“Bariga sabr va shukr qildim” - qismatiga sinovlar bitilgan odam
Farg‘onalik Ergashali akaga ko‘zi tushgan kishi borki, beixtiyor uning yuzi nega bunday ekani bilan qiziqadi. Kutilmagan baxtsiz hodisa 18 yoshni qarshilagan ko‘rkam yigitni shu ko‘yga solgan. Hayotda yo‘qotganlari faqat shundan iborat bo‘lmagan qahramonimiz barchasini Yaratganning sinovlari deb biladi va sabr bilan yashashda davom etadi.
Ergashali Bozorboyev bolaligidanoq harbiy bo‘laman deb niyat qilgan edi. U orzusiga erishdi. Biroq askarlik davridagi mash’um hodisadan keyin hayoti butunlay o‘zgarib ketdi.
“1976 yilda Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani “Paxtakor” MFY da tug‘ilganman. Oilada 5 farzand bo‘lganmiz.
Maktab davridayoq harbiy hayotga qiziqish paydo bo‘lgan. Televizorda, hayotda harbiy kiyim kiyganlarni ko‘rib havas qilib ulg‘aydik. Maktabda o‘qish jarayonida harbiy kasbga o‘zimni tayyorladim. Ertalablari yugurib mashqlar qilib yurdim. Xudoga shukr, yomon bo‘lmadik. Maktabni a’lo baholarga bitirib, medallar oldim.
Vatanga sodiq farzand bo‘lgim kelib xizmatga ham bordim. 1995 yilda Toshkentdagi Milliy gvardiyaga qarashli harbiy qismga xizmatga ketdim. Ertalabki “podyom” paytida har galgidek turib, “sport gorodok”ga borganmiz. Ungacha “kross” yugurib keldik. Turnikka tortinishni boshladik. Turnik omonat qurilgan ekan. Tepalikda mashq qilayotganimizda moslamaning bir tomoni qo‘porilib, yuzimga temir quvur kelib tushdi. Darhol 1-yordamni ko‘rsatishdi. Hammasi bir zumda sodir bo‘lgan edi. Tezkorlik bilan markaziy gospitalga olib ketishdi. U yerda jarrohlik amaliyoti o‘tadim. Reanimatsiya bo‘limiga joylashdim. Keyinroq Nevropatologiya bo‘limiga o‘tkazishdi. Ahvolim yaxshilana boshladi. 9 yil mobaynida markaziy gospitalga qatnab, davolanib yurdim”, – deydi u.
Baxtsiz hodisa sabab u sevgan qizi bilan oila qura olmadi. Ma’lum sabablarga ko‘ra, birinchi oilasi bilan ajrashishga majbur bo‘ldi. Hozirda uning ikkinchi turmushidan ikki qizi bor.
“Xizmatga ketishdan avval bir qizga ko‘ngil qo‘ygan edim. Pinhona sevgi deydi-ku. Qaytganimdan keyin bu haqda uydagilarimga aytishni dilimga tugib qo‘ygandim. Uylanadigan paytimda u hali turmush qurishga tayyor emas edi. Peshonaga yozilgan taqdir bo‘lar ekan-da. Boshqa qizga uylandim. Ayrim sabablarga ko‘ra, birinchi turmushim bilan ajrashdik. Hozirda ikkinchi turmushim bilan yashayapmiz. Yaratgan uch qiz farzand bergan edi. O‘zi rahmatiga olgan bo‘lsin, yaqinda ikkinchi qizimizni berib qo‘ydik.
Hozirda ikki qizni tarbiyalab voyaga yetkazyapmiz.
Har kimning ham qalbida o‘z sevgan qizi bo‘ladi. Men sevgan qizimni o‘z holiga tashlab qo‘yganman shu baxtsiz hodisadan keyin.
Yigitlik chog‘imda toza orzu-havas bilan xizmatga jo‘nadim. Oliy o‘quv yurtiga topshirib, ofitser bo‘lib, Vatan himoyasi yo‘lida faoliyat yuritaman, degan niyatlar bor edi.
Gospitalda davolanish jarayonida ko‘plab jarrohlik amaliyotlarida qatnashdim. 4-5 yil jarrohlik bo‘limida yordamchi bo‘lib xizmat qildim. Qo‘limdan kelganicha u yerda operatorlik qildim. Gospitaldan keyingi rejalarim 100 foizga o‘zgarib ketdi. Yoshlikdagi orzular o‘zgardi. Yangidan hayot boshlashni niyat qildim. Hozir ham nogiron bo‘lsam-da, qo‘limdan kelganicha xalqqa xizmat qilyapman”, – deydi sobiq askar.
“Rafiqamning menga nisbatan ko‘ngli yo‘qligini o‘shanda bilganman. Ota-onasi nogiron bo‘lganim uchun ro‘zg‘orni eplab keta olishimga shubha qilishdi”...
“Gospitalda davolanib yurgan paytimda tengqur do‘stlarim uylanishni boshlashdi. Dadam telefon qilib, kelinlikka nomzod topib qo‘ygani, qishloqqa kelib uni bir ko‘rib ketishimni aytdi.
Dadamning ra’yini qaytarmay, u qiz bilan uchrashish uchun qishloqqa keldim. Kelsam qo‘shni mahallalik umrimda hali ko‘rmagan qiz ekan. Qiz bilan ko‘rishib uchrashdik. Bir-birimizga ma’qul keldik. Uchrashuvdan keyin ota-onamga qiz ma’qul kelganini aytdim. Maqsadim tezroq uylanib yana davolanishni davom ettirish uchun Toshkentga ketish edi. To‘y o‘tdi. Bir muddat qishloqda yashadim.
Vaqt o‘tgan sari rafiqam mendan zerikkanga o‘xshab qoldi. 8 oy turmush qurdik. Hayit bayrami edi. Uydagilarini bayram bilan tabriklashga ketgan turmush o‘rtog‘im qaytib kelmadi.
Dadamning kelinni borib olib kel, degan gapidan keyin qaynotamning uyiga bordim. Rafiqamning menga nisbatan ko‘ngli yo‘qligini o‘shanda bilganman. Ota-onasi nogiron bo‘lganim uchun ro‘zg‘orni eplab keta olishimga shubha qilishdi. Oxir-oqibat ajrashdik. Vaqt o‘tib o‘g‘limiz tug‘ildi.
Birinchi turmushim bo‘lmagach, tog‘am orqali ikkinchi turmush o‘rtog‘imni topdim. To‘ydan avval u bilan ko‘rishdik. Bir-birimizga ma’qul keldik. Yaratgan bir-biridan shirin 3 qiz berdi. Er-xotin qo‘sh ho‘kiz deydi. Kuchimiz yetganicha baholi qudrat bir-birimizni tushunib yashab kelyapmiz. O‘rtamizdagi munosabatlar yaxshi. Oila qurishdan avval bir-birimizni xafa qilmaslikka kelishib, keyin to‘y boshlaganmiz.
Yoshlikka qaytadigan bo‘lsak xizmatdan qaytganimdan keyin ko‘chadagi qizlarning o‘zi “yorilib” qolgan. Men sizni baxtli qilardim, deyishgan”, – deydi u.
U kuch-quvvat, aql-idrok bergani uchun Yaratganga hamdlar aytadi. Hayoti qaytib berilganidan xursand. Qishloqda paxsa uylar quradi. Ustachilik, bog‘dorchilik, parrandachilik, dehqonchilik bilan shug‘ullanadi.
“Taqdirimdan shikoyat qilishga haqqim yo‘q. Biz Allohning bandasimiz. Kutilmagan qismat peshonaga yozilgan. Agar shu holatimga men qolganlar salomat-ku, nega men shunaqa bo‘lib qoldim, deb afsus qilib yursam yuragimni ezib, Yaratganga shak keltirib qo‘ygan bo‘laman. O‘sha tomondan men qismatimni Xudoning mehribonchiligi deb qabul qilganman. Lekin Allohga shukr, shu yorug‘ dunyoda yana hayotga qaytarganiga. Balki o‘sha baxtsiz hodisada Allohning huzuriga ketgan bo‘larmidim. Yaratganga shukrlar bo‘lsin, yana kuch-quvvat berdi. Aql-idrok berdi. Qismatimdan ming marta roziman.
Yoshligimda mahalladagi masjidni bunyod etish uchun Qo‘qondan paxsa uy quruvchi ustalar kelgan. Ularning ishini ko‘rib turib havas qilganman. Uyga qaytib kelib, paxsadan ikki xonali uy qurganman. Xizmatdan kelib ham bir muddat ukam bilan paxsa uylar qurib yurdik. Bir ikki yil bo‘ldi bu ishni qilmay qo‘yganimga. Yigit kishiga yetmish hunar oz deydi-ku. Xudoga shukr, qo‘limdan ko‘p narsa keladi.
Ustachilik, bog‘dorchilik, parrandachilik, dehqonchilik barini eplab qilyapman”, – deydi u.
Ergashali akaning jismoniy imkoniyati avvalgidek bo‘lmasa-da, hayot uchun kurashadi. U baxtsiz hodisa haqida so‘zlab berdi.
“Shifokorlarga rahmat. O‘sha paytda sog‘ligimni tiklashib meni hayotga qaytarishdi. Hozirda sog‘ligimdan shikoyatim yo‘q. Mehnatga layoqatim yaxshi. Yaratgan kuch-quvvatimni qaytarib berdi. Jismoniy imkoniyatim avvalgidek bo‘lmasa-da yaxshiman. Asosiy jarohatim yuz qismimdan bo‘lgan. Jarohat olgan paytimda tishim qo‘porilib chiqib ketgan ekan-da.
Ertalabki badantarbiya paytida soat 7 lar edi. Otryadlarga bo‘linib mashq qilishga tushdik. Sport moslamasining ustida 10 dan ortiq askar bor edi. Temir truba qo‘porilib ketgandan keyin boshqa hech narsani eslay olmayman. Yiqilgan askarlar men qatori turli darajadagi tan jarohati olgan. Samarqandlik do‘stimning bosh qismi toshga sanchilib qolgan. Ikkimiz jiddiy jarohat olganmiz. Qolganlarning jarohati yengil bo‘lgan.
***
Ayolim uy bekasi. Farzandlarim tarbiyasi bilan mashg‘ul. Davlat tomonidan pensiya ajratilgan. Xudoga shukr yetib turibdi. Yangi ko‘tarilgan narx bilan 933 000 so‘mga chiqdi. Pensiyaga qarab turganimiz yo‘q. Qo‘limizdan kelganicha harakat qilyapmiz. Karantin paytidayam oziq-ovqat tomonidan yordam qilishdi.
Pensiya yetadi-yu, lekin yetgan taqdirdayam ozgina muammo bo‘lib qoladi. Orttira olmaymiz. Farzandlar katta bo‘lyapti. Yedirish-kiyintirish kerak. El qatori yashayapmiz. Kunimiz o‘tib turibdi. Pensiyaga qurilish qilib bo‘lmaydi. Oddiy tovuq katak qilmoqchi bo‘lsangiz ham falon pul ketib qoladi.
Yaqinda 27 yil deganda bir xizmat qilgan xizmatdosh o‘rtoqlarim kelishdi. Meni so‘roqlashib qidirib kelishibdi. Ona-bola sigir sotib olib berishdi. Yangi darvoza o‘rnatib berib ketishdi.
Ularning haqqiga duo qildim. Hozir ham duodaman”, – deydi sobiq askar.
Sobiq askarning turmush o‘rtog‘i Zarifaxon Isayeva ro‘zg‘or kamchiliklarini butlashda xo‘jayiniga ko‘maklashadi. O‘rtancha qizining vafoti onaning sog‘ligiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. U xasta qizini davolatish uchun borini berdi. Lekin qo‘lidan hech narsa kelmadi....
“Ergash akamning uydagilari sovchilikka borishgan. Xo‘jayinim bilan uchrashganmiz. Dadam ra’yimga qarab turmushga chiqish chiqmaslikni o‘z ixtiyorimga qo‘yib bergan. To‘yga rozilik berganman. Shundan keyin oila qurdik.
2006 yilda shu hovliga ko‘chib chiqqanmiz. Qo‘limda chaqaloq bor edi. Shu imoratni qiyinchilik bilan tiklaganmiz.
Katta qizimizni 2-3 yildan keyin turmushga uzatamiz. Pensiyalari oz. Lekin nolimaymiz. Xo‘jayinim uy ishlarini o‘zi qiladi. Qiynalib qolganida yordam beraman.
Bir qizim o‘tib qoldi. Ota-onam yordam berdi. Qizimni davolatishga Toshkentga, Farg‘ona shahriga olib bordim. Qizimning oyog‘iga o‘simta chiqib oyog‘ini kesib yuborishgan edi. Toshkentga davolatib yurgandim. Uni yelkamga chiqarib olardim. Dorilar qimmat edi. O‘sha yerda bir shifokor bizga yordam berdi.
Qizim bechora rosa dard chekdi. Onajon o‘lib qolarkanman, deb tinmay yig‘lardi. Shuncha davolatishimizga qaramay shu yilning 25 fevralida o‘tib qoldi. Katta va kichik qizlarim uni sog‘inishadi. Dadasiga ham bu kutilmagan zarba bo‘ldi. Kichik qizim hozir ham yig‘laydi opamni sog‘indim deb”, – deydi u.
Oilaga yordam berishni istagan yurtdoshlarimiz uchun: 8600 0609 4396 4339 (Ergashali Bozorboyev)
Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri,
Montaj ustasi: Abdusalim Abduvohidov.
Mavzuga oid
13:10 / 10.11.2024
“Bahordan boshlab qishga tayyorlanamiz” – qish qarshisidagi farg‘onaliklar
10:06 / 10.10.2024
Farg‘ona viloyati hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlandi
12:23 / 07.10.2024
Farg‘onada Lacetti urib yuborgan shaxs halok bo‘ldi
11:51 / 01.10.2024