Istanbulda yana bir uchrashuv - Ukraina va Rossiya g‘alla eksporti yo‘lini ochish masalasini muhokama qildi
OAV muammo qanday sxema bo‘yicha hal qilinishi rejalashtirilayotganidan xabar topgan.
Chorshanba kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Ukraina, Rossiya va Turkiya delegatsiyalari, shuningdek BMT vakillari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi, tomonlar Ukraina g‘allasi dengiz orqali eksport qilinishi yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlash bo‘yicha kelishib olishmoqchi. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bir hafta ichida ushbu masalada yakuniy kelishuvga erishilishiga umid bildirgan.
Hozirda Ukraina bug‘doy hosilini Dunay portlari va quruqlik orqali olib chiqmoqda, ammo bu kanallardagi ulush urushgacha bo‘lgan hajmning kichikkina qismini tashkil etadi. 24 fevral kungi bosqindan keyin Qora dengizdagi ukrain portlari, xususan, Odessa va Mikolayivdagi portlar bloklanib qolgan, Azov dengizidagi portlar (Mariupol va Berdyansk) esa Rossiya tomonidan egallab olingan. G‘arb ekspertlari baholashicha, Odessa va uning atrofidagi hududlarda 20 mln tonna atrofidagi bug‘doy to‘planib qolgan.
Ayni vaqtda Ukraina bug‘doyi eksporti (qisman Rossiyaniki ham) keskin qisqarishi ko‘plab badavlat bo‘lmagan davlatlarda oziq-ovqat inqirozini yuzaga keltirishi xavfi tug‘ilgan.
Istanbuldagi uchrashuv natijasi bo‘yicha tomonlar turli darajadagi noaniqlik bilan turli prognozlar berishdi. Shaxsi sir qolishi sharti bilan BBC muxbiriga intervyu bergan g‘arblik amaldorlar muzokaralar «ishbilarmonlik ruhida» o‘tgani, ammo qarorni 19 iyuldan oldin kutmaslik kerakligini aytgan. O‘sha kuni Tehronda rossiyaliklar prezidenti Vladimir Putinning Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuvi o‘tkaziladi. Ushbu manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Erdo‘g‘an dushanba kuni o‘tkazilgan telefon muloqotida Putinning eksportni ochib yuborishga roziligini olishga umid qilgandi, ammo aftidan Putin bu qarorni o‘zi qabul qilib, bu haqda o‘zi e’lon qilmoqchi bo‘lmoqda.
Bu versiyani BMT bosh kotibining bayonoti ham bevosita tasdiqlaydi, muzokaralardan keyin u tomonlar «muhim qadam tashlashgani», ammo hozircha kelishuvga erishilmaganini aytgandi. «Umid qilamizki, keyingi haftada biz yakuniy kelishuvga ega bo‘lamiz. Ammo, men oldin ham aytganimdek, barcha manfaatdor tomonlar sa’y-harakat ko‘rsatishi kerak», degan Guterrish.
Turklar mudofaa vaziri Xulusi Oqar keyingi haftada Turkiyada barcha delegatsiyalar ishtirokida yana uchrashuv o‘tkazilishi va konsensusga erishilsa, navbatdagi uchrashuv kelishuv imzolanishi bilan yakunlanishini aytdi. «Biz umid qilamizki, g‘alla va oziq-ovqat muammosi imkon qadar tez fursatda hal qilinadi. O‘ylaymizki, yakuniy kelishuvga keyingi haftada erishiladi», degan turklar mudofaa vazirligi rahbari.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba chorshanba kuni Ispaniyaning El Pais nashrida e’lon qilingan intervyusida tomonlar kelishuvga yaqin ekanini aytgandi. «Ukraina o‘z g‘allasini jahon bozoriga chiqarishga tayyor. Biz Rossiya bilan kelishuvga erishishdan ikki qadam berida, yakuniy bosqichda turibmiz. Hozirda barchasi Rossiyaga bog‘liq. Agar ular chindan istashsa, tez orada g‘alla eksporti boshlanadi», degan Kuleba.
Uning fikricha, Rossiya ham bug‘doy eksporti tiklanishidan manfaatdor, chunki Afrika va Osiyo mamlakatlariga ular haqida qayg‘urishini ko‘rsatishni istaydi. Shu bilan birga, Kuleba Rossiya muzokaralarni to‘xtatib qo‘yishi mumkinligini ham istisno etmagan.
Rossiyaning davlat agentligi bo‘lmish RIA Novosti «diplomatik manba»ga asoslanib bergan xabarga ko‘ra, kelishuvga juda katta umid bog‘langan. Turli manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya muzokaralarda g‘alla eksportiga aloqador bo‘lmagan, o‘ziga qarshi qo‘yilgan sanksiyalar bilan bog‘liq talablarni ilgari surmoqda.
G‘alla eksporti to‘xtab qolishining asosiy sababi - Rossiya tomonidan boshlangan urushdir, ammo Qora dengiz portlari blokadasida tomonlar bir-birini ayblashadi. Ukraina Rossiyani portlardan chiqish yo‘llarini to‘sib turishda ayblagan, rossiyaliklar e’tiroz bildirib, portlarga olib boruvchi yo‘llar ukrainlar tomonidan minalanganini eslatadi, ukrainlar esa bunga javoban, agar minalangan hududlar tozalanib, o‘tish yo‘llari ochilsa, bundan Rossiya floti foydalanmasligiga kafolat yo‘qligini aytishadi.
Tomonlar muhokama qilayotgan reja
Reuters agentligining diplomatlardan olgan ma’lumotlariga ko‘ra, tomonlar quyidagicha sxemani muhokama qilmoqda: ukrain dengiz kuchlari minalangan hudud bo‘ylab suzishda g‘alla ortilgan kemalarga hamrohlik qilib boradi, Rossiya kemalar olib o‘tilishi vaqtida hujum qilmaslik majburiyatini oladi, Turkiya esa BMT ishtirokida Odessaga o‘tayotgan kemalarni tekshirish bilan shug‘ullanadi - ularda qurol tashilmayotganini tasdiqlash uchun - Rossiya shuni talab qilmoqda. BBC manbalari ham gap aynan shunday sxema haqida ketayotganini tasdiqlagan.
Oqarning so‘zlariga ko‘ra, Istanbuldagi muzokaralarda tomonlar qo‘shma muvofiqlashtirish markazi tashkil etish bo‘yicha kelishib olishgan, bu markaz kemalarning portlarga kirishi va portlardan chiqishini nazorat qiladi, shuningdek oziq-ovqat mahsulotlari xavfsiz tashilishini ta’minlaydi.
Ukraina infratuzilmalar vazirligi va Dengiz portlari ma’muriyati so‘nggi kunlarda Ilon orolining rossiyalik harbiylardan ozod etilishi Dunay deltasi shimolidagi Bistroye tarmog‘ida kemalar harakati boshlangani ukrain g‘allasini Dunay bo‘yidagi portlar orqali eksport qilish imkoniyatini oshirgani haqida ma’lum qilgandi - ammo baribir bu urushga qadar bo‘lgan eksport hajmi bilan taqqoslab bo‘lmas darajada kam.
Ukraina infratuzilmalar vazirligi seshanba kuni so‘nggi kunlarda Bistroye tarmog‘i bo‘ylab Dunaydagi uchta ukrain porti tomon 16 ta kema o‘tganini e’lon qildi. Shu bilan birga, vazirlik tarmoq ochilgach, uning o‘tkazish quvvati kuniga atigi to‘rtta kemani tashkil etishini qayd etgan.
«Biz ruminiyalik hamkasblar va Yevrokomissiya vakillari bilan Sulinskiy kanali orqali o‘tkazish quvvatini oshirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqdamiz. Bunday sharoitda va Bistroye tarmog‘i orqali yo‘l ochiqligini hisobga olgan holda, bu yo‘nalishda kemalar to‘planishiga bir hafta ichida barham beriladi, biz bir oylik bug‘doy eksporti hajmini 500 ming tonnaga oshirishimiz mumkin bo‘ladi», deya vazir o‘rinbosari Yuriy Vaskovning so‘zlarini keltirgan vazirlik matbuot xizmati.
Yarim million tonna - urush va Ukrainaning asosiy portlari bloklanib qolishi tufayli hosil bo‘lgan eksport quvvati taqchilligining atigi 1/11 qismi demakdir. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, masalan, aprel oyida 2,5 mln tonna mahsulotni eksport qilishning uddasidan chiqilgandi, o‘shanda oylik talab 8 mln tonnani tashkil etardi.
Bungacha Ukraina idoralari Qora dengizdan Sulinskiy kanali orqali (u Dunay deltasi markazi bo‘ylab, Ruminiya hududidan o‘tadi) Dunay daryosiga kirishda 130 kema to‘planib turgani haqida xabar qilgandi.
Bojxona nazoratini soddalashtirish to‘g‘risida
Andrey Zaxarov, BBC korrespondenti
12 iyul kuni «Spravedlivaya Rossiya - Patrioty - Za pravdu» fraksiyasining bir guruh deputatlari Davlat dumasiga Ukrainaning bosib olingan hududlari, jumladan o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» va «LXR» hududiga tovarlarni tashishda bojxona nazoratini soddalashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini kiritishgandi. Qonun loyihasi matnida ular «maxsus harbiy amaliyot o‘tkazilayotgan hududga tutash hududlar» ko‘rinishidagi evfemizm (aytilishi noqulay bo‘lgan so‘z o‘rnida qo‘llanadigan pardali ibora) bilan belgilangan.
Zaporijjya va Xerson oblastlarining bosib olingan hududidan ukrain g‘allasi - asosan quruqlik orqali olib chiqiladi: har kuni Ukrainadan annexia qilingan Qrimga g‘alla ortilgan yuzlab yuk mashinalari qatnamoqda.
Shu bilan birga, Armyansk rayonidagi ma’muriy chegarada bojxona nazorati saqlanib qolmoqda, holbuki Rossiya uning ikki tomonidagi hududni ham nazorat qiladi. Shu bojxona to‘sig‘i tufayli zernovozlar kunlab navbatda turishi kuzatilmoqda, buni sun’iy yo‘ldosh tasvirlari orqali yaqqol ko‘rish mumkin.
Deputatlar Ukrainaning bosib olingan hududlaridan Rossiyaga olib kiriladigan tovarlarga nisbatan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi normalarini qo‘llashni taklif etmoqda: ular nisbatan yengilroq, masalan, muntazam sinchiklab tekshirish talab etilmaydi. Ular bunga izoh sifatida ma’muriy chegaralarda gumanitar yuklar uzoq vaqt qolib ketayotgani, o‘z hosilini tashiyotgan fermerlar esa zarar ko‘rishayotganini keltirishgan.
Bundan oldinroq BBC bosib olingan hududlardan olib chiqilayotgan g‘allaning bir qismi fermerlardan hech qanday to‘lovsiz tortib olinayotgani - odatda Rossiya hukumati bilan hamkorlik qilishdan bosh tortganlarga nisbatan shunday chora ko‘rilishi haqida hikoya qilgandi. Fermerlarning bir qismi boshqa joyga olib borishning imkoni bo‘lmagani tufayli hosilni bozor narxidan past narxlarda sotishga majbur bo‘lmoqda.
Mavzuga oid
00:35
«Yevropadagi istalgan nishonni yo‘q qila oladi» – Putin «Oreshnik» yaratuvchilari bilan uchrashdi
22:08 / 23.11.2024
Putin Kursk oblastini qaytarish muddatini belgiladi - Zelenskiy
17:55 / 23.11.2024
WSJ: Ukraina o‘zining ballistik raketasini yaratish ustida ish olib bormoqda
13:12 / 23.11.2024