Jahon | 15:25 / 29.06.2022
33625
8 daqiqa o‘qiladi

Anqara Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga a’zoligiga rozi bo‘ldi. Turklar ham o‘zi istaganini oldi

Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishi yo‘lidagi to‘siqlar bartaraf etildi.

Foto: Bernat Armangue / AP / Scanpix / LETA

Turkiya ham Finlandiya va Shvetsiya alyansga qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda 28 iyun kuni NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Madriddagi sammit doirasidagi yig‘ilishdan keyin e’lon qildi. «Men Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishi yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etadigan kelishuvga erishganimizni e’lon qilishdan mamnunman. Turkiya, Finlandiya va Shvetsiya Turkiyaning manfaatlari, jumladan, qurol eksporti va terrorizmga qarshi kurashni inobatga olgan holda memorandum imzoladi», — degan Stoltenberg Madriddagi NATO sammiti o‘tayotgan yig‘ilish kuluarida (asosiy zal tashqarisidagi yo‘lak) jurnalistlarga. Uning so‘zlariga ko‘ra, sammit yakunida Finlandiya va Shvetsiya NATO a’zoligiga taklif etilgan davlatlar maqomini oladi.

NATO sayti xabarida 28 iyun kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, Finlandiya prezidenti Sauli Niinistyo va Shvetsiya bosh vaziri Magdalena Andersson Stoltenberg ishtirokida uchrashuv o‘tkazgani aytilgan. Turkiyaning «Anadolu» agentligi yozishicha, muzokaralar matbuot uchun yopiq rejimda o‘tkazilgan va ikki soat davom etgan.

Mamlakatlar yetakchilari uch tomonlama memorandum bo‘yicha kelishib olishgan, harbiy alyans bayonotida aytilishicha, bu memorandum «Turkiya xavfsizligi muammolarini qonuniy yo‘l» bilan hal qilishni nazarda tutadi. Alyans bosh kotibi muzokaralar chog‘ida tomonlarning «konstruktiv yondashuvi»ni olqishlagan. Yakuniy memorandum uch mamlakat tashqi ishlar vazirlari tomonidan imzolangan.

Finlandiya va Shvetsiya Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin betaraflik maqomidan voz kechib, NATO safiga kirishga qaror qilgandi, ammo bunga alyans a’zolaridan biri Turkiya qarshi chiqayotgandi. Ikki mamlakat ham 18 may kuni NATO a’zoligi uchun rasman murojaat qilishgan, ammo Turkiya shu kungacha bu arizalar ko‘rib chiqilishiga to‘sqinlik qilib kelayotgandi. Turkiya o‘ziga zamonaviy qurollar yetkazib berilishiga embargo qo‘yilganidan va skandinav davlatlarida Anqara terrorchilar deb hisoblaydigan kurd jangarilariga boshpana berilganidan norozi edi.

Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, Turkiya qator shartlarini ilgari surgan va shu shartlar bajarilgan taqdirda Finlandiya va Shvetsiyaning tashkilotga qabul qilinishiga rozi bo‘lishini bildirgan. Bunday shartlar orasida — ushbu mamlakatlar Kurdiston ishchilar partiyasini terrorchilik tashkiloti sifatida tan olish, shuningdek 2019 yilda Rossiyaning S-400 havo hujumidan mudofaa tizimlarini sotib olgani uchun Anqaraga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish.

Turkiya ikki mamlakatni ham kurd ayirmachi guruhlarini qo‘llab-quvvatlashda ayblagan. BBC News nashri eslatishicha, Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘an may oyida Finlandiya va Shvetsiyada net «terrorchi tashkilotga nisbatan aniq va ochiq munosabat yo‘qligi»ni aytib, bunday davlatlarga qanday qilib ishonish mumkinligi borasida savol qo‘ygandi.

Finlandiya prezidenti Sauli Niinistyo 28 iyun kuni e’lon qilingan bayonotida so‘nggi haftalarda Turkiya terrorchilik tahdididan xavotirlar bildirganini aytgan. «Finlandiya doim bunday muammolarga jiddiy qarab kelgan. Finlandiya terrorizmning barcha shakl va ko‘rinishlarini qoralaydi. Finlandiya NATO a’zosi sifatida NATOning terrorchilikka qarshi kurashdagi hujjatlari va siyosatiga to‘liq rioya qiladi», — degan finnlar prezidenti. Uning so‘zlariga ko‘ra, NATOga qo‘shilish bo‘yicha aniq qadamlar 29-30 iyun kunlarida kelishib olinadi, «ammo hozirdanoq bunday qaror muqarrar».

Shvetsiya bosh vaziri Magdalena Andersson Finlandiya bilan birgalikda Turkiya bilan «juda yaxshi kelishuv» imzolashganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda u Erdo‘g‘anga iyul oyida shved qonunchiligida terrorizm bo‘yicha qanday tuzatishlar kuchga kirishi haqida ma’lum qilgan. «Va, albatta, biz terrorizmga qarshi kurashni davom ettiramiz va NATO a’zosi sifatida bu ishni Turkiya bilan yaqindan hamkorlikda amalga oshiramiz», — degan shvedlar bosh vaziri.

Finlandiya va Shvetsiya Turkiya terrorchi deb hisoblaydigan Kurdiston ishchilar partiyasi va boshqa tuzilmalar «faoliyati oldini olish»ga rozi bo‘lgan. Daily Sabah nashri xabar qilishicha, bu haqda tomonlar imzolagan memorandumda aytilgan. Shvetsiya va Finlandiya Kurdiston ishchilar partiyasi bilan yaqin aloqada bo‘lgan Suriya kurdlarining o‘zini o‘zi mudofaa kuchlari (YPG)ni, shuningdek Fathulloh Gulenning FETO harakatini qo‘llab-quvvatlamaslikka va’da bergan.

«Finlandiya va Shvetsiya terrorizmning barcha ko‘rinishlari va shakllarini qat’iylik bilan rad etadi va qoralaydi», — deyiladi memorandumda. Turkiya prezidenti ikki mamlakat ham Anqaraning 2019 yil Suriyadagi harakatlariga javoban Turkiyaga qurol yetkazib berishga qo‘yilgan embargoni bekor qilishga rozi bo‘lganini aytgan.

Daily Sabah Turkiya tomoni rasmiylari bayonotlariga asoslangan holda Turkiya Shvetsiya va Finlandiya bilan muzokaralarda «o‘zi istagan narsaga ega bo‘lgani» haqida yozgan.

NATO bosh kotibi matbuot uchun bayonotida «ittifoqchilarning hech biri shafqatsiz terrorchilik hujumlaridan, jumladan Kurdiston ishchilar partiyasi tomonidan qilingan hujumlardan Turkiya kabi aziyat chekmagani» haqida aytgan. «Turkiya, Finlandiya va Shvetsiya hukumatlari terrorizmga qarshi kurash sohasida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha kelishib olishdi», — degan Stoltenberg memorandum imzolangach.

NATO rahbari Finlandiya va Shvetsiyaning murojaati tez fursatda ko‘rib chiqilishi Rossiya uchun signal bo‘lishi kerakligini qayd etgan. «Bu NATO eshiklari ochiqligi haqida Moskva uchun yaqqol signal hisoblanadi», — degan Stoltenberg Madriddagi matbuot anjumanida (iqtibosa «Interfaks»dan). U mamlakatlar hech qanday tashqi bosimsiz alyansga qo‘shilish yoki qo‘shilmaslikni mustaqil hal qilishi kerakligini ta’kidlagan.

Finlandiya va Shvetsiya qachondan NATO a’zosi bo‘lishi haqidagi savolga javob berarkan, u bu jarayon qachon yakunlanishini «taxmin qila olmasligi»ni, chunki ularning a’zoligi to‘g‘risidagi bitim 30 mamlakat — alyansning barcha a’zolari tomonidan ratifikatsiya qilinishi kerakligini aytgan. «Bilamanki, ayrim parlamentlar allaqachon jarayonni boshlashgan, shuning uchun ham men o‘ylaymanki, ittifoqchilar orasida (NATOga a’zolikni) imkon qadar tezroq ratifikatsiya qilish istagi kuchli», — deya qo‘shimcha qilgan u.

NATOning Madriddagi sammiti 28-30 iyun kunlari bo‘lib o‘tmoqda. Uning boshlanishi arafasida, 27 iyun kuni, Yyens Stoltenberg sammitda so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yirik harbiy joylashtirish bo‘yicha qaror qabul qilinishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, NATOning tezkor harakatlanish kuchlari soni 40 mingdan 300 minggacha oshiriladi. Shuningdek, NATO alyans sharqiy qanotiga joylashtirilgan jangovar guruhlarni kuchaytiradi va brigadalar tashkil etiladi. Hozirda Yevropa bo‘ylab joylashtirilgan NATO jangovar guruhlari tarkibida 1000 nafardan 1600 nafargacha harbiy bor; bu guruhlar brigada darajasiga chiqarilishi askarlar soni kamida ikki barobar oshirilishini anglatadi. Bundan tashqari, alyansning yangi strategik konsepsiyasida Rossiya NATO «xavfsizligi uchun asosiy va to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid» sifatida ko‘rsatiladi.

Mavzuga oid