O‘zbekiston | 08:19 / 11.07.2022
8945
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha prezident qarori qabul qilinadi

Foto: Kun.uz

Prezidentning “Toshkent shahri – yashil maydon” g‘oyasi asosida Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash, bioxilma-xillikni asrash va tiklash bo‘yicha choralar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi

Toshkent shahar hokimligi, Ekologiya qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi birgalikda ishlab chiqqan Toshkent shahrida ekologik holatni yaxshilash, butun dunyoda global isish, iqlim o‘zgarishi salbiy oqibatlarining (qurg‘oqchilik, o‘rtacha havo haroratining ko‘tarilishi, biologik turlarning kamayishi va qirilib ketishi natijasida bioxilma-xillik buzilishi) oldini olish, yashil maydonlar va daraxtzorlarni ko‘paytirishga qaratilgan quyidagilarni nazarda tutuvchi “Toshkent shahri va shahar atrofida ko‘kalamzorlashtirish va bioxilma-xillikni asrash va ko‘paytirish chora-tadbirlar dasturi – Yo‘l xaritasi” tasdiqlanadi:

  • Toshkent shahrida daraxtzor, butazorlar va yashil maydonlarni kengaytirish, yashil maydonlarni sug‘orish tizimida zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llagan holda dunyoning yetakchi yashil shaharlaridan biriga aylantirish;
  • Toshkent shahri atrofida yashil o‘rmonzor va daraxtzorlar tashkil etish orqali “Yashil belbog‘” (Toshkent yashil belbog‘i) loyihasini amalga oshirish;
  • Toshkent shahridan oqib o‘tuvchi kanallar va ochiq suv havzalari bioxilma-xilligini ta’minlashda mahalliy gidrobiotop sharoitiga mos sazan (Cyprinus carpio), oq amur (Valenciennes) baliqlari chavaqlarini qo‘yib yuborish orqali suv havzalarini baliqlashtirish, “tabiiy suv tozaligi indikatori”ni ta’minlash;
  • Toshkent shahrida mayda chumchuqsimon qushlar (dala chumchug‘i, Buxoro chittagi, sariqto‘sh chittak, qizilishton), kichik boyqushlar (Boyo‘g‘li, cho‘l sog‘i, oddiy sog‘) turlarini ko‘payishi uchun qulay muhit va sharoit yaratish orqali bioxilma-xillikni ko‘paytirish;
  • Toshkent shahri bo‘ylab 2022-2023 yillarda atmosfera havosining ifloslanish darajasini ko‘rsatuvchi o‘lchov vositalari o‘rnatish va ularni Toshkent shahar hokimligi huzuridagi “Raqamli Toshkent” vaziyatlar markaziga integratsiya qilgan holda doimiy monitoring tizimini joriy etish;
  • Toshkent shahridan oqib o‘tuvchi kanallar va suv obektlarida suvning tozaligi va ifloslanishini doimiy ravishda laboratoriya tahlillari asosida o‘rganib, “ifloslanish hududlari”ni aniqlash orqali suv tozaligini ta’minlash bo‘yicha manzilli ishlarni amalga oshirish;
  • kichik sanoat zonalari, yoshlar sanoat zonalari va tadbirkorlik zonalari (keyingi o‘rinlarda – sanoat zonalari) hududida hosil bo‘layotgan  chiqindi suvlarni tozalash lokal stansiyalarini barpo etish va chiqindi suvlarni tozalangandan so‘ng ochiq suv havzalariga oqizishni ta’minlash;
  • Toshkent shahrida hosil bo‘layotgan qattiq maishiy chiqindilarni, avtomobil shinalarini qayta ishlash quvvatlarini ishga tushirish orqali chiqindi poligonlariga ko‘milayotgan chiqindilar miqdorini kamaytirish;
  • 2023-2026 yillarda Toshkent shahrida manzarali daraxtlar va ko‘p yillik butalarni ekish va o‘g‘itlashni ko‘zda tutuvchi ko‘kalamzorlashtirish dasturini amalga oshirish asosiy vazifa etib belgilanadi.

Ekologiya qo‘mitasi, Qurilish vazirligi va Toshkent shahar hokimligining 2022 yil 1 avgustdan:

  • Toshkent shahrida ko‘p yillik daraxtlar va butalar joylashgan bo‘sh yer  maydonlarini “E-auksion” elektron-onlayn tizimi orqali savdoga chiqarishni taqiqlash;
  • Toshkent shahrida kanallar va suv obektlarini ta’mirlash va rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish ishlarini bajarishda buyurtmachi vazifasini bajarishni – Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasiga yuklash to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi.

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, Toshkent shahar hokimligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi birgalikda:

  • prezident qaroriga muvofiq Toshkent shahar hokimligi Obodonlashtirish bosh boshqarmasi tizimida tashkil etilgan “Manzarali va mevali daraxtlar, butalar va gullarni zararli organizmlardan himoya qilish markazi” davlat unitar korxonasini O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tizimiga o‘tkazadi;
  • 2022 yil 1 oktyabrga qadar markaz negizida mevali va manzarali daraxt o‘simliklarida kasalliklar va zararkunandalarni aniqlash bo‘yicha markazlashgan laboratoriya  tashkil etib, faoliyatini ta’minlaydi.

Belgilanishicha:

  • markazni moliyalashtirish prezident farmoniga muvofiq Toshkent shahar mahalliy budjeti qo‘shimcha manbalarining 2 foizigacha miqdoridagi mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi;
  • markaz rahbari Toshkent shahar hokimining tavsiyasi asosida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori tomonidan lavozimiga tayinlanadi.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid