O‘zbekiston | 15:27 / 09.07.2022
35453
8 daqiqa o‘qiladi

Imtihonlar sanasi, tartibi va boshqalar: Sardor Rajabov bilan suhbat

Oliygohlarga kirish imtihonlariga sanoqli kunlar qoldi. Kun.uz bu yilgi test sinovlari yuzasidan abituriyentlarni qiziqtirayotgan savollar yuzasidan Davlat test markazi direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov bilan intervyu tashkil etdi.

– Imtihonlar ochiq havoda o‘tadigan bo‘ldi, abituriyentlarga qanday sharoit yaratiladi?

– Davlat komissiyasining qaroriga muvofiq, test sinovlari ochiq xiyobon va stadionlarda bo‘lishi belgilandi. Ularning ro‘yxati tasdiqlandi va bu to‘g‘risida Davlat test markazi abituriyentlar va ularning ota-onalariga xabar berdi. Qanday tashkil etilishiga keladigan bo‘lsak, birinchi yil emas, uchinchi yil testlarni ochiq stadion va xiyobonlarda tashkil qilyapmiz.

54ta stadion va xiyobon tanlab olingan. U yerda barcha sharoitlar yaratiladi. Birinchidan, abituriyentlar shaxsini identifikatsiyalash, Face-ID orqali tekshirib kiritish, undan keyin har bir guruhga kamera, ikkitadan nazoratchi qo‘yishni rejalashtirganmiz. Undan tashqari, test jarayonlari to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatiladi. Har domgidek ruchka, suv beriladi. Agar maxsus komissiyaning tibbiy niqob berish haqida qarori qabul qilinsa, niqob ham tarqatiladi. O‘tgan yilga solishtiradigan bo‘lsak, tashkilotchilik sifati undan-da yaxshiroq bo‘lishiga harakat qilamiz.

– Yoz oyi bo‘lgani uchun havo harorati juda issiq, abituriyentlarga bosh kiyim tarqatish ko‘rib chiqilmayaptimi?

– Ikki yil davomida bosh kiyimlar tarqatildi. Bu yil hali bu haqda bizga topshiriq yo‘q, chunki joylar tayyorgarligi endi boshlandi. O‘ylaymanki, ochiq joyda bo‘lsa, bosh kiyim ham beriladi. Agar abituriyentlar o‘zining bosh kiyimi bilan kelsa ham, bunga hech qanday cheklov bo‘lmagan.

– Chet tilidan ijodiy imtihon qanday sharoitda o‘tkaziladi? Qaysi sanadan qachongacha va ularni baholash mezoni qanday bo‘ladi?

– Bu yil Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 6ta oliy ta’lim muassasasida chet tili birinchi til sifatida kiritilgan bo‘lsa, ularga ijodiy imtihon olinishi hamda prezident qarori bilan ijodiy imtihon topshiradigan yo‘nalishlarga 10 iyulgacha ro‘yxatga olish belgilandi. Doimiy ravishda bu haqda abituriyentlarni ogohlantiryapmiz, hamma 20 iyulgacha o‘tsa, sizlar 10 iyulgacha o‘tib bo‘lishingiz kerak, deb. Chunki ulardan 4ta ko‘nikma bo‘yicha (tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish) imtihon o‘tkazishimiz kerak.

Ularni tashkillashtirish va baholash mezoni hamda formati qanday bo‘ladi degan savol bor. Hukumatning 73-sonli qarori bilan formati belgilangan, shu format doirasida B1 darajadagi savollar bo‘ladi. U testlar DTM veb-saytida turibdi. U yerda namunaviy savollarni ishlab ko‘rsa bo‘ladi. Shuningdek, veb-saytimizda onlayn imtihon topshirib ko‘rish mumkin.

Chet tilidan ijodiy imtihonda har bir ko‘nikma uchun 30 balldan, jami 120 ball beriladi. Shu ball 93 ballga foiz jihatdan konvertatsiya qilinadi. Agar siz testga kirib 4ta ko‘nikma bo‘yicha jami 80 foiz natija ko‘rsatgan bo‘lsangiz, sizga 93 ballning 80 foizi beriladi.

Yana bir tomoni bor, ijodiy imtihon bo‘ladigan 6ta OTMga topshirayotganlar faqat shu OTMga topshira oladi. Shuningdek, ijodiy imtihonlar yopiq binolarda tashkil etiladi, chunki tinglab tushunish imtihonini ochiq havoda o‘tkazish imkonsiz.

Gapirish imtihoni kompyuterda olinadi. Bunda DTM tomonidan yaratilgan dasturga abituriyent JShIRni kiritish orqali tizimga kiradi va ekspert bilan gaplashadi. Savol-javob tugagandan keyin dastur audioni ikkinchi ekspertga yuboradi. Ikkinchi ekspert ham baholaydi va ikki ekspertning ballaridan kelib chiqib o‘rtacha ball avtomatik hisoblanib qo‘yiladi.

Agar birinchi va ikkinchi ekspert qo‘ygan baholar bir-biridan keskin farq qilsa, unda dastur uni avtomatik 3-ekspertga yuboradi. Dastur 3-ekspert orasidan bir-biriga yaqin ikki ekspertning bahosini olib, o‘rtacha natija chiqaradi.

Ko‘pchilik o‘zimdan ham so‘rayaptiki, korrupsiya bo‘lmaydimi, deb. Dastur shu sababli yaratilgan ediki, u abituriyent gapirish imtihonini topshirgach, uning audiosini istalgan ekspertga avtomatik tasodifiy tanlab yuboradi. Bizda ekspertlar bazasi bor. DTM yoki kimdir falonchi abituriyentning ishini falonchi ekspertga yuborishni tanlab bera olmaydi.

Yozish ko‘nikmasi ham shunaqa, ya’ni yozib topshirgandan keyin skayner qilinadi va javob varaqasini dastur yopadi hamda random tarzda istalgan ekspertga yuboradi.

– Ijodiy imtihonlarni abituriyentlar yashash joyida topshirishi uchun ham sharoit bo‘ladimi?

– Imtihonlar barcha hududlarda tashkillashtiriladi. Bizda chet tilini bilish bo‘yicha CEFR imtihonlari qanday tashkil qilinsa, xuddi shunga o‘xshagan tarzda test sinovlari o‘tkaziladi.

– Kechga qolgan abituriyent testga kirish huquqidan mahrum bo‘ladimi?

– Hukumatning 261-qarori bilan tasdiqlangan nizomda belgilab qo‘yilganki, kechga qolgan abituriyent test sinovlariga kiritilmaydi. Birinchidan, kechga qolgan abituriyent boshqalarga xalal beradi. Chunki nazoratchi javoblar varaqasi va test topshiriqlar kitobini qanday to‘ldirish mumkinligi haqida tushuntirish beradi. Kech qolgan abituriyentga qayta tushuntirishning imkoni bo‘lmaydi, chunki bu boshqalarga xalal beradi. Bundan tashqari, abituriyentlarda “test kitoblari ochilganidan keyin kelib o‘tirdi”, degan ma’noda e’tiroz bo‘lishi mumkin.

Kech qolgan abituriyentni kiritmaymiz, lekin qanaqadir darajada vaqt beryapmiz. Birinchi yili soat 8:00 da test boshlanadigan bo‘lsa, bir daqiqa kechiksa ham kiritmayotgan edik. Lekin o‘tgan yil besh daqiqa vaqt berdik, bu yil ham, o‘ylaymanki, shunaqa bo‘ladi. Lekin test sinovlari boshlanganidan keyin hech kim testga kiritilmaydi.

– Bu yil ham test sinovlari 1 avgustdan 15 avgustga qadar o‘tkaziladimi yoki qandaydir o‘zgarishlar bo‘ladimi?

– Komissiya qarori bilan imtihonlar qachondan qachongacha o‘tkazilishi belgilanadi. Chunki nechta abituriyent bo‘lishi noma’lum, hali qabul tugamadi. Barcha abituriyentlar haqida ma’lumot hosil bo‘lgandan keyin o‘tirish o‘rinlariga qarab ularni taqsimlab, test sinovlari necha kun davom etishi belgilanadi.

Hozir xiyobon va stadionlar tayyorlanyapti, barcha tashkiliy ishlar tugagach, test muddati e’lon qilinadi. O‘ylaymanki, avgustning boshida boshlanadi va albatta abituriyentlar soniga qarab necha kun cho‘zilishi ma’lum bo‘ladi.

– Qanday hollarda abituriyent imtihondan chetlashtirilishi mumkin?

– Telefon olib kirishga harakat qilsa yoki olib kirsa. Telefonmi, soatmi, har qanday shpargalka olib kirish mumkin emas. Abituriyentlar asosan shu sabab bilan chetlashtiriladi. Bundan tashqari, savollar kitobini almashsa yoki bir-biri bilan gaplashsa, boshqa abituriyent o‘rniga o‘tirib test ishlashga urinsa, chetlashtiriladi.

O‘tgan yil kuzatildi, qandaydir yo‘l bilan telefon olib kiryapti va savollar kitobini rasmga olib chiqarib yuboryapti. Savollar kitobi har bir abituriyent uchun individual tuzilgan. Rasmga olib chiqarib yuborganda esa savollar kitobining raqami ko‘rinib qoldi. Biz shunday raqamli kitob qaysi imtihon nuqtasiga ketganini aniqlay olamiz. Kameralarni ko‘tarib, telefon ishlatganiga guvoh bo‘lib, abituriyentni chetlashtirganmiz.

Undan keyin, savollar kitobining raqamini yopib tarqata boshlashdi, lekin individual variant bo‘lgani uchun o‘sha savollar ketma-ketligidagi variantlar kimga tegishliligini aniqlaymiz va kamerani ko‘tarib o‘sha abituriyentni testdan chetlashtiramiz.

To‘liq intervyuni Kun.uz'ning YouTube sahifasida tomosha qiling.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Operator va montaj ustasi Mirvohid Mirzarahimov.

Mavzuga oid