Jahon | 13:05 / 10.06.2022
11057
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskaya: «Ukraina ayollari erkaklar bilan bir qatorda mamlakatni himoya qilyapti» 

Yelena Zelenskaya «Mojarodagi ayollar» konferensiyasida ukrainalik ayollar haqida ayrim voqealarni aytib berdi. Uning ta’kidlashicha, ayollar nafaqat Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari qurbonlari, balki erkaklar bilan teng ravishda mamlakatni himoya qilyapti.

Foto: Dogukan Keskinkilic / AA

Ukraina birinchi xonimi Yelena Zelenskayaning fikricha, Rossiya tomonidan boshlangan harbiy harakatlarda Ukrainaning yuzi asosan ayollardan iboratdir. Bu haqda u 9 iyun kuni Bryusselda Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel, «BMT Ayollar» tashkiloti va Nobel mukofoti sovrindori Nadiya Murod tashabbusi bilan tashkil etilgan «Mojarodagi ayollar» konferensiyasida ma’lum qildi, deb yozadi DW.

Zelenskaya mina portlashi oqibatida ikki oyog‘idan ayrilgan lisichansklik hamshira Oksana Balandina kabi bir qancha ukrainalik ayollarning taqdiri haqida aytib berdi. Shundan so‘ng, u hali kasalxonada bo‘la turib, tanishiga turmushga chiqdi. Yoki Popasnadan to‘rtta katta yoshli fuqaroni Baxmutga olib borgan 15 yoshli Liza Chernishenko haqida ma’lumot berildi. U otishma paytida haydovchi yaralanganidan keyin rulga o‘tirgan va mashinani boshqarib borgan. «Bu bir nechta hikoyalar, ammo aytishimiz mumkinki, mamlakatimizdagi har bir hayot ma’lum darajada «avval» va «keyin»ga bo‘lindi. Bizning urushimizning yuzi asosan ayollardan iborat», dedi Zelenskaya video-aloqa orqali chiqish qilib.

«Ishonchim komilki, biz, ukrainalik ayollarni shunchaki qurbonlar deb bo‘lmaydi. Har birimizning o‘z qarshilik tariximiz bor», - dedi u. Prezidentning rafiqasi Ukrainadagi shifokorlar, o‘qituvchilar va ijtimoiy soha xodimlarining asosiy qismini ayollar tashkil etishini eslatdi. Tadbirkorlarning 50 foizi va ko‘ngillilarning yarmidan ko‘pi ham ayollardir. Ukraina qurolli kuchlarida ham ayollarning o‘rni ortib bormoqda. Zelenskayaning so‘zlariga ko‘ra, hozir armiyada 37 ming ayol bor va ularning mingdan ortig‘i allaqachon qo‘mondon bo‘lishga ulgurgan. «Ayollarimiz uchun harbiy xizmat ixtiyoriy tanlov bo‘lib, ular safimizda sharaf bilan turib, erkaklar bilan teng jang qilyapti», — deya qo‘shimcha qildi u.

Zelenskaya kirish so‘zini o‘ziga «Sening superkuching nima?» degan savol bilan yakunladi. U savolga quyidagicha javob berdi: «Men ukrainalikman. Ha, ukrainalik ayollar superkuchga ega: biz hammamiz ukrainalikmiz, biz ukrainalik ayollarmiz».

«Mojarodagi ayollar» konferensiyasi ikkinchi marotaba o‘tkazilmoqda. Bu safar unda Ukraina mavzusi ustunlik qildi. Unda birinchi xonimdan tashqari Ukrainaning yana ikki vakili ishtirok etdi: bosh vazirning yevrointegratsiya bo‘yicha o‘rinbosari Olga Stefanishina shaxsan ishtirok etdi, bosh prokuror Irina Venediktova esa virtual tarzda chiqish qildi.

Konferensiya yakunlari bo‘yicha deklaratsiya qabul qilindi, unda ayollar nizolardan ko‘proq aziyat chekayotgani ko‘rsatilgan. «Biz barcha mojarolarda ayollar va qizlarga nisbatan sodir etilgan xalqaro huquqning buzilishlarini keskin qoralaymiz. Ukrainada ayollar va qizlarga nisbatan sodir etilgan gender zo‘ravonlik, jumladan, mojaro bilan bog‘liq jinsiy zo‘ravonlik va zo‘rlash haqidagi dalillar va hisobotlardan dahshatga tushyapmiz. Shuningdek, turli mojarolar paytida, xususan, Afg‘oniston, Markaziy Afrika Respublikasi, Kongo Demokratik Respublikasi, Efiopiya, Iroq, Mali, Sudan, Suriyadagi holatlar ham dahshatli», - deyiladi deklaratsiya matnida. 

Mavzuga oid