O‘zbekiston | 07:44 / 04.06.2022
10168
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar hokimligi atrofi betonlangan daraxtlar haqida xabar berishni so‘radi

Toshkent shahar hokimligi agar daraxtlar atrofi zich qilib betonlangani yoki asfalt yotqizilayotgani kuzatilsa, “Xalq nazorati” xizmatiga xabar berishni so‘radi.

Foto: ekologuz

Qayd etilishicha, zich qilib betonlash yoki daraxt tanasiga yaqin qilib asfalt yotqizish sug‘orish, tuproqning nafas olishi va daraxt o‘sishi uchun joy qoldirmaydi. 

“Ammo birgalikda biz daraxtlarni saqlab qolishimiz va beparvo quruvchilarning harakatlaridan zararni bartaraf etishimiz mumkin.

Sizlarni faol harakatga va befarq bo‘lmaslikka chaqiramiz: agar daraxtlar atrofi zich qilib betonlangani yoki asfalt yotqizilayotganini ko‘rsangiz, “Xalq nazorati” xizmatining maxsus bo‘limiga xabar bering. U daraxtni betonlash haqidagi ma’lumotlarni maqsadli qayta ishlash uchun yaratilgan va to‘g‘ridan to‘g‘ri ijrochilar bilan tezda bog‘lanishga yordam beradi.

“Xalq nazorati” → “Jamoat joyi” → “Ekologiya” bo‘limi → “Betonlangan daraxt tanasi” bandini tanlang”, deyiladi ma’lumotda.

Bildirilishicha, daraxtlar bilan bog‘liq muammolar haqida 268 ta xabarning 66 tasi betonlash bog‘liq. 61 ta daraxt betondan ozod qilingan, qolgan 5 tasida ish jarayoni ketmoqda va nazorat ostida (31 may holatiga ko‘ra).

Hokimlik bunday muammolar haqida xabar beruvchi, ular bartaraf etilganidan keyin betondan ozod qilingan daraxtlar fotosuratlarini e’lon qiluvchi Telegram kanallarga minnatdorchilik bildirgan. Yechim yanada tezroq bo‘lishi uchun esa, foydalanuvchilardan to‘g‘ridan to‘g‘ri “Xalq nazorati”ga murojaat qilish so‘ralgan.

Ma’lumot uchun, “Xalq nazorati” xizmati poytaxt aholisi va Toshkent shahridagi shahar xizmatlari xodimlarining samarali hamkorligi uchun interaktiv xizmatdir. Xizmat 2021 yil 16 fevralda ishga tushirilgandan buyon 9222 nafar foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning murojaatlari bo‘yicha 8377 ta muammo bartaraf etilgan. Murojaatlarning aksariyati uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasiga tegishli.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid