O‘zbekiston | 11:09 / 20.07.2022
7130
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyasini qurish uchun 12 ta xalqaro kompaniya ariza berdi

Qoraqalpog‘istonda quvvati 200 MVt bo‘lgan navbatdagi shamol elektr stansiyasini qurish uchun 12 ta xalqaro kompaniya ariza berdi.

Joriy yilning 1 aprel kuni Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyasi loyihasini amalga oshirish uchun malakali investorlarni tanlash e’lon qilingan ikki bosqichli tenderga 17 iyulga qadar Energetika vazirligiga xalqaro kompaniyalardan 12 ta ariza kelib tushdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Loyiha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ko‘magida Energetika vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida Qoraqalpog‘istonning Beruniy va Qorao‘zak tumanlari hududida quvvati 200 MVtga teng bo‘lgan navbatdagi shamol elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston hukumati 2030 yilgacha mamlakatda 12 GVt quvvatga ega ekologik toza energiya ishlab chiqarish maqsadida keng ko‘lamli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirmoqda.

Ushbu tashabbus doirasida hukumat Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) bilan umumiy quvvati 2 000 MVt (shamol dasturi) bo‘lgan yirik shamol energetikasi loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik qilish uchun o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.

Tender komissiyasi ushbu 12 ta kompaniyadan kelib tushgan arizalar to‘liqligi va RFQ belgilangan shartlariga muvofiqligini baholashga kirishadi, shundan so‘ng malakali ishtirokchilar e’lon qilinadi. Malakali ishtirokchilar tender jarayoni ikkinchi bosqichida ishtirok etishga taklif qilinadi.

Tenderda qiziqish bildirgan, dastlabki saralash talabnomalarini taqdim etgan hamda arizalari tender komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladigan va baholanadigan talabgorlar ichida BAA, Saudiya Arabistoni, Hongkong, Xitoy, Turkiya, Kayman orollari, Hindiston, Yaponiya, Fransiya kompaniyalari bor.

Mavzuga oid