Jahon | 12:07 / 12.07.2022
16665
3 daqiqa o‘qiladi

Nyu-York rasmiylari yadroviy zarba holatida harakatlanish bo‘yicha ko‘rsatmalarni e’lon qildi

Nyu-York rasmiylari e’lon qilgan qisqa videoda boshlovchi yadroviy zarba berilgan taqdirda nima qilish kerakligini aytadi. Yadroviy zarba qanday va nima uchun berilishi mumkinligi videoda aytilmagan.

Foto: Picture Alliance

Nyu-York shahar favqulodda vaziyatlar departamenti 11 iyul, dushanba kuni yadroviy zarba bo‘lgan taqdirda ko‘rsatmalar yozilgan videoni e’lon qildi.

«Demak, yadroviy hujum sodir bo‘ldi. Mendan nima uchun va qanday qilib sodir bo‘lganini so‘ramang, shunchaki bilingki, «katta bomba» urildi», deb videoko‘rsatmani boshlagan boshlovchi. U bunday vaziyat yuzaga kelganda uchta birinchi qadamni keltirib o‘tgan: ko‘chadan binoga kirish va derazadan uzoqroqqa joylashish, iloji bo‘lsa, yerto‘laga yashirinish, agar u bo‘lmasa - imkon qadar bino markaziga yaqinroq turish va ommaviy axborot vositalaridagi voqealarni kuzatib borish.

Agar portlash payti odam ko‘chada bo‘lsa va omon qola olgan bo‘lsa, u radioaktiv changdan qutulish uchun darhol yuvinishi kerak, deb tushuntiradi boshlovchi. Hukumat ruxsat bermaguncha aholiga ko‘chaga chiqmaslik tavsiya etiladi. 

Ehtimoliy yadroviy zarba yoki yadro urushining boshlanishi haqidagi gap-so‘zlar butun dunyo bo‘ylab Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin boshlandi. Ular Rossiya prezidenti Vladimir Putin gipertovushli va yadroviy qurollarni o‘z ichiga olgan Rossiya tiyib turuvchi kuchlarini «maxsus ogohlantirish rejimi»ga o‘tkazishni buyurganidan keyin yanada kuchaydi. 

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Putinning buyrug‘ini «xavfli ritorika» va mas’uliyatsiz xatti-harakat deb atadi. «Bir paytlar aqlga sig‘maydigan holat - yadroviy mojaro istiqboli endi yana ro‘y berishi mumkin», — dedi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish. 

Kelgusi o‘n yillikda dunyo yadroviy qurollanish poygasining yangi bosqichini kutmoqda, deya ogohlantirdi Stokholm xalqaro tinchlik tadqiqot instituti (SIPRI) ekspertlari yillik hisobotida. Mutaxassislarning fikricha, yadro quroliga ega bo‘lgan yoki unga ega bo‘lgan 9 davlatning barchasi - Rossiya, AQSh, Xitoy, Fransiya, Buyuk Britaniya, Pokiston, Hindiston, Isroil va Shimoliy Koreya o‘z arsenalini faol ravishda modernizatsiya qila boshladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid