Jahon | 08:16 / 06.06.2022
31885
10 daqiqa o‘qiladi

Ukrainadagi urush: tomonlarning bayonotlari, dunyo munosabati, yordam va sanksiyalar

Rossiya armiyasining Ukrainaga bostirib kirishi bilan bog‘liq voqea-hodisalarga oid so‘nggi rasmiy xabarlar va yangiliklarning ertalabki qisqacha sharhi bilan tanishing.

Ukraina tomonining bayonotlari

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘zining odatiy tungi videomurojaatini juda qisqa qildi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. Foto: president.gov.ua

«Tungi murojaat. Qisqacha. Tugamas sutkalar. Bizda ishonch bor. Ishonch va qat’iyat. Uchrashgan har bir insonimdan faxrlanaman, Ukrainaga shon-sharaflar!» degan Zelenskiy.

Kiyev meri Vitaliy Klichko Ukraina poytaxtiga berilgan raketa zarbalari oqibatlari haqida xabar berdi.

«Do‘stlar! Poytaxtning Darnitsk va Dnepr rayonlariga ertalab berilgan raketa zarbalari haqida to‘xtalmoqchiman. Ayni paytda infratuzilma obektlariga berilgan zarbalar natijasida qurbonlar yo‘q. Jabrlangan bir kishi shifoxonaga yotqizilgan. Hujumga duchor bo‘lgan joylarda xizmatlar hali ishlashda davom etishmoqda», — deb yozgan Klichko.

Ukraina qurolli kuchlari birlashgan operatsiyasi o‘tgan sutka ichida erishilgan natijalar haqida quyidagicha ma’lumot bermoqda (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

  • Janglar 2 ta yo‘nalishda davom etmoqda va dushmanning 7 ta hujumi muvaffaqiyatli bartaraf etilgan.
  • 4 ta tank, 3 ta artilleriya tizimi, 8 ta harbiy zirhli texnika, 3 ta transport vositasi yo‘q qilingan.
  • Havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari Donbass osmonida Ka-52 harbiy vertolyoti va pilotsiz uchar qurilmani urib tushirgan.
  • O‘tgan hafta ichida Birlashgan qurolli kuchlar harbiylari dushmanning 56 ta hujumini bartaraf etgan. Janglarda 18 ta tank, 34 ta artilleriya tizimlari, 48 birlikdagi jangovar zirhli texnika, 3 ta maxsus zirhli texnika va 44 ta birlikda avtomobil texnikasi yo‘q qilingan. Havo hujumidan mudofaa tizimlari dushmanning 2 ta ko‘pmaqsadli Ka-52 vertolyotlari, ikkita qanotli raketasi va 16 ta pilotsiz uchar qurilmalarini urib tushirgan.

«Sxid» («Sharq») tezkor-taktik guruhining ma’lumotlariga ko‘ra, dushman qo‘shinlarining talafoti 43 nafarni tashkil etgan.

 Rossiya tomonining bayonotlari

Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Rossiya-1» telekanaliga bergan intervyusida AQSh tomonidan Ukrainaga birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimlarini yetkazib berish jang maydonida hech narsani hal qilmasligini ta’kidlagan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin. Kremlin.ru

«Qo‘shimcha qurol-yarog‘lar yetkazib berish atrofidagi gap-so‘zlardan, fikrimcha, faqat bir maqsad ko‘zlangan — imkon qadar qurolli mojaroni cho‘zish. Agar uzoqni mo‘ljalga oluvchi raketalar yetkazib berila boshlasa, biz kerakli xulosani chiqaramiz va o‘zimizning yo‘q qiluvchi vositalarimizni ishga solamiz, hozircha hujum qilmayotgan obektlarga zarba berish uchun ularning soni bizda yetarli», – degan Putin.

Serbiya atrofidagi davlatlar Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrovning samolyoti uchun o‘z osmonini yopgan. RF TIV maxsus vakili Mariya Zaxarova bu haqda shunday degan:

«Bugunga kelib, bir soat oldin Serbiyani o‘rab turgan davlatlar Belgradga muzokaralar uchun yo‘l olgan Sergey Lavrovning reysiga uchib o‘tishni taqiqlab, aloqa kanalini uzib qo‘yishdi. Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zo davlatlar havo hududini yopib, navbatdagi aloqa kanalini uzishgan».

Rossiya Mudofaa vazirligining maxsus vakili Igor Konashenkovning brifingida e’lon qilingan ma’lumotlar (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

  • Rossiya harbiy kosmik kuchlari yuqori aniqlikdagi raketalar bilan Kiyev ostonasida Sharqiy Yevropa davlatlari tomonidan yuborilgan T-72 tanklari va boshqa zirhli texnikalarni yo‘q qilgan.
  • Odessa yaqinida havo hujumidan mudofaa vositalari bilan Ukraina harbiy havo kuchlarining qurol-aslahalar ortgan An-26 harbiy-transport samolyoti urib tushirilgan.
  • Kramatorsk, Drujkovka va Chasov Yarda Ukraina harbiy texnikasini ta’mirlashga ixtisoslashgan zavod sexlari nishonga olingan.
  • RF qurolli kuchlari raketachilari va artilleriyachilari Ukrainaning 46 ta qo‘mondonlik boshqaruv punkti, 500 ga yaqin tirik kuch va harbiy texnika jamlanmasiga zarba bergan.
  • RF aviatsiyasi Slovyansk hududida havo jangida Ukraina HHKning MiG-29 samolyotini urib tushirgan.
  • RF havo hujumidan mudofaa tizimlari Ukrainaning 10ta pilotsiz uchar qurilmasi, jumladan, Xarkov yaqinida «Bayraktar TB-2» dronini urib tushirgan.

Ukrainaga ko‘mak

Germaniya kansleri Olaf Shols og‘ir qurol-yarog‘larsiz o‘zini himoya qilishga qodir bo‘lmagan Ukraina uchun «juda kam va juda kech harakat qilayotgani» uchun nemis jamiyati va o‘z partiyasi ichida tanqidlar ostida qolgan. Muxolifat federal hukumat qurol-yarog‘larni yuborishni ataylab to‘xtatmoqda, deb hisoblamoqda.

Germaniya kansleri Olaf Shols. Foto: Telegraph

«Germaniya o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarni bajarmayapti va kuniga ko‘p miqdorda odamlar o‘lmoqda»,degan XDI yetakchisi Fridrix Mers ZDF kanaliga bergan intervyusida.

Sanksiyalar va Rossiyaning qarshi choralari

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich Lavrovning tashrifi logistikasi bilan shaxsan shug‘ullanishga majbur, degan mamlakat bosh vaziri Anna Brnabich.

«Dunyo Rossiya vazirining so‘zlarini eshitishni istaydi, lekin tashqi siyosatda davr shundayki, «hech kim hech kim bilan gaplashmoqchi emas, boz ustiga eshitmoqchi ham emas»,degan Brnabich.

AQSh Ukrainadan g‘alla eksporti bitimi doirasida Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatmaydi. Politico nashrining xabariga ko‘ra, amerikalik mulozimlardan biri Vashington «Kremlga qarshi qandaydir iqtisodiy bosim yumshatiladigan» bitimga rozi bo‘lmaydi.

Fransiya moliya vaziri Bryuno Le Mer uning mamlakati Rossiya nefti evaziga BAA bilan muzokaralar olib borayotganini ma’lum qilgan.

Fransiya moliya vaziri Bryuno Le Mer. Foto: InternationalWealth.info

AQSh davlat departamenti Italiyaning Eni va Ispaniyaning Repsol energetika kompaniyalariga Karakasga qo‘llanilgan moliyaviy sanksiyalarga qaramasdan, Venesueladan Yevropaga kichik hajmda neft yetkazib berishiga ruxsat berdi. AQSh tomonidan qo‘yilgan bosh shart — neft faqat Yevropada sotilishi lozim.

Xalqaro hamjamiyatning munosabati

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Ukrainadagi harbiy mojaro tufayli Yevropada vahima kuzatilayotganini ta’kidlagan.

«Bizning mamlakatimiz 11 yildirki Suriyadan kelayotgan nolegal migratsiyani muvaffaqiyatli bartaraf etib turgan bir paytda rus-ukraina tanazzuli tufayli Yevropada vahimani kuzatmoqdamiz. Jahon bu kritik davrdan imkon qadar tezroq xalos bo‘lishi uchun duodamiz», — degan u.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an. Foto: A3 Haber

Erdo‘g‘an Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga a’zo bo‘lishi borasida Turkiya pozitsiyasi o‘zgarmas ekanini ham ta’kidlagan. Unga ko‘ra, G‘arb tomonidan yaratilgan o‘z xavfsizligini ta’minlash tizimi vayron bo‘lmoqda. Shu sababli G‘arb davlatlari Turkiyaning BMT Xavfsizlik Kengashini isloh qilish borasidagi g‘oyasiga qo‘shila boshlashgan.

Vengriya parlamenti spikeri Laslo Kyoverning fikricha, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyda ruhiy muammolar bor, uning xorijiy yetakchilarga tashlanib qolishi aynan shu bilan tushuntiriladi. Hir TV telekanaliga bergan intervyusida Kyover boshqa davlatlar rahbarlari o‘z hamkasblariga nisbatan bunday ohangda gaplashishiga aslo yo‘l qo‘yishmasligini ta’kidladi.

Ukraina TIV Laslo Kyoverning so‘zlariga darhol javob qaytardi va uning o‘ziga ruhiy holati haqida tibbiy ma’lumotnoma taqdim etishini taklif qilgan.

Yevropa Ittifoqi jahondagi g‘alla yetishmovchiligi yuzasidan bor mas’uliyatni to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya zimmasiga yuklamoqda.

Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrelning ta’kidlashicha YeI sanksiyalari Rossiyaning urushni davom ettirish qobiliyatiga ta’sir o‘tkazadi, g‘alla va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportiga emas. Rossiya tomonidan Ukraina bandargohlarining blokada etilishi g‘alla va makkajo‘xori donlari eksportiga ta’sir qilmoqda, degan u.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Ukrainadagi mojaroning yechimi Putin bilan do‘stlashishda ekanini aytgan.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron. Foto: La Dépêche

Makron YeIning RFga nisbatan joriy etilgan 6-sanksiyalar paketini sharhlar ekan, Rossiyani tahqirlashda davom etilaversa, vaziyatdan chiqish yo‘li topilmasligini aytgan.

«Biz harbiy harakatlar to‘xtatilgach, diplomatik yechimlar orqali chiqish yo‘lini topishimiz uchun Rossiyani tahqirlamasligimiz lozim», — degan Makron.

2021 yil dekabridan buyon u Putin bilan juda ko‘p muzokara olib borgani, bu muzokaralar Zelenskiyning iltimosiga ko‘ra olib borilgani va barchasi shaffof bo‘lganini aytgan.

«Men Rossiya prezidenti Vladimir Putinga u o‘z xalqiga, o‘ziga va tarixga nisbatan tarixiy va fundamental xatoga yo‘l qo‘yayotganini aytdim», — degan Makron.

Шуҳрат Шокиржонов
Muallif Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid