Marina Ovsyannikova «armiyani obro‘sizlantirish» to‘g‘risida bayonnoma tuzilganidan keyin qo‘yib yuborildi
«Pervyy kanal» sobiq xodimining advokati aytishicha, Ovsyannikovaning qo‘lga olinishi Ilya Yashin hibsga olingan kuni Basmanniy sudi oldida bergan bayonotlari bilan bog‘liq. Ish 21 iyul kuni ko‘rib chiqiladi.
17 iyul, yakshanba kuni Moskva oblastida qo‘lga olingan «Pervyy kanal» sobiq jurnalisti va xodimi Marina Ovsyannikova Rossiya armiyasini «obro‘sizlantirish» moddasi bo‘yicha ma’muriy bayonnoma tuzilganidan keyin qo‘yib yuborildi. 18 iyulga o‘tar kechasi Telegram’dagi «Mojyem ob’yasnit» kanali video e’lon qildi, unda Ovsyannikova o‘zining qo‘lga olinishiga izoh berib, bu uning 13 iyul kuni muxolifatchi Ilya Yashinni hibsga olgan Basmanniy sudi oldida bergan intervyusi bilan bog‘liqligini aytdi.
«Men Ukrainadagi urush jinoyat, bu hokimiyatni o‘z qo‘lida ushlab turishga qaratilgan g‘azablangan urinish ekanligini aytdim», dedi u. Ovsyannikova, shuningdek, iti bilan kottejlar yonida sayr qilayotganda qo‘lga olinganini, keyin Moskva bo‘ylab taxminan uch soat olib yurilib, oxirida Krasnoselskiy tuman politsiya bo‘limiga olib borilganini ta’kidladi.
Jurnalistning advokati Dmitriy Zaxvatov «OVD-Info» loyihasi va «Ostorojno, novosti» Telegram-kanaliga «RF qurolli kuchlarini obro‘sizlantirish» moddasi bo‘yicha ayblov Yashinning hibsga olinishi yuz bergan kuni Basmanniy sudi oldidagi bayonotlar bilan bog‘liqligini tasdiqladi. Ish 21 iyul, payshanba kuni Meshchanskiy tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqiladi, dedi u.
Bir kun avval Ovsyannikova o‘zining qo‘lga olingani tasvirlangan suratlarini Telegram’da e’lon qilgan edi. Huquq himoyachilari bir necha soat davomida u bilan bog‘lana olmadilar. Ikki kun avval, 15 iyul kuni Marina Ovsyannikova Kreml oldida urushga qarshi piketga chiqdi va «Putin - qotil» deb yozilgan plakatni ko‘tarib oldi. Sofiyskaya qirg‘og‘i bo‘yida o‘tkazilgan tadbirda u qo‘lga olinmagan.
Mart oyining o‘rtalarida Ovsyannikova, «Pervyy kanal»da kechki yangiliklar muharriri bo‘lib ishlayotganda, «No war. Urushni to‘xtating. Propagandaga ishonmang. Bu yerda sizga yolg‘on gapirishyapti. Russians against war» plakati bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga chiqib ketgandi. Bundan oldin u videomurojaat yozib qoldirgan: «Hozir Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar jinoyatdir. Rossiya bosqinchi davlat va bu tajovuz uchun faqat bir kishi javobgar. Bu shaxs Vladimir Putindir». Natijada, Ovsyannikova miting o‘tkazishning belgilangan tartibini buzganlik haqidagi ma’muriy modda bo‘yicha, aksiya oldidan yozib olingan video tufayli 30 ming rubl miqdorida jarimaga tortildi.
Aprel oyi boshida Berlinda joylashgan Axel Springer mediakonserni Ovsyannikova Germaniyaning Welt yangiliklar telekanaliga ishga olinganini e’lon qildi. Uch oy o‘tgach, shartnoma tugadi va u Rossiyaga qaytib keldi.
Germaniyaning «Ozodlik uchun OAV mukofoti» («Freiheitspreis der Medien») laureati bo‘lgan Ovsyannikovaga oxir-oqibat mukofotni topshirmaslikka qaror qilindi. May oyida u «Ijodiy norozilik uchun» Vatslav Gavel mukofotini oldi.
Mavzuga oid
09:59
Britaniyaning eng yirik banki Rossiyadan to‘lovlarni qabul qilishni to‘xtatdi
23:22 / 22.11.2024
KXDR o‘z askarlarini Ukraina urushiga yuborgani evaziga Rossiyadan havo hujumidan mudofaa vositalarini olgan
21:54 / 22.11.2024
«Krepkiy oreshnik»: Putin tutib qolish imkonsiz ekanini aytgan yangi raketa haqida nimalar ma’lum?
21:25 / 22.11.2024