O‘zbekiston | 11:51 / 03.06.2022
17175
3 daqiqa o‘qiladi

Eksportchi va investorlar bilan ishlashda kamchilikka yo‘l qo‘ygan ikki nafar hokim o‘rinbosari ishdan olindi

Bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umrzoqov rahbarligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda eksportchi va investorlarni qo‘llab-quvvatlashda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun Bo‘zatov tumani va Zarafshon shahri hokimlarining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari ishdan olindi, 19 nafar hokim o‘rinbosariga hayfsan e’lon qilindi, Shumanay, Chortoq va Konimex tumanlari hokimlarining o‘rinbosarlariga 3 oylik sinov muddati berildi.

Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov rahbarligida videokonferensiya tarzida mamlakatning investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyatining joriy ko‘rsatkichlari hamda ularni oshirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlarni muhokama qilishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, joriy yilning birinchi 5 oyi yakunlari bo‘yicha o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichlardan 42 foizga oshgan. Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlillar ayrim tarmoq va hududlarda investitsiya loyihalarini hayotga joriy etish bilan bog‘liq bir qator muammolar mavjudligini ko‘rsatib bergan.

“Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha eksportchi va investorlarni qo‘llab-quvvatlashda yo‘l qo‘yilgan qoloqlik va kamchiliklar uchun intizomiy choralar ko‘rildi. Xususan, Bo‘zatov tumani va Zarafshon shahri hokimlarining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari o‘z lavozimlaridan ozod etildi.

Investitsiya loyihalari tashabbuskorlarini o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlamagani natijasida 32 ta investitsiya loyihasi muddatida ishga tushirilmagani hamda 395ta yangi ish o‘rinlari kechiktirib yaratilgani uchun 19 nafar hokim o‘rinbosariga hayfsan e’lon qilindi.

Bundan tashqari, Shumanay, Chortoq va Konimex tumanlari hokimlarining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlariga ishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tuzatish uchun 3 oylik sinov muddati belgilandi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Mavzuga oid