. Qolgani – nonni pishirish uchun gaz, elektr sarfi, ishchilarga to‘lanadigan ish haqi, nonni savdo do‘koniga yetkazib berish xarajatlari, soliqlar va korxona foyda normasi.

“E’tibor bering, bu o‘rtacha shartli hisob-kitoblar. Non kombinatlarida texnologiyasi va energiya tejamkorligi kabi omillar hisobiga tannarx balandroq yoki pastroq bo‘lishi mumkin.

Bugun birja platformalarida sotuv hajmi paydo bo‘lishi bilan ulgurji un sotuvchilarda ham un taklifi keskin ko‘paygan”, – dedi Bakirov.

Eslatib o‘tamiz, bugundan hukumat qolipli non narxini erkin bozorga qo‘yib yubormoqda. G‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tilyapti.

May oyida bu haqda e’lon qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev narx-navo barqarorligini ta’minlashning yagona to‘g‘ri yo‘li – fermerlar manfaatdorligini ta’minlash, hosildorlikni oshirish orqali bozorda taklifni ko‘paytirish ekanini ta’kidlagandi.

Avvalgi yillarda yetishtirgan bug‘doyi uchun fermerlarga davlat to‘lagan narxlar ko‘plab holatlarda ularning hatto xarajatlarini ham qoplamagan. Davlatga don topshirish rejasini bajarganiga qaramay, ortiqcha yetishtirilgan bug‘doy majburan tortib olinishi butun respublikada odatiy holga aylangan edi.

Hosil uchun bozor narxida to‘lov qilinishi shu kabi holatlarga ham chek qo‘yishi, dehqon ortiqcha yetishtirgan g‘allasini ham ixtiyoriy ravishda birjaga chiqarishdan manfaatdor bo‘lishi aytilmoqda.

Mavzuga oid