O‘zbekiston | 12:00 / 29.06.2022
6173
3 daqiqa o‘qiladi

"Agrobank" ATB da O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgarishlar yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

"Agrobank" ATB Bosh ofisida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgarishlar bo‘yicha qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Foto: Agrobank

Mamlakatimiz bo‘ylab keng jamoatchilik ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgarishlar bo‘yicha qonun loyihasi hamda ushbu loyihaga aholi tomonidan bildirilgan takliflar keng muhokama qilinmoqda.

"Agrobank" ATB Bosh ofisida ham ushbu jarayonga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Bosh ofis hamda bankning hududiy filiallari tomonidan videokonferens aloqa shaklida o‘tgan tadbirda barcha xodimlar ishtirok etdi.  

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori Shaxnoza Joldasova ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgarishlar bo‘yicha keng tushuncha berdi.                                                                                                                      

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, xalqimiz tomonidan berilgan takliflar, shuningdek davlat rahbarining komissiya a’zolari bilan uchrashuvda "Insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak" degan tamoyil asosida berilgan takliflardan kelib chiqib "O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi tayyorlandi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi konstitutsiyamizning 60 dan ortiq moddalariga 200dan ortiq tuzatishlarni nazarda tutmoqda. Konstitutsiyaga o‘zgartishlar “inson-jamiyat-davlat” prinsipiga asoslangan bo‘lib, milliy konstitutsiyaviy o‘zlikni aks ettiradi va amaldagi konstitutsiyamizning barcha bo‘limlariga tub o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutadi.

Konstitutsiyaviy tuzatishlar, avvalambor, jamiyatning turli ijtimoiy qatlamlariga mansub bo‘lgan fuqarolarning shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ekologik huquqlari hamda manfaatlarini ta’minlashga, himoya qilishga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan normalarga aylanadi.

Kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar avvalo “inson qadri uchun” degan tamoyilni ro‘yobga chiqarishga qaratilganligi ishtirokchilar tomonidan e’tirof etildi. Tadbir mobaynida bank xodimlari faol ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

"Agrobank" ATB Matbuot xizmati

Mavzuga oid