«Konstitutsiya faqat O‘zbekiston xalqining taklif va fikrlari asosida o‘zgartiriladi hamda takomilga yetkaziladi» - Shavkat Mirziyoyev

Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev 3 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesida deputatlar, faxriy va faollar bilan o‘tkazgan uchrashuvda Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishlar faqatgina xalqning roziligi asosida qabul qilinishi haqida gapirdi.
«Mamlakatimiz Konstitutsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasining «Favqulodda holat to‘g‘risida»gi qonuniga muvofiq, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniylik va huquq-tartibotni tiklash maqsadida men 2022 yil 3 iyuldan 2 avgustga qadar «Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida favqulodda holat joriy etish haqida»gi Farmonni imzoladim.
Ishonchim komil, ushbu farmon ijrosini ta’minlash davomida ko‘pmillatli Qoraqalpog‘iston xalqi mamlakatimiz ravnaqi va farovonligining poydevori bo‘lgan tinchlik va barqarorlik, fuqarolar o‘rtasida hamjihatlikni ta’minlash uchun birlashib, barcha kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi.
Yana bir bor ta’kidlab aytmoqchiman: «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi e’lon qilindi va umumxalq muhokamasidan o‘tmoqda. U faqat O‘zbekiston xalqining taklif va fikrlari asosida o‘zgartiriladi va takomilga yetkaziladi.
Shundan so‘ng mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi referendumiga qo‘yiladi va fuqarolarimiz erkin ovoz berish yo‘li bilan o‘z xohish-irodasini ifoda etadilar. Faqat shundan keyin O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritiladigan o‘zgartish va qo‘shimchalar qonuniy kuchga ega bo‘ladi.
Bunday yondashuv «Xalq – Konstitutsiyaning birdan-bir manbayi va muallifi», degan prinsipga to‘la mos keladi. Faqat shundagina har bir vatandoshimiz «Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi – bu mening Konstitutsiyam», deb g‘urur bilan ayta oladi.
Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha muhokamalar jarayoni davom etmoqda. Qoraqalpog‘iston aholisi tomonidan bildirilayotgan fikrlarni o‘rganish asosida Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari, muhtaram nuroniylarimiz hamda Qoraqalpog‘iston faollari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda men O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasining huquqiy maqomiga oid 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda, o‘zgartirmasdan qoldirishni taklif etdim.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yaqin kunlarda bu masalani ko‘rib chiqadi», degan Shavkat Mirziyoyev.
Mavzuga oid

17:38 / 25.12.2024
Mirziyoyev MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi

15:59 / 25.12.2024
Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon samolyoti halokati yuzasidan hamdardlik bildirdi

00:30 / 25.12.2024
Shavkat Mirziyoyev Sankt-Peterburgga bordi

20:19 / 24.12.2024