O‘zbekiston | 13:18 / 05.07.2022
82688
6 daqiqa o‘qiladi

«Provokatorlar ichkaridan turib odamlarni boshqarishdi» - ikki kunlik tartibsizliklardan keyingi Nukus

1 iyul kuni Qoraqalpog‘istonda boshlangan namoyishlar ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketdi.

Ikki kunlik tartibsizliklar natijasida 18 kishi halok bo‘lgan va ulardan to‘rt nafari – harbiy xizmatchilar. 243 nafar shaxsga, jumladan, 38 nafar huquq-tartibot organlari xodimiga turli darajadagi tan jarohatlari yetkazildi.

Shuningdek, yuzaga kelgan vaziyat oqibatida qator obektlar va fuqarolarning uy-joylariga zarar yetkazilib, yana bir nechta avtomobillar yoqib yuborilgan.

Kun.uz muxbiri 3 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi markazi – Nukus shahrida bo‘lib, ommaviy tartibsizliklardan keyingi shahar, vaziyatga guvoh bo‘lgan fuqarolar va harbiy xizmatchilar fikrlari asosida reportaj tayyorladi.

Yoqilgan avtomobillar va zarar ko‘rgan binolar, blokpostlar, uzilgan internet, yopilgan oshxonalar-u, atrofni nazorat qilayotgan qurolli harbiylar.

Bu – noqonuniy miting va tartibbuzarliklardan keyingi Nukus ko‘chalarining hozirgi ko‘rinishi.

Qoraqalpog‘iston markaziga safar qilarkanmiz, e’tiborimizni tortgan ilk holat yoqib yuborilgan mana shu kabi avtomobillar bo‘ldi.

Anvar Abdurahmonov yuk avtomobili namoyishchilar tomonidan yoqib yuborilganlardan biri. U nukuslik, ammo lizing asosida sotib olgan yuk avtomobilining raqami Toshkent shahriga tegishli edi.

U bizga o‘tgan ikki kun davomida ayrim namoyishchilarning tajovuzkor millatchilikka qo‘l urgani haqida so‘zlaydi.

“Avtomobilimning yoqib yuborilishiga uning Toshkent shahriga tegishli “01” raqami sabab bo‘lgan. Bu odamlar daladan kelgan odamlar bo‘lgan, kimligini bilmayman. Mashinalar, uylarni toshbo‘ron qilishdi. Kech soat 21-22 lar atrofida mashinamning oldiga kelmoqchi bo‘ldim, lekin chiqolmadim.

Bu vaziyatda tushunmovchilik bo‘lgan. Bizning xalq kimgadir yomonlik qiladigan odamlar emas.

Bu – savodsizlik. Inson savodli bo‘lsa, bunday ishlarni qilmaydi”, – deydi Abdurahmonov.

Biz shaharda davlat raqamisiz harakatlanayotgan avtomobillarni ham ko‘rdik. Haydovchilar buni o‘tgan ikki kun davomida davlat raqami Qoraqalpog‘istonniki bo‘lmagan avtomobillar toshbo‘ron qilingani, egalari esa siquvga olingani bilan izohladi.

Bu Qoraqalpog‘istondagi harbiy hospital. Hospitalda namoyishchilar bilan to‘qnashuvlarda turli darajada jarohatlangan o‘ndan ortiq harbiy xizmatchilarni davolashmoqda.

 

Harbiylar bizga to‘qnashuvlar qanday kelib chiqqani haqida so‘zlab berdi.

“Namoyishchilarga tinchlanishi kerakligini tushuntirdik. Ayrimlari gaplarimizni tushunib ortga qaytdi, lekin ayrimlari qaytishni istamadi.

Mana shu tartibsizliklarga chiqqanlar orasida odamlarni boshqarib, oldinga chorlayotgan provokatorlar ham bor edi. Ular o‘zi oldinga chiqmadi, lekin boshqalarni tartibsizlikka chaqirib boshqarib turardi”, – deydi to‘qnashuvlarda boshi yorilgan bir harbiy xizmatchi.

Namoyishchilar yana bir harbiy xizmatchining qo‘liga temir armatura bilan shikast yetkazishgan. Uning aytishicha, namoyishchilar harbiylardan Qoraqalpog‘istondan chiqib ketishni talab qilgan.

Hozir Nukusdagi boshqa qator kasalxonalar ham tartibsizliklar oqibatida jarohatlangan bemorlar bilan to‘lgan.

Aniqlangan holatlarga ko‘ra, jami 243 nafar shaxsga, jumladan 38 nafar huquq-tartibot organlari xodimiga turli darajadagi tan jarohatlari yetkazilgan. 18 kishi halok bo‘lgan va ulardan to‘rt nafari – o‘z burchini bajarayotgan harbiy xizmatchilar bo‘lgan.

Foto: Gazeta.uz
Foto: Gazeta.uz

516 nafar fuqaro tartibbuzarliklarda shubhali deya topilib, IIBga yetkazilgan, ulardan aksariyati birmuncha vaqtdan keyin ma’muriy jarima qo‘llangan holda qo‘yib yuborilgan.

Biz namoyishlar va uning sabablari haqida mahalliy aholi vakillaridan ham fikr olishga harakat qildik. Ammo ko‘pchilik kamera qarshisida gapirmasligi, lekin shaxsi sir qolishi kafolatlansa, fikrlarini ayta olishini bildirdi.

Ulardan biriga ko‘ra, bu voqealarda gap faqat konstitutsiya moddalarida emas.

“Dauletmurat Tajimuratovning hibsga olinishi va mahalliy rahbarlarning odamlar bilan o‘z vaqtida, yetarlicha dialogga kirishmagani ham vaziyatni taranglashtirdi. Mana, Mirziyoyev kelgach, namoyishlar ham to‘xtadi-ku”, deydi u.

Foto: Getty Images

Ayni vaqtda Qoraqalpog‘istonda norozilik namoyishlari, ko‘cha yurishlari to‘xtagan. Harbiylar holatni nazorat qilib turibdi.

Xavfsizlik va jamoat tartibini saqlash uchun Qoraqalpog‘iston hududida 3 iyuldan boshlab 1 oylik favqulodda holat joriy etilgan. Bu davrda soat 21:00dan 7:00gacha komendantlik soati amal qiladi.

4 iyul kuni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Yevropa Kengashi prezidentlari O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali suhbatda rasmiy Toshkentning mazkur voqeadagi tutgan yo‘lini qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, Turkiya tashqi ishlar vaziri, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili hamda Rossiya prezidentining matbuot kotibi Qoraqalpog‘istondagi vaziyat qayta izga tushishiga ishonch bildirdi.

Mavzuga oid