Jahon | 21:59 / 21.06.2022
41943
7 daqiqa o‘qiladi

Asir tushgan amerikaliklar Donetskda. Ular haqida nimalar ma’lum?

21 iyun tongida Rossiya davlat nashrlari asirga tushgan ikki amerikalik - Aleksandr Dryuke va Endi Hyun Donetskda saqlanayotgani haqida xabar tarqatdi. Bu shuni anglatadiki, ular o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «DXR»da ruxsat etilgan o‘lim jazosiga hukm qilinishi mumkin - yollangan holda urushda ishtirok etishgani uchun.

Aleksandr Dryuke va Endi Hyun Ukrainaga ko‘ngillilar sifatida kelishgan va turli mamlakatlardan kelgan ko‘ngillilarni birlashtirgan otryad safida jang qilishgan. Aralash tarkibi tufayli unga «Baget» deb xalqaro nom berishgan. Foto: TASK FORCE BAGUETTE

Alabamaliklar

Aleksandr Dryuke - 39 yoshda, Endi Hyun - 27 yosh. Ular Amerikaning Alabama shtatidagi ikki shaharchadan.

Ularning ikkisi ham armiyada xizmat qilgan. Dryuke Iroqda, 2008-2009 yillardagi harbiy kampaniyada ishtirok etgan. Hyun - dengiz piyodasi, Donbassga safarigacha uning qurolli nizolardagi ishtiroki bo‘yicha hech narsa ma’lum emas.

Britaniyaning Telegraph nashriga uning onasi Luiza hikoya qilishicha, Dryuke jarohatdan keyingi stress sindromidan aziyat chekkan, shu tufayli unda ishda muammolar bo‘lgan. U uylanmagan, farzandlari ham yo‘q.

Xyun 2018 yili xizmatdan bo‘shagan, aftidan, uning armiyadan keyingi ishlari nisbatan yaxshiroq kechgan. U sevgilisini Amerikada qoldirgan, 2022 yil aprelida Ukrainaga safar xarajatlari uchun o‘z yonidan 6 ming dollar to‘lagan.

Yuzga qarshi o‘n

Dryuke va Hyun aynan qachon Ukrainada xizmatga kirgani haqida aniq ma’lumot yo‘q. Shunisi ma’lumki, ular jangchilarning aksar qismi Fransiya va AQShga mansub bo‘lganlardan iborat otryadga qo‘shilgan. Natijada bu otryad «Baget» internatsional nomini olgan.

Endi Hyun (chapda) va Aleksandr Dryuke Donetskda saqlanmoqda. CBS/REUTERS

Keyingi voqealar rivojini «Baget» otryadining tvitterdagi xabarlari va Telegraph hamda Amerikadagi qator nashr muxbirlari bilan so‘zlashgan Dryuke va Hyunning safdoshlarining so‘zlaridan bilish mumkin.

6 iyundan 12 iyunga qadar bo‘lgan davrda (aniq sanani aytish hozircha imkonsiz) - otryadning bir qancha jangchilari Xarkiv oblastida bo‘lishgan va noto‘g‘ri razvedka ma’lumotlari tufayli og‘ir vaziyatga tushib qolishgan. Ular vaziyat tinch bo‘lgan aholi punktiga borishlarini kutishgan (uning nomi keltirilmagan), ammo ma’lum bo‘lishicha, ayni shu vaqtda bu posyolka Rossiya armiyasi tomonidan shturm qilingan.

O‘n nafar jangchi taxminan yuz nafar rossiyalik askar qarshisida qolishgan, ular ikki tank hamrohligida hujum boshlagan. Mashinalardan biri minaga tushgan, amerikaliklarning ozodlikda qolgan safdoshlaridan biri hikoya qilishicha, sarosima boshlangan chog‘da ularning ikkisi ham g‘oyib bo‘lgan.

Keyinroq razvedka va dronlar orqali ularni topishga urinishgan, ammo jangchilar ham, ularning buyumlari ham topilmagan.

15 iyun kuni bu voqealar haqida Telegraph sahifalarida paydo bo‘ldi va «Baget»ning tvitterdagi sahifasi otryadning ikki jangchisi bedarak yo‘qolganini tasdiqladi.

Ko‘p o‘tmay bu ma’lumot AQSh hukumati tomonidan ham tasdiqlandi.

«Biz urushga qarshimiz»

17 iyun kuni Rossiya davlat nashrlarining harbiy harakatlar hududida ishlayotgan bir qancha xodimlari o‘z telegram-kanallarida asir tushgan amerikaliklar aks etgan qisqacha videolarni namoyish etishdi.

Birinchi videoda Aleksandr Dryuke o‘z ismi-sharifini aytadi va urushga qarshiligini ma’lum qiladi. Ikkinchisida Hyun o‘zini tanishtirmagan, ammo u ham urushga qarshi ekanini aytgan. Keyinroq shu kabi qisqa video RT telekanali sahifalarida tarqalgan. Bu videoda Dryuke onasiga salom yo‘llab, uyga qaytishiga umid bildirgan, Hyun esa granatomyotchi bo‘lganiga iqror bo‘lgan.

Ularning ikkisi ham o‘sha jangdan keyin bir necha soat davomida o‘rmonda yashirinib yotgan, keyin asir tushishga qaror qilishgan.

Ular qayerda ekani 21 iyunga qadar aytilmadi, shu kuni tongda esa «Interfaks»ning «DXR» kuch tuzilmalaridagi manbasi ikki asir ham Donetskda bo‘lib turganini aytdi.

Ko‘p o‘tmay RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov asir tushgan amerikaliklar qatl etilmasligiga kafil bo‘la olmasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, amerikaliklar Ukraina armiyasiga aloqador emas, shu tufayli Jyeneva konvensiyasi ularga nisbatan qo‘llanmaydi. «Ular yollanma jangchilar va Ukraina hududida noqonuniy faoliyatga jalb qilingan. Ular bizning harbiylarimizni o‘qqa tutishda qatnashgan, ularning hayotiga xavf tug‘dirgan va o‘zlari amalga oshirgan jinoyatlar uchun jazoga tortilishi kerak», deya ta’kidlagan prezident matbuot kotibi.

Undan avvalroq BBC uchun bergan intervyusida RF TIV rahbari Sergey Lavrov ham shu nuqtayi nazarni bildirgandi.

Dryuke va Hyun uchun o‘lim hukmi chiqarilishi ehtimoli chindan ham yuqori - iyun oyi boshida tan olinmagan «DXR» «sudi Buyuk Britaniya fuqarolari Shon Pinner va Eydena Aslin hamda marokashlik Saadun Ibrohimni oliy jazoga hukm qilgandi. Qolaversa, urushga kelgan amerikaliklardan farqli ravishda ularning uchalasi ham urush boshlanguniga qadar Ukrainaga kelishgan va shartnoma asosida Ukraina armiyasi safida xizmat qilishgan.

Ukrainada Dryuke va Xyun bilan bir vaqtda AQShning yana bir fuqarosi Kris Boyyer yo‘qolib qolgan, hozircha uning taqdiri haqida hech narsa ma’lum emas. Davlat departamentidagilar vaziyatni kuzatib borishayotganini ma’lum qilgan va amerikaliklarni harbiy harakatlar hududiga bormaslikka chaqirgan.

Urush boshidan buyon Ukraina tomonida jang qilgan ikki amerikalik halok bo‘lgan. Mart oyi o‘rtalarida jang maydonida 22 yoshli dengiz piyodasi Jozef Kensel halok bo‘lgan, 15 may kuni esa 52 yoshli faxriy Stiven Zabelski minaga tushib portlab ketgandi, Amerika nashrlarida yozilishicha, u «Ukraina armiyasi bilan ishlagan ko‘ngillilar guruhiga biriktirilgandi».

Mavzuga oid