Jahon | 10:58 / 09.06.2022
23980
10 daqiqa o‘qiladi

Ukrainadagi urush: tomonlarning bayonotlari, dunyo munosabati, yordam va sanksiyalar

Rossiya armiyasining Ukrainaga bostirib kirishi bilan bog‘liq voqea-hodisalarga oid kechagi kun rasmiy xabarlari va yangiliklarning qisqacha sharhi bilan tanishing.

Ukraina tomoni bayonotlari

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘zining odatiy tungi murojaatida 10 yil oldingi omon-omon zamonlarni yodga oldi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. Foto: president.gov.ua

«Roppa-rosa 10 yil muqaddam shu kuni Yevro-2012 boshlangan edi. Ochilish marosimi Varshavada, final o‘yini Kiyevda o‘tgan edi. O‘yinlar ikki mamlakatning turli shaharlarida, jumladan, Donetskning «Donbass arena»sida ham o‘tkazilgandi. Bor-yo‘g‘i 10 yil o‘tibdi, biroq barchasi go‘yoki boshqa olamda ro‘y bergandek tuyulmoqda.

10 yil avval Donetsk bizning kuchli, viqorli va rivojlangan shahrimiz edi. Keyin Rossiya kirib keldi.

Albatta yuz berajak Ukraina bag‘riga qaytish, faqat bizning bayrog‘imiz va Ukraina qonunlari bu hududlar va bu shaharlarga yana shunchaki normal hayot qaytishini bildiradi. U yerda bo‘lgan osuda, xavfsiz, jahon uchun ochiq hayot yana qaytadi. Va, albatta, «Donbass arena»dagi jahon darajasidagi jamoalarning o‘yinlari ham», — degan Zelenskiy.

Ukraina qurolli kuchlari birlashgan operatsiyasi o‘tgan sutka ichida erishilgan natijalar haqida quyidagicha ma’lumot bermoqda (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

  • Janglar 2 ta yo‘nalishda davom etmoqda va dushmanning 7 ta hujumi muvaffaqiyatli bartaraf etilgan.
  • 3 ta tank, 2 ta harbiy zirhli texnika, 4 ta transport vositasi yo‘q qilingan.
  • Havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari Donbass osmonida 6 ta «Orlan-10» tipidagi pilotsiz uchar qurilmani urib tushirgan.

«Sxid» («Sharq») tezkor-taktik guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, dushman qo‘shinlarining talafoti 31 nafarni tashkil etgan.

Rossiya tomoni bayonotlari

Rossiya Arktika kengashi o‘zining ishtirokisiz ish boshlash rejalaridan xavotir bildirib, bunday formatda chiqarilgan qarorlarni legitim hisoblamasligidan ogohlantirgan. Bu haqda RFning AQShdagi elchisi Anatoliy Antonov aytgan.

RFning AQShdagi elchisi Anatoliy Antonov. Foto: sputnik

Ma’lum bo‘lishicha, Kanada, Daniya, Finlandiya, Islandiya, Norvegiya, Shvetsiya va AQSh avvalroq kengash ishini cheklangan holda — RFning ishtiroki nazarda tutilmagan loyihalar doirasida boshlashlarini e’lon qilgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi maxsus vakili Igor Konashenkovning brifingida e’lon qilingan ma’lumotlar (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

  • Yuqori aniqlikdagi raketalar bilan Xarkovdagi zirhli tank zavodi, 2 ta boshqaruv punkti, tirik kuch va texnikalarning 13 ta jamlanmasiga zarba berilgan. 4 ta qurol-yarog‘ ombori, 1 ta yonilg‘i ombori yo‘q qilingan.
  • Tezkor-taktik aviatsiya tomonidan tirik kuch va texnikalarning 63 ta nuqtasi, Ukraina QKning 14 mexnizatsiyalashgan brigadasi boshqaruv punkti, 160 dan ortiq askari, 8 ta tank, 2 ta «Grad» baravar o‘t ochish reaktiv tizimi, artilleriya batareyasi, radioelektron kurash stansiyasi, turli maqsadlardagi 13 ta avtomobil yo‘q qilingan.
  • Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi Ukraina HHKning MiG-29 samolyoti va Mi-8 vertolyotini urib tushirgan. Shuningdek, 11 ta pilotsiz uchar qurilma yo‘q qilingan. 3 ta «Tochka-U» raketasi, «Smerch» baravar o‘t ochish reaktiv tizimining 5 ta snaryadi yo‘lda to‘xtatilgan.
  • Raketa qo‘shinlari va artilleriya tomonidan Ukraina QKning tirik kuchlari va harbiy texnikasi jamlangan 172 ta hududga zarba berilgan, 68 ta boshqaruv punkti, 2 ta «Smerch» baravar o‘t ochish tizimi batareyasi, tirik kuch va texnikalarning 261 ta nuqtasi yo‘q qilingan. Zarbalar natijasida yo‘q qilingan askarlar soni 320 dan ortiq, shuningdek, 4 ta o‘q-dori ombori, 9 ta zirhli texnika, 3 ta baravar o‘t ochish reaktiv tizimi, 15 ta dala artilleriyasi va minomyot qurollari, 14 ta maxsus avtomobil, shuningdek, «Buk M1» ZRK harbiy mashinasi yo‘q qilingan.
  • «Maxsus operatsiya» boshlanganidan buyon Ukraina harbiy texnikalari yo‘qotishlari: 192 ta samolyot, 130 ta vertolyot, 1150 ta pilotsiz uchar qurilma, 335 ta zenit-raketa majmualari, 3459 ta tank va boshqa jangovar zirhli mashinalar, 489 ta baravar o‘t ochish reaktiv tizimi qurilmalari, 1822 ta dala artilleriyasi va minomyot qurollari, shuningdek, 3488 birlikda maxsus harbiy avtomobil texnikasi.

Ukrainaga ko‘mak

AQSh prezidenti Jo Bayden tomonidan imzolangan Ukrainaga 40 mlrd dollarlik paketdan dastlabki bir milliardi may oyi oxirida Ukrainaga kelib tushgan, deb xabar bergan AQShning Kiyevdagi elchisi Brijit Brink. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin kunlarda yana 7,5 mlrd dollar Ukrainaga keladi.

AQShning Ukrainadagi elchisi Brijit Brink. Foto: twitter.com/USAmbKyiv

AQSh va Buyuk Britaniya hukumati Ukraina harbiylarini g‘arb davlatlarida ishlab chiqarilgan baravar o‘t ochish reaktiv tizimlarini ishlatish bo‘yicha o‘qitish rejasini tuzishgan. AQSh qurolli kuchlari shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi general Mark Millining so‘zlarini The Washington Post keltirmoqda. Ma’lum qilinishicha, bu bosqichda Amerika tomonidan ukrain askarlari vzvodi o‘qitiladi. General Milliga ko‘ra, tezlatilgan o‘qitishga 3–4 hafta vaqt ketadi.

AQSh xususiy kompaniyalarning sun’iy yo‘ldoshlaridan Ukrainadagi vaziyatni razvedka qilish uchun foydalanishni kengaytiradi.

Germaniya o‘z hamkorlari bilan muvofiqlashtirilgan holda Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazishda davom etadi. Bunda mamlakat NATO va Rossiyaning ziddiyatlashuvidan qochishga harakat qiladi, degan kansler Shols.

Sanksiyalar va Rossiyaning qarshi choralari

AQSh hukumati Roman Abramovichni o‘ziga tegishli ikki samolyoti Gulfstream G650 ER va Boeing 787 Dreamliner tufayli sanksiyalarni buzganlikda aybladi. Boeing mart oyi boshlaridan buyon BAAda, Gulfstream G650 ER biznes-jyet esa mart oyi o‘rtalarida Moskvaga uchib ketgan. Sanksiyalar AQSh tomonidan ishlab chiqarilgan har qanday samolyotni Rossiya tomon parvozi uchun ruxsat olishni taqozo etadi, lekin u olinmagan. Sanksiyalar bunday samolyotlardan Rossiya fuqarolari foydalanishini ham cheklaydi. Manhetten prokurorlari suddan samolyotlarni hibsga olish uchun ruxsatnoma olishgan.

Microsoft Rossiyadagi o‘z biznesi hajmini jiddiy tarzda qisqartiradi va bu korporatsiyaning 400 nafarga yaqin xodimi ishsiz qolishini bildiradi, deb yozadi Bloomberg.

Huawei kompaniyasi o‘zining Rossiyadagi rasmiy savdo nuqtalarini yopa boshlagan. Ayni paytda 19 ta do‘kondan 4 tasi ishni to‘xtatgan, do‘konlarni yopilishi davom ettiriladi.

Yaponiyaning stanok ishlab chiqaruvchi DMG Mori Seiki korporatsiyasi o‘z biznesini Rossiyadan to‘liq olib chiqdi. Korporatsiya Ulyanovsk shahrida joylashgan o‘z yig‘ish zavodi, Moskvadagi vakolatxonasini yopib, 270 nafar xodimini ishdan bo‘shatgan.

Xalqaro hamjamiyat munosabati

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an NATO terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi tashkilot emas, xavfsizlik tashkiloti ekanini eslatib o‘tdi.

«Terrorchilar yetakchilari bilan intervyular shved davlat televideniyesi orqali translatsiya qilinishi davom etar ekan, biz bu mamlakatning NATOga a’zo bo‘lishini olqishlay olmaymiz. Bu Finlandiyaga ham taalluqli», — degan Erdo‘g‘an.

Turkiya hukumati Shvetsiya va Finlandiya oldiga 10 ta shart qo‘ydi, ularning bajarilishi Anqara tomonidan bu davlatlarning NATOga a’zoligiga doir pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqishiga turtki bo‘ladi, deb yozadi Yeni Şafak nashri.

Serbiya bosh vaziri o‘rinbosari Zorana Mixaylovich RF TIV rahbari Sergey Lavrovning Belgradga kelishi Yevroittifoq tomon yo‘l tutgan Serbiya uchun vaziyatni murakkablashtirishi mumkin bo‘lganini aytgan. «Rossiya vazirining kela olmagani yaxshi bo‘ldi», degan u.

Serbiya bosh vaziri o‘rinbosari Zorana Mixaylovich. Foto: East West Stream

Germaniya sobiq kansleri Angela Merkel iste’foga chiqqanidan so‘ng bergan ilk katta intervyusida Rossiyaning Ukrainaga tajovuzini keskin qoraladi va Putin Yevropani yo‘q qilib yuborishni istayotganini ta’kidladi.

«U Yevropa ittifoqini yo‘q qilishni istamoqda, chunki unda NATO tomon birinchi zinani ko‘radi», — degan Merkel Der Spiegel jurnalistiga va Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini hech qanaqasiga oqlash mumkin bo‘lmagan katta xato deb atagan.

Amerikaning Urushlarni o‘rganish instituti Rossiya askarlari Ukraina sharqidagi bir necha joylarda muvaffaqiyatsiz shiddatli hujumni davom ettirayotganini xabar berdi. Ekspertlar fikricha, Ukraina janubidagi Rossiya armiyasi ukrain harbiylarining qarshi hujumidan mudofaa pozitsiyalarini kuchaytirish uchun Zaporojye oblastidan Xerson oblasti tomon ko‘chirilmoqda. Bundan tashqari, RF armiyasi ukrain qo‘shinlarining kuchli liniyasi joylashgan Shimoliy Don daryosini kechib o‘tmasdan, Lisichansk shahrini janubdan shturm qilishga urinib ko‘radi. 

Шуҳрат Шокиржонов
Muallif Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid