Jahon | 09:23 / 05.07.2022
24685
10 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaga qarshi gapirgan sobiq shoumen. Isroilning yangi bosh vaziri Yair Lapid haqida nimalar ma’lum?

O‘tgan hafta oxirida Isroil hukumati rahbarligi rasman amaldagi bosh vazir Naftali Bennetdan («Yangi o‘ngchilar» partiyasidan) Yair Lapidga («Yesh Atid» partiyasidan) o‘tdi. Hukumatning yangi tarkibi e’lon qilingunga qadar Lapid uni boshqarib turadi. Ya’ni so‘nggi uch yil ichida beshinchi marta o‘tkaziladigan navbatdan tashqari parlament saylovlariga qadar.

Lapid kelishuv doirasida Bennetning o‘rnini egalladi. Foto: Reuters

Televideniyedagi shou boshlovchiligidan siyosatchiga aylanganidan keyin o‘tgan 10 yil davomida Isroil bosh vaziri bo‘lishni orzu qilgan Yair Lapid nihoyat o‘zi istagan lavozimni vaqtincha bo‘lsa-da egalladi. U mamlakatdagi eng yuqori lavozimni uzoq vaqt davomida egallashga munosib ekanini isbotlashni istamoqda, lekin bu oson ish emas. Axir Isroilda oxirgi uch yilda beshinchi marta parlament saylovlari o‘tkaziladi.

O‘z vaqtida havaskor bokschi ham bo‘lgan janob Lapid hukumat tepasida qolish uchun konservator Binyamin Netanyahuning «zarbalariga ham dosh berishi» kerak bo‘ladi. O‘tgan yil bosh vazirlikni topshirishga majbur bo‘lgan Netanyahu bu lavozimni mamlakat tarixida eng ko‘p vaqt davomida egallagan siyosatchi hisoblanadi. Ammo Lapid ham Netanyahu uchun jiddiy raqib hisoblanadi. Sobiq bosh vazir 2021 yil aynan Lapidning sa’y-harakatlari bilan birlashgan 8 ta partiyalar alyansiga imkoniyatni boy bergandi.

Isroil tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan Yair Lapid oxirgi bir yilda mamlakat bosh vaziri bo‘lgan Naftali Bennet bilan kelishilgan hukumat taqsimoti kelishuvi doirasida vaqtincha bosh vazir bo‘ladi. Sobiq jurnalist bu lavozimni o‘tish davrida, ya’ni oktyabr yoki noyabrdagi saylovlar o‘tkazilib, yangi hukumat tashkil etilgunga qadar egallab turadi. Agar koalitsiya tuzish imkoni bo‘lmasa, undan keyin ham bosh vazir bo‘lib qolishi istisno etilmaydi.

«Biz bir necha oydan keyin saylovga borsak ham duch kelayotganimiz muammo kutib turmaydi», dedi Lapid Naftali Bennet bilan birgalikda tuzgan koalitsiyasi faoliyatini yakunlaganini e’lon qilar ekan. Koalitsiyadagi ichki nizolar parlamentdagi ko‘pchilik mavqesi boy berilishiga olib keldi.

Isroil siyosatida o‘n yillardan buyon faol bo‘lib keladigan Lapid mamlakatdagi asosiy muammolarini sanar ekan, avvalo hayot tarzining qimmat ekanini keltirdi. Shuningdek, G‘azo sektoridagi xavfsizlikka tahdid, Livan va Erondan bo‘ladigan xatarlarni ham ta’kidladi.

Yair Lapidning markazchi «Yesh Atid» partiyasi 2013 yilgi saylovda kutilmaganda ikkinchi o‘rinni egallagan. Foto: AFP

Lapid hukumatda bo‘lgan vaqtida Isroilni demokratik bo‘lmagan davlatga aylantirishni istayotganlarga qarshi kurashishini ham aytdi.

Siyosatchi ushbu gapi bilan ayni damda ham korrupsiya ayblovi bo‘yicha sud ishi obekti bo‘lib turgan sobiq bosh vazir Binyamin Netanyahuga ishora qildi.

Katta siyosatga yo‘l

Yair Lapid 1963 yil Tel-Avivda tug‘ilgan. Uning onasi yozuvchi bo‘lgan, holokostdan omon chiqqan otasi esa jurnalist bo‘lib ishlagan, keyinchalik siyosatga o‘tib sekulyarizm tarafdori sifatida tanilgan.

Lapid armiyada xizmat qilgan vaqtida harbiy jurnalda muxbir bo‘lib ishlagan. U oliygohga o‘qishga kirmaydi, lekin gazetalarda maqola yozadi, kitob chop ettiradi, ssenariy va qo‘shiq matnlari yozib, hatto kinolarda ham suratga tushadi. Keyinchalik televideniyeda ishlab taniladi.

Teleboshlovchi bo‘lgan vaqtida Lapid hukumat vakillari bilan yaqinlashadi, ammo bu faoliyatida noqulay ahvolga tushgan vaqtlari ham bo‘lgan. Masalan, o‘sha vaqtda g‘aznachilik rahbari bo‘lgan Binyamin Netanyahu bilan intervyu vaqtida «Men iqtisodiyotda hech narsani tushunmayman» deb aytgan. Bugun esa Lapid haqida gapirganda aynan o‘sha gapi tez-tez eslanadi.

Lapidning siyosiy faoliyati 2011 yilgi ijtimoiy-iqtisodiy namoyishlar vaqtida boshlangan. U o‘zining «Yesh Atid» (Kelajak bor) partiyasini tuzadi-da, asosiy e’tiborni o‘rta sinf odamlarining kundalik muammolarini hal qilishga qaratishini aytadi. 2013 yilgi saylovlarda partiya yaxshi ko‘rsatkich qayd etib, 14 foiz ovoz to‘playdi. Lapid saylov kampaniyasida uy-joy narxi qimmatligi, ta’limdagi islohotlar borasida ham takliflar beradi. Shuningdek, diniy jamoa vakillari bo‘lgan yahudiylarni harbiy xizmatdan ozod qilish taklifini ilgari surib, dunyoviy isroilliklarning e’tiroziga sababchi bo‘ladi.

Oxir-oqibat «Yesh Atid» partiyasi Binyamin Netanyahuning «Likud» partiyasi boshchiligidagi koalitsiyaga qo‘shiladi. Lapid 2014 yil oxiriga qadar moliya vaziri bo‘lib ishlaydi. Hamkorlar bilan munosabatlardagi keskinlik uning iste’fosiga sabab bo‘ladi.

Lapid 2013-14 yillarda Binyamin Netanyahu davrida moliya vaziri bo‘lgan. Foto: Getty Images

Keyingi saylovlar o‘tgach esa Lapid muxolifat yetakchisiga aylanadi. 2018 yil politsiya Netanyahuga nisbatan korrupsiya ayblovi bo‘yicha ish ochishni taklif qilganda Lapid hal qiluvchi guvoh sifatida ko‘rsatiladi.

Lapid va Rossiya

Lapid oxirgi bir yil davomida koalitsion hukumat tarkibida tashqi ishlar vaziri bo‘lib ishladi. Bu lavozimda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Hitler yahudiy bo‘lgani haqidagi gapiga javob berishiga to‘g‘ri kelgandi. Bu ish esa Isroil uchun «muvaffaqiyatli yakunlandi» – Putinning o‘zi Bennetdan Lavrovning gapi uchun uzr so‘radi.

«Rossiya tashqi ishlar vaziri Lavrovning gaplari nafaqat kechirib bo‘lmas va dahshatli, balki tarixiy xato hamdir. Yahudiylarning o‘zini antisemitizmda ayblash bu millatga qarshi qilinishi mumkin bo‘lgan eng yomon irqchilikdir», degandi Lapid bu borada ilk marta Isroil pozitsiyasi haqida gapirar ekan.

Isroil Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilmayotgan, urushda qaysi tomonda ekanini davlat sifatida yaqqol namoyon qilmayotgan bo‘lsa-da, Lapid Rossiya bosqinini qoralashini aytgandi. «Buni oqlab bo‘lmaydi. Rossiyani o‘t ochishni va hujumni to‘xtatishga chaqiramiz. Barcha masalalar muzokaralar stolida hal qilinishi lozim», degandi u.

Yair Lapid Isroil siyosatchilari orasida birinchi bo‘lib Rossiyani to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukrainada harbiy jinoyat sodir etganlikda ayblagan. U 5 aprel kuni Afinada o‘tgan matbuot anjumanida ham Rossiyaning harakatlariga qarshi gapirgandi: «Ukrainadan kelayotgan suratlar va dalillar shunchaki dahshatli. Rossiya harbiylari qurolsiz tinch aholi vakillariga qarshi jinoyat sodir etgan. Bu harbiy jinoyatlarni keskin qoralayman».

Lapid urush boshlanishidan biroz avval Ukrainaga bostirib kirsa, Rossiyaga qarshi sanksiya qo‘llash kerakligi haqida gapirgan, Isroil o‘z manfaatlaridan kelib chiqqan holda bu jarayonga qo‘shilishini aytgandi.

Lapid Isroil bosh vaziri sifatida kamida ikkita yirik tadbirda ishtirok etishi aniq: iyulda AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uning Isroilga tashrifi doirasida uchrashadi. Shuningdek, sentabrda BMT Bosh assambleyasida nutq so‘zlaydi.

Lapid va Falastin

Yangi bosh vazir Falastin masalasida oldingi hamkasblariga qaraganda nisbatan mo‘’tadilroq pozitsiyada.

Lapid Isroil tarixidagi eng yirik koalitsiyada turli partiyalarni birlashtira olgan. Foto: Reuters

U ikki davlat konsepsiyasini qo‘llaydi, ammo hal qiluvchi masalalarda ayovsiz bo‘lish tarafdori. Masalan, intervyularida Quddus bo‘linmasligi, Isroil poytaxti sifatida qolishi kerakligini aytgan. Uning fikricha, falastinliklar Quddusning sharqiy qismini kelajakda o‘z davlati poytaxti sifatida qarash uchun tarixiy asosga ega emas.

Lapid bilan eski tanish bo‘lgan va oltinchi marta bosh vazir bo‘lishga urinadigan Netanyahu unga Eron va terrorizmga qarshi kurash masalasida ayovsiz ekanini ko‘rsatish orqali qarshilik qilmoqchi. Lapidning oldida juda murakkab vazifa turibdi: ichki birdamlikni ta’minlash va tashqi kuchlardan himoya qila olishini ko‘rsatish. Shuningdek, Lapid muxolifat tomonidan iddao qilinayotganidek Tel-Avivdagi tor doirali imtiyozga ega elita vakili ekani haqidagi savollarga javob berishiga to‘g‘ri keladi.

Har xil sheriklar bilan ishlay olish mahorati

Lapidni diniy jamoalar yetakchilik qiladigan partiya vakillari yoqtirmasligi ko‘rinib qoldi, ammo u turli sheriklar bilan ishlay olishini ko‘rsatgan. U o‘z vaqtida hozirda mudofaa vaziri bo‘lgan Benni Gans bilan 2019 yilgi saylovlarda birlashgandi. Keyinchalik Netanyahuni bosh vazirlikdan ketkazgan koalitsiyani tuza olgandi.

Ilk marta Arablar islom partiyasi tarkibiga kirgan hukumat xalqaro tasdiqdan o‘tdi. Lapid koronavirus pandemiyasining ikkita to‘lqiniga «bas kelgan», uch yil ichida ilk marta Isroil budjeti qabul qilinishiga erishgandi. U Vashington bilan ham, arab davlatlari bilan ham munosabatlarni yaxshi o‘rnata olgan.

Jamoatchilik fikriga ko‘ra, Binyamin Netanyahu boshchiligidagi «Likud» partiyasi keyingi saylovlarda eng ko‘p ovoz oladi, ammo barcha sheriklari bilan birgalikda ham parlamentda ko‘pchilikka ega bo‘la olmaydi. Yair Lapid saylovlardan keyin ham bosh vazir lavozimida qola olishi uchun yaxshigina siyosiy mahorat ko‘rsatishi talab etiladi.

Mavzuga oid