Jahon | 21:37 / 09.06.2022
43687
11 daqiqa o‘qiladi

«DXR»da ikki britaniyalik va bir marokashlik o‘limga hukm qilindi. Ular Ukraina tomonida turib jang qilgan

Rossiyaparast ayirmachi kuchlar tomonidan nazorat qilinayotgan Donetskda Ukraina qurolli kuchlari safida jang qilib, Mariupolda asirga tushgan ikki britaniyalik va bir nafar marokashlik sud qilindi. Ularning uchalasi ham o‘lim jazosiga mahkum etildi. Ular bu jazodan qutulib qolishi mumkinmi?

Supreme Court of Donetsk People's Republic via Reuters

«Hokimiyatni egallab olishga urinish» uchun

O‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk xalq respublikasi sudi britaniyalik Shon Pinner va Eyden Aslin, shuningdek Marokash fuqarosi Saadun Ibrohimni DXRda hokimiyatni kuch bilan egallab olishga urinish, terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida tayyorgarlikdan o‘tishda aybdor deb topdi.

Ularning uchalasi ham - Rossiya bosqinidan oldinroq shartnoma imzolagan Ukraina qurolli kuchlari harbiylaridir. Ularning uchalasiga ham o‘lim hukmi o‘qildi.

Sud jarayoni qisqa muddatda bo‘lib o‘tdi va unda jurnalistlar ishtirokiga yo‘l qo‘yilmadi. Sud zalidagi barcha yangiliklar Rossiya davlat nashrlari orqali tarqaldi. Masalan, bu nashrlar ayblanuvchilar «terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida tayyorgarlikdan o‘tishgani»ni tan olishgani haqida xabar qilishgan - bu modda uzoq muddatli qamoq jazosidan umrbod ozodlikdan mahrum etishgacha bo‘lgan jazolarni nazarda tutadi.

Kremlparast jurnalistlar bu jarayondan faqat qisqacha videoyozuvlarni e’lon qilishgan. Mahkumlarning qarindoshlari esa bir necha bor ularning yaqinlari normal himoyaga ega bo‘lishmagani, ularga taqdim etilgan «advokatlar» hech narsa qilishmaganini aytishgan.

London qanday reaksiya qildi?

Britaniya hukumati avvalroq «DXR»ni asirlikka tushgan britaniyaliklarga «rahmdillik bilan munosabatda bo‘lish»ga chaqirgandi. Mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari Dominik Raab  hukmga e’tiroz bildirish uchun barcha zarur shikoyatlar bildirilishini va’da qilgan.

Shon Pinner va Eyden Aslin Boris Jonsondan ularni ukrainalik siyosatchi va biznesmen, «Muxolifat platformasi - Hayot uchun» partiyasi rahbari Viktor Medvedchuk bilan almashtirishda yordam berishni so‘rashgandi. Medvedchuk ayni vaqtda davlatga xiyonatda gumonlanib hibsga olingan.

Buyuk Britaniya bosh vaziri idorasi britaniyaliklarga chiqarilgan o‘lim hukmidan «chuqur qayg‘uda» ekanini ma’lum qilgan.

«Biz hamisha harbiy asirlarni siyosiy maqsadlarda manipulyatsiya qilish mumkin emasligini aytib kelganmiz. Jyeneva konvensiyasiga ko‘ra harbiy asirlar harbiy harakatlar ishtirokchisi maqomiga ega bo‘ladi va buning uchun javobgarlikka tortilmaydi», deya qayd etgan Boris Jonsonning matbuot kotibi.

«Biz Ukraina qurolli kuchlari safida xizmat qilgan va asirlikka tushgan fuqarolarimizni ozod etishga erishish uchun Ukraina hukumati bilan hamkorlikni davom ettiramiz», degan Dauning-strit vakili.

Tashqi ishlar vaziri Liz Trass «sud hukmi butunlay soxta ekani va hech qanday legitimlikka ega emasligi»ni aytgan.

Ular Ukrainaga qanday kelib qolishgan?

Eyden Aslinning Instagram sahifasidan

28 yoshli britaniyalik Eyden Aslin Nyuark shahrida tug‘ilgan va avval vasiylik xizmatida ishlagan. 2015 yilda u Suriyaga yo‘l olib, kurdlarning o‘zini o‘zi mudofaa qilish otryadlari safiga qo‘shilgan. Vatanga qaytgach Aslin terrorizmda gumonlanib, tergov qilingan, ammo keyin oqlangan va dunyo bo‘ylab sayohatga chiqqan. Ukrainaning Nikolayev shahrida u bo‘lajak qaylig‘ini uchratgan va shu yerda qolishga qaror qilgan.

2018 yilda Aslin Ukraina qurolli kuchlari safiga xizmatga kirgan va 36-dengiz piyodalari brigadasi a’zosiga aylangan, ikkinchi fuqarolik sifatida Ukraina pasportini olgan. Joriy yil aprel oyi boshida u uylanmoqchi edi. Aslin xizmat qilgan bo‘linma rossiyalik harbiylar tomonidan qamal qilingan Mariupolni mudofaa qilgan. Shahar ikki oyga yaqin vaqt davomida har kuni bombardimon qilingan. Bu hududdagi bo‘linmalar Ukraina armiyasining asosiy qismidan uzilib qolgan. Shu tariqa Eyden Aslin o‘z to‘yiga bora olmagan.

12 aprel kuni britaniyalikning tvitterida asirga tushgani haqida xabar paydo bo‘lgan: «48 kun o‘tdi, biz bor kuchimiz bilan Mariupolni himoya qilishga harakat qildik, ammo bizda taslim bo‘lishdan o‘zga chora qolmadi. Bizda oziq-ovqat va o‘q-dorilar tugadi. Bu sharaf bo‘ldi. Umid qilamanki, bu urush tez orada yakunlanadi».

Eslin bilan birga uning 48 yoshli do‘sti Shon Pinner ham asir tushgan. U muqaddam Angliya Qirollik polkida xizmat qilgan. Armiyadan keyin Pinner chiqindilarni qayta ishlash sohasida menejyer bo‘lib ishlagan, 2018 yilda esa Ukrainaga kelgan, shu yerda uylanib, Ukraina qurolli kuchlari safiga kirgan. Qarindoshlarining aytishicha, Pinner Ukrainani juda yoqtirgan va uni «qabul qilgan» mamlakat deb atagan. U Rossiya armiyasi bosqiniga bir oy qolganida shunday degandi: «Mening uyim — bu Mariupol, shu tufayli men hozir amalda o‘z oilamni himoya qilmoqdaman». Pinnerning uch yillik shartnomasi muddati shu yil yakuniga yetishi kerak edi. Bu muddat tugagach u gumanitar faoliyat bilan shug‘ullanishni rejalashtirgan, ammo urush boshlanib qolgan.

21 yoshli marokashlik Saadun Ibrohim ham Mariupolda bo‘lgan. U «DNR» tergovchilariga Marokashda ish topa olmagani va o‘qishga kira olmagani, shu tufayli 2019 yilda Ukrainaga kelganini aytgan. Oilasi unga Poltavaga yetib olish uchun 100 dollarga aviachipta olib bergan. Saadun bir yil davomida kurslarda rus tilini o‘rgangan, shundan keyin Kiyev politexnika institutining aerodinamik va kosmik texnologiyalar fakultetiga o‘qishga kirgan, ammo uni bitira olmagan. 2021 yilda uch yillik shartnoma imzolab, ijtimoiy tarmoqlar orqali tanishgani Eyden bilan birgalikda xizmatga jo‘nab ketgan. U mart oyidayoq Volnovaxada asirlikka tushgan.

«Azovstal» zavodida turib Eyden Aslin tez-tez oilasi bilan aloqaga chiqib turgan, ularga ahvoli joyida ekanini aytib, do‘stlariga ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish uchun videolar jo‘natgan. «Bir safar u menga qo‘ng‘iroq qildi va kurashni davom ettirish uchun qurol qolmaganini aytdi», deydi BBC bilan suhbatda uning onasi Eng Vud.

May oyi oxirida haftalar davomida «Azovstal»ni mudofaa qilib turgan ukrain harbiylari asirga tusha boshladi. Rossiya va uning nazoratiga o‘tgan hududlarda «Azovstal»dan chiqqan 2439 asir saqlanmoqda.

Qanday maqomda?

Eyden Aslinning Facebook sahifasidan

Rossiya bu masalada Britaniyani noqulay holatga tushirib qo‘yishga urinib ko‘rdi, Kreml rasmiysi Dmitriy Peskov agar Britaniya hukmdan shikoyat qilsa, bu orqali «DXR» sudi legitimligini tan olishi, bu esa «DXR» suverenitetini tan olishga teng bo‘lishini aytgandi.

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga britaniyaliklardan hech kim murojaat qilmagan. Boris Jonson Britaniya bu masalada Ukraina hukumati bilan hamkorlik qilinayotganini aytgandi, bu esa ikki mamlakat rasmiylari Pinner va Aslinni almashishni istayotganidan darak beradi. Faqat bir savol qoladi - kimga?

Rossiya TIV Londonga murojaat qilib, Britaniya fuqarolari Ukrainadagi harbiy harakatlarga qo‘shilishiga yo‘l qo‘ymaslikni maslahat bergan.

Ammo mahkumlarning uchalasi ham Ukraina qurolli kuchlari bilan shartnoma imzolagan - ukrain qonunchiligi xorijliklarni harbiy xizmatga olishni taqiqlamaydi. Xuddi Rossiyaniki kabi, shu bilan birga, xorijlik yollanma harbiylar uchun cheklovlar mavjud.

Rossiya Jinoyat kodeksiga ko‘ra yollanma jangchi - «moddiy mukofot olish maqsadida harakat qiluvchi, mojaro yoki harbiy harakatlarda ishtirok etayotgan davlatlardan birining fuqarosi bo‘lmagan, bu davlatlar hududida istiqomat qilmaydigan va rasmiy vazifalarni bajarish uchun yuborilmagan shaxs» hisoblanadi.

«DXR» Jinoyat kodeksi 2014 yildayoq Rossiya kodeksidan o‘lim jazosini nazarda tutuvchi ko‘plab moddalarni olgan. O‘shandayoq ular qatl hukmi otuv orqali amalga oshirilishini belgilab qo‘yishgan. Ammo hozirda «DXRchilar» xorijliklarni javobgarlikka tortish uchun moddalarni qanday tanlagani to‘liq tushunarli emas - ularning uchalasi ham bir necha yildan buyon Ukrainada yashab kelgan, ularning birida ukrain pasporti ham bor.

Britaniya qonunchiligida mamlakat fuqarolarining boshqa davlatlar hududlaridagi harbiy harakatlarda ishtiroki bilan bog‘liq masalalar juda noaniq. Bir vaqtlar mamlakat tashqi ishlar vazirligining bir byulletenida Ukrainaga jang qilish uchun yo‘l oladigan fuqaro qaytganidan so‘ng jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi aytilgandi. Ammo bunday ehtimolni tartibga soluvchi asosiy qonun 1870 yilda qabul qilingan va zamonaviy mojarolarda hech qachon qo‘llanmagan. Mamlakat tashqi ishlar vazirligi bir safar Ukrainaga yo‘l oluvchi ko‘ngillilar qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi.

Nima bo‘lgan taqdirda ham, xalqaro huquq Rossiya xorijiy harbiylarga harbiy asir sifatida munosabatda bo‘lishini talab etadi. Ammo Rossiya chet elliklar kombatant (yuridik maqomga ega harbiy) emasligini va harbiy asir maqomiga ega bo‘la olmasligini ta’kidlab keladi.

Sud qaroriga apellyatsiya beriladi

Sudlanuvchilardan birining advokati ular sud qaroridan shikoyat qilishini bildirdi.

«Har uchala sudlanuvchining ham istagi - bu hukm ustidan shikoyat qilish, chunki ular bugungi hukm, ya’ni oliy jazo ko‘rinishidagi o‘lim hukmi chiqarilishini eshitishga tayyor emasdi», deya advokat Pavel Kosovanning so‘zlarini keltirgan TASS agentligi.

RIA Novosti xabariga ko‘ra, sud hay’ati raisi sudlanuvchilarda DXR sudi qarori ustidan shikoyat qilish va afv so‘rash uchun bir oy muhlat borligini aytgan. 

DXR rahbari Denis Pushilin ularni afv etgan taqdirda, o‘lim jazosi umrbod qamoq jazosiga yoki 25 yillik muhlatni koloniyada o‘tashga almashtirilishi mumkin.

Mavzuga oid