«Hali tayyor emasmiz» – vazir davlat oliy ta’lim muassasalarini xususiylashtirish jarayonlari boshlanmagani haqida
Oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasidagi davlat oliy ta’lim muassasalarining 49 foiz ulushini xususiylashtirish bandi bo‘yicha hali birorta OTM xususiylashtirilmagan.
Bu haqda 16 iyun kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov Kun.uz muxbiri savoliga javoban ma’lum qildi.
«Ochiq aytaman, hozirgacha davlat oliy ta’lim muassasasi ulushlarini xususiylashtirish bo‘yicha jarayonlar boshlanmagan. Lekin agar buni boshlasak, oliy ta’lim ham foydali, ham daromadli sohaki, bunga kirishib ketishadi.
Biz uning hamma mezonlarini ishlab chiqamiz va 2023 yildan jarayonlarga kirishish niyatidamiz. Chunki xususiy oliy ta’lim muassasalari hozir juda ko‘p ochilyapti. Va ularning hammasi ham hali samara beryapti, deb o‘ylamayman.
Mening bunga baho berishim qanchalik to‘g‘ri, bilmadim, inspeksiya, jamoatchilik bor. Hozir bu bosqichdan qariyb o‘tib bo‘ldik. 2026 yilgacha bizda 50 ta xususiy oliy ta’lim muassasasi bo‘lishi kerak. Adashmasam, hozir 26–27 ta bo‘lib qoldi, 30 ga yaqinlashdi.
Hozirgacha bo‘lmagan, to‘g‘ri. Tayyor emasmiz bunga hali. Chunki juda ko‘p davlat tashkilotlari xususiylashgandan keyin ish bermagani ham bor.
Shuning uchun, buning hamma mezonlari ishlab chiqilgach, 2023 yilda boshlanadi», dedi vazir.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida davlat ulushining 51 foizdan kam bo‘lmagan qismini saqlab qolgan holda ayrim davlat OTMni (oliy harbiy ta’lim muassasalari bundan mustasno) davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, ularda korporativ boshqaruv tamoyillarini joriy etish vazifasi belgilangan.
Mavzuga oid
19:11 / 04.10.2024
Tashkent city hududidagi banklar binolarini sotib olishga 4 investor qiziqish bildirdi – Davaktiv
19:55 / 12.09.2024
Chirchiq metall tuzilmalar zavodi 39,9 mlrd so‘mga sotildi
17:46 / 12.09.2024
Ipotekabankning xususiylashtirilishi: davlat bloklovchi ulushidan voz kechgan
17:51 / 09.09.2024