O‘zbekiston | 11:03 / 17.06.2022
15439
3 daqiqa o‘qiladi

Ikki sudlanuvchi va jabrlanuvchi ota-onalar. Samarqanddagi bog‘chada bolalarga igna sanchgan tarbiyachilarga oid ish sudda ko‘rilmoqda

2022 yil mart oyida Samarqand shahridagi «Golden kids» xususiy bolalar bog‘chasida tarbiyachi bolalarning qo‘liga igna sanchgani aks etgan video tarqalgandi.

Foto: Kun.uz

Ko‘p o‘tmay holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgani aytilgandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida ushbu ish yuzasidan sud jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda. Ikki nafar bog‘cha xodimi ayblanuvchi sifatida jalb etilgan, deb xabar bermoqda sud majlisida bevosita ishtirok etgan Kun.uz muxbiri.

Kecha, 16 iyun kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida sudlanuvchilarning advokatlari, sudlanuvchilar va jabrlanuvchilar – «Golden kids» xususiy bog‘chasi tarbiyalanuvchilarining ota-onalari (bir qismi) tinglangan. Prokuror, advokatlar va sudlanuvchilarning talabiga ko‘ra sud majlisidan foto va video tasvirga olishga ruxsat berilmagan.

Sudda jabrlanuvchi sifatida ko‘rsatma bergan aksar ota-onalar farzandining tanasida paydo bo‘lgan jarohat izlariga holat bo‘yicha video internetda tarqalganidan keyin e’tibor berganini aytishdi. Ulardan birining aytishicha, 3,5 yoshli bolasining tanasida 5 ta shunday igna iziga o‘xshash jarohat bo‘lgan, avvalroq ham farzandi tarbiyachi qorniga igna sanchganini aytgan, lekin ona bunday bo‘lishiga ishonmay e’tibor bermagan.

Yana bir jabrlanuvchining aytishicha, video tarqalgach bolasining qorni, bo‘yni va tizzasida o‘tkir igna izlariga o‘xshash jarohatni payqagan.

Yana bir jabrlanuvchi avvaliga farzandi bog‘chaga xursand bo‘lib borgani, mana shu voqea sodir bo‘lishidan avval esa bog‘chaga borishni istamay qolganini gapirib berdi.

Yana bir jabrlanuvchi onaning so‘zlariga ko‘ra, bolasining tanasidagi o‘zgarishlardan keyin tarbiyachilarga murojaat qilganida doim boshqa bolalar bilan urushgani uchun shunday bo‘lgani borasida javob olgan va shu sabab bunga e’tibor bermagan.

Sudda ishtirok etgan ruhshunos-mutaxassis bolalar bilan bog‘cha xodimlari ishtirokida psixologik suhbat olib borgani, bunday turdagi ruhiy zarba ta’siri bolada uning ruhiyatiga qarab turli muddatgacha saqlanib qolishi mumkinligini ma’lum qildi.

Ayblanuvchilardan birining advokati himoyasi ostidagi shaxs qilgan ishidan pushaymon ekanini aytib, jabrlanuvchilardan uni kechirishlarini so‘radi. O‘z navbatida ayblanuvchi ota-onalardan kechirim so‘rashni istagani, bunga bog‘cha rahbariyati yo‘l qo‘ymaganini aytdi.

Sud majlisi tanaffus e’lon qildi.

Ma’lumot uchun, Samarqand shahridagi «Golden kids» xususiy bolalar bog‘chasi xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110-moddasi bilan ayblov e’lon qilingan.

O‘tkir Jalolxonov,  Kun.uz muxbiri.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid