Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Energiya inqiroziga qaramay, Germaniya shu yil barcha AESlarini yopadi
Yevropadagi energiya inqiroziga qaramay, Germaniya hukumati shu yil oxirigacha mamlakatda yadro reaktorlarida energiya ishlab chiqarishni butkul to‘xtatish rejasidan voz kechmoqchi emas. Bu haqda mamlakat vitse-kansleri Robert Habek ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, atom elektr stansiyalarini saqlab qolish gaz yetishmovchiligi ortidan kelib chiqadigan muammolarni hal qilishda yordam bermaydi.
“Bu masalada atom energetikasi bizga umuman yordam bermaydi. Bizda isitish muammosi va sanoatni gaz bilan ta’minlash muammosi bor, lekin elektr energiyasidan muammomiz yo‘q – har holda, butun mamlakat miqyosida olganda shunday”, – dedi Germaniya hukumatida iqtisodiyot, iqlim va energetikaga mas’ul vitse-kansler.
Germaniya o‘tgan yili dekabrda uchta atom reaktori faoliyatini to‘xtatgan, shundan keyin mamlakatda ishlab turgan atom reaktorlari soni uchtagina qolgan. Ular ham reja bo‘yicha shu yil dekabrda o‘chirilishi kerak. Shu tariqa, mamlakat an’anaviy energetika olish usullaridan qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tish bo‘yicha uzoq yillik dasturining muhim bosqichlaridan birini yakunlaydi.
2022 yilning birinchi choragida Germaniyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 6 foizi AESlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Mamlakat o‘zining tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojining 35 foizini Rossiya gazi hisobiga ta’minlaydi.
Ukrainadagi urush fonida Rossiya sanksiyalarga javoban Yevropani gazdan butunlay uzib qo‘yishi mumkinligi haqidagi xavotirlar sabab Germaniyaning asosiy muxolif partiyasi mamlakatda qolgan uchta atom energoblokini o‘chirmaslikni talab qilmoqda. Biroq, Habekning so‘zlariga ko‘ra, mazkur reaktorlarning huquqiy sertifikati yil oxirida yakuniga yetadi va shundan keyin bu stansiyalarga xuddi yangi AESlardek qarash kerak: yangi AES ochish esa xavfsizlik nuqtayi nazaridan maqsadga muvofiq emas; qolaversa, bu – gazni iqtisod qilishga ham yordam bermaydi, deya tushuntirdi u.
AESlarni saqlab qolishni talab qilayotgan muxolifatchi siyosatchilar Robert Habekni o‘z partiyasi bo‘lmish yashillarning g‘oyalarini mamlakatning real manfaatlaridan ustun ko‘rayotganlikda ayblamoqda.
Mavzuga oid
13:59 / 28.05.2025
Germaniya rasmiylari Isroilning G‘azodagi harakatlarini tanqid qildi
11:22 / 28.05.2025
Germaniyadagi qochqinlar soni 3,5 million kishiga yetdi
12:20 / 27.05.2025
Germaniya kansleri Isroilning G‘azodagi harakatlarini tanqid qildi
23:34 / 26.05.2025