O‘zbekiston | 15:27 / 15.06.2022
6685
4 daqiqa o‘qiladi

“Ochiq budjet”da g‘olib bo‘lgan asakaliklar muammosi nega paysalga solinyapti?

Asaka tumanida “Tashabbusli budjet”da g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ko‘chalarni asfaltlash bo‘yicha amaliy ishlar hamon boshlanmagan. Mutasaddilar loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish vaqt olayotganini aytmoqda.

2022 yil birinchi yarmi uchun “Tashabbusli budjet”da Asaka tumani bo‘yicha fuqarolar tomonidan bildirilgan tashabbuslardan 20 tasi ovoz berish natijalariga ko‘ra g‘olib deb topilgan hamda ularni moliyalashtirishga jami 16 mlrd 5 mln so‘m mablag‘ ajratilgan.

G‘olib bo‘lgan tashabbuslardan 5 tasi ichki yo‘llarni ta’mirlash bilan bog‘liq. Xususan, tumandagi “Dasturxonchi” MFYning Boy ko‘chasini (895 mln so‘m), “Qadim” MFYning Uzun ko‘chasini (820 mln so‘m), “Qoraqiy” MFYni (900 mln so‘m), “Elashqipchoq” MFY Qumqo‘rg‘on qishlog‘ini (960 mln so‘m) hamda “Fayz” MFYning Baynalmilal va Maorif ko‘chalarini (995 mln so‘m) asfaltlashtirish ko‘zda tutilgan.

G‘olib bo‘lgan tashabbuslar moliyalashtirilgan. Biroq bu ko‘chalarda asfalt yotqizish ishlari hamon boshlanmasdan, ortga surilmoqda. Hudud aholisida “Tashabbusli budjet”ga nisbatan savollar paydo bo‘la boshlagan.

“Boshqa tumanlarda, masalan, Oltinko‘ldaOpen budjet”da yutilgan mablag‘ga yo‘llar allaqachon asfalt bo‘lmoqda. Asaka tumanida esa hali ham harakat boshlanmadi. Axir kundan kunga barcha narsaning narxi oshmoqda, xususan, asfalt tayyorlashga ishlatiladigan mahsulotning ham. 1 580 metr yo‘lga asfalt yotqizishga mo‘ljallangan pulimiz yarmiga ham yetmay qolishi mumkin.

Iyulda “Tashabbusli budjet”ning 2-bosqichi boshlanadi. Boshqa muammolarimiz, masalan mahallaga tabiiy gaz tortish uchun ovoz berishimiz kerak. Odamlarda ishonch so‘nib qolyapti: bo‘ladimi, yo‘qmi deb hamma hayron”, – deyiladi tahririyatga yo‘llangan murojaatda.

Asaka tumani moliya bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Jasurbek Yuldashevga ko‘ra, ish qachon boshlanishi aniq emas:

“Moliya bo‘limi tomonidan ushbu ko‘chalarni asfaltlash ishlari to‘liq moliyalashtirilgan. Hozirgi kunda ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari ekspertizaga topshirilgan. Hujjatlar ekspertizadan o‘tgach, etender.uzex.uz sayti orqali pudratchini aniqlash uchun e’lon beriladi. Eng yaxshi taklif bildirgan pudratchi aniqlab olinganidan so‘ng asfalt yotqizish ishlari boshlanadi”.

Kun.uz holat yuzasidan tuman Obodonlashtirish boshqarmasi hisobchisi Abdushukur Hojiqulovdan ham izoh oldi. Uning ta’kidlashicha, ishlar 10 kun muddatda boshlanishi mumkin.

Hujjatlar ekspertizada ko‘p ushlanib qolyapti. Ekspertiza 25 kun muddatda ko‘rib chiqyapti loyihani. Undan keyin tenderga qo‘yiladi. Quruvchi aniqlangach, ish boshlanadi”, – deydi Abdushukur Xojiqulov.

Ko‘rinib turibdiki, tumanda “Tashabbusli budjet” loyihalarini amalga oshirishda sustkashlik ko‘zga tashlanmoqda. Fuqarolarning xavotiri esa o‘rinli. Agar fuqarolik jamiyati tomon tashlangan ulkan qadam sifatida qaralgan “Tashabbusli budjet”da g‘olib bo‘lgan loyihalar vaqtida bajarilmasa yoki paysalga solinsa, unga nisbatan ishonchsizlik ortishi mumkin.

Mavzuga oid