O‘zbekiston | 13:03 / 18.06.2022
17563
5 daqiqa o‘qiladi

Bolalar zo‘ravon ota-onalardan olib qo‘yilishi kerak – Aliya Yunusova

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari - Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova Samarqandda farzandini ayovsiz kaltaklagan ayolga munosabat bildirib, bunday shafqatsizlikni kechirib bo‘lmasligi, bolalarning huquqlarini himoyalash ijtimoiy tarmoqlarda tarqaladigan videolardan keyingina ishlashi kerakmasligini ta’kidladi.

Foto: ombudsman.uz

Yunusovaga ko‘ra Samarqandda sodir bo‘lgan voqea jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan holatlardan biri xolos. U jamiyatda befarqlik kayfiyati sababli bolalarga nisbatan qilinayotgan zo‘ravonlik holatlariga qo‘l siltab kelinishi, “menga nima” qabilida ish ko‘radiganlar ham yo‘q emasligini ta’kidlagan.

“Samarqand viloyatidagi shifoxonada sodir bo‘lgan holatni olsak, palatada ona-boladan tashqari kamida ikki nafar shaxs bor edi. Ularning shovqinini kasalxona xodimlari va shifokorlar eshitishmadimi? Nega darhol bolani ona qo‘lidan tortib olib, tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga murojaat qilinmadi?” deya ta’kidlaydi Bola huquqlari bo‘yicha vakil.

Uning qayd etishicha, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 10-11-moddalariga muvofiq davlat bolani zo‘ravonlikning barcha shakllaridan, shu jumladan, jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonlikdan, qiynoqlarga solishdan yoki shafqatsiz, qo‘pol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakldagi muomaladan himoya qilinishini amalga oshiradi. Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uning ota-onasi, ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslar, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa vasiylik va homiylik organi, prokuror, sud tomonidan amalga oshiriladi.

Aliya Yunusova bola ota-ona va ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan qilinadigan suiiste’molchilikdan himoyalanish huquqiga ega ekanini eslatgan.

“Bolaning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘ilganidan, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligidan xabardor bo‘lgan shaxslar bu haqda bola haqiqatda turgan joydagi vasiylik va homiylik organiga ma’lum qilishlari kerak. Shunday ma’lumotlar olingan taqdirda, vasiylik va homiylik organi bolaning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rishi shart.

Amaldagi qonunchilikda shuncha normalar bo‘lishiga qaramay bolalar baribir aziyat chekishyapti. Ota-onalarning zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yishi, farzandiga nisbatan qo‘pol va shafqatsiz muomala qilishlari – kechirib bo‘lmas xato. Har bir kishi qonunlar bilan belgilangan mas’uliyatini va majburiyatini zimmasiga olishga va uni bajarishga majbur.

Aks holda davlat bolalarini zo‘ravonlik va kuch bilan “tarbiyalaydigan” ota-onalardan farzandini olib qo‘yish mexanizmini ishlab chiqishga majbur bo‘ladi. Bolalar ozor chekmasligi uchun Bola huquqlari bo‘yicha vakil ushbu taklifni ilgari suradi va buni to‘g‘ri deb hisoblaydi”, deydi u.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili o‘rinbosari bolaning begonasi bo‘lmasligi, jamoatchilik nazoratining kuchi faqat ijtimoiy tarmoqlarga tarqatiladigan videolardan keyingina ishlashi kerakmasligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, 16 iyun kuni Internetda chaqalog‘ini ayovsiz kaltaklayotgan ayol videosi tarqalgandi. Videoda ayol hamxonasi bilan suhbatlasha turib chaqalog‘ini uxlatishga uringani, biroq u uyquga ketavermagach g‘azab otiga minib, uning boshiga bir necha marta tarsaki tushirgani, bu bilan ham qanoatlanmay uni qattiq silkilagani va o‘rniga otib yuborgani aks etgan.

Ushbu tasvirlar ko‘pchilik g‘azabini uyg‘otgan, internet foydalanuvchilarining muhokamalariga sabab bo‘lgandi. Samarqand viloyati IIB hodisa Payariq tumanidagi shifoxonada ro‘y bergani, ayol ruhan sog‘lom ekani, unga nisbatan qiynash moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgandi.

Kun.uz muxbiri internetda salbiy qahramonga aylangan ayolning eri va voqea atrofidagi insonlar bilan suhbatlashib, bolakay tserebral falajlik bilan tug‘ilgani, soatlab tinimsiz yig‘lashi, bu esa onaning ruhiy zo‘riqishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aniqlagandi.

Mavzuga oid