O‘zbekiston | 07:40 / 14.07.2022
2255
2 daqiqa o‘qiladi

«Rosenergoatom» O‘zbekiston atom dasturini amalga oshirish uchun mutaxassislar tayyorlashga yordam beradi

“Rosatom” texnika akademiyasi va “O‘zatom” agentligi o‘rtasida yadroviy infratuzilmalarni rivojlantirish sohasi bo‘yicha o‘zaro anglashiluv memorandumi tuzildi.

Foto: O‘zatom

Joriy yil 13 iyul kuni Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi (“O‘zatom” agentligi), “Rosenergoatom konserni” va “Rosatom” qo‘shimcha kasbiy ta’lim avtonom notijorat tashkiloti “Rosatom texnika akademiyasi” o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi

"O‘zatom" agentligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur hamkorlikning asosiy maqsadlaridan biri, O‘zbekiston milliy yadro infratuzilmasini rivojlantirish va keng ommani yadroviy texnologiyalar va ular bilan bog‘liq yangiliklar bilan yaqindan tanishtirishdan iborat.

Kelishuv bir qancha yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni amalga oshirishga qaratilgan bo‘lib, bular orasida, O‘zbekistonda malakali o‘qituvchilarni tayyorlash, Rossiya atom elektr stansiyalariga texnik sayohatlar uyushtirish va keng miqyosdagi simulyator hamda laboratoriyalarga tashrif buyurishni o‘z ichiga oluvchi Rossiya AESlari maxsus o‘quv markazlarida amaliyot o‘tashni tashkil qilish kabi masalalar asosiy o‘rinda turadi. 

Shu bilan birgalikda, memorandumda, o‘zbekistonlik mutaxassislarning AEXA va "Rosatom" texnik akademiyasining birgalikda amalga oshirayotgan loyihalarida ishtirok etish masalalari ham ko‘zda tutilgan.

Bu hamkorlik O‘zbekistonga “Rosatom” texnika akademiyasidan mamlakat yadro dasturining barcha bosqichlari uchun mutaxassislar tayyorlashda ekspert yordamini olish imkonini beradi.

Memorandum imzolanganidan so‘ng tomonlar bir qator qo‘shma tadbirlarni amalga oshiradi. Jumladan, avgust oyida Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tadigan AEXA tadqiqot reaktorlari bo‘yicha maktabida o‘zbekistonlik mutaxassislarning ishtiroki kutilyapti.

Mavzuga oid