Sport | 15:06 / 14.06.2022
42413
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston–Iroq o‘yinidagi tartibsizlik uchun 19 kishi javobgarlikka tortildi

6 kishi 15 sutkaga, 10 kishi 10 sutkaga ma’muriy qamoqqa olingan, yana 3 kishi jarimaga tortilgan. Poytaxt IIBB 28 nafar shaxs ustidan surishtiruv davom etayotganini ma’lum qildi.

Foto: Toshkent shahar IIBB

Toshkent shahar IIBB 11 iyun kuni “Paxtakor” stadionida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Iroq futbol jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda yuzaga kelgan tartibsizliklar bo‘yicha ma’lumot berdi.

O‘yinning 12-daqiqasida O‘zbekiston darvozaboniga qizil kartochka ko‘rsatilib, 11 metrlik jarima to‘pi belgilanganda, muxlisliklar norozilik bildirishgan edi. Norozilik belgisi sifatida ayrim tomoshabinlar plastmassa suv idishi va stakan, oyoq ostidagi beton parchalarini stadionga uloqtirgan.

Foto: Toshkent shahar IIBB

Natijada, IIBBga ko‘ra, stadiondagi fotomuxbir J.S. qorin bo‘shlig‘idan jarohat olgan. Unga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatilgan, uning ahvoli yaxshi bo‘lganligi sababli shu kuni kasalxonadan chiqib ketgan.

“Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB tomonidan tekshiruv o‘tkazilmoqda. Tekshiruv davomida jamoat tartibini buzgan 47 nafar shaxs aniqlanib, ularning 6 nafari: A.F., T.S., B.T., J.B., V.M. hamda X.A.larga sud tomonidan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bundan tashqari, yana 10 nafar fuqaro 10 sutka ma’muriy qamoq, 3 nafari jarima jazosiga tortilgan, 28 nafariga nisbatan surishtiruv davom etmoqda”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Foto: Toshkent shahar IIBB

Ma’lum qilinishicha, stadionda jarohatlangan fotomuxbir J.S. unga narsa otgan shaxsga nisbatan da’vosi yo‘qligini ma’lum qilib va ariza yozishdan bosh tortgan.

Poytaxt IIBB Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan nufuzli xalqaro sport musobaqasi – futbol bo‘yicha U-23 Osiyo kubogida muxlislik madaniyatiga amal qilish va O‘zbekiston obro‘siga putur yetkazmaslikka chaqirdi.

Mavzuga oid