Jahon | 09:17 / 23.07.2022
11854
3 daqiqa o‘qiladi

BMT sudi Myanmadagi genotsid bo‘yicha sud jarayoniga yo‘l ochib berdi

Xalqaro sud Gambiyaning Myanmani rohinya musulmonlari ozchiligiga qarshi genotsidda ayblagan da’vosini ko‘rib chiqish vakolatiga ega ekanligini ta’kidladi. Myanma rasmiylari BMT sudining bunday yurisdiksiyaga ega emasligini ma’lum qildi.

Foto: ICJ

BMT xalqaro sudi Myanmadagi genotsid bo‘yicha ish yuzasidan sud jarayoni uchun yo‘l ochib berdi. 22 iyul, juma kuni Haagada BMT oliy sudi Myanma harbiy rejimining shikoyatini barcha moddalar bo‘yicha rad etdi. Sudya shuningdek, Gambiya tomonidan Islom hamkorlik tashkiloti nomidan Myanmaga qarshi rohinya musulmonlari ozchiligiga qarshi genotsid ayblovi bilan qo‘yilgan da’vosi asosida ko‘rib chiqilayotgan ish bo‘yicha instansiya yurisdiksiyasiga ega ekanligini ta’kidladi. Myanma rasmiylari esa BMT sudining bunday yurisdiksiyaga ega emasligini bildirishda davom etmoqda.

Da’vogarga ko‘ra, 2017 yilda Myanmada rohinya musulmonlariga qarshi harbiy amaliyot boshlangan va bu operatsiya minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan. Kompaniya qotilliklar, qiynoqlar, ayollar va bolalarni zo‘rlash bilan birga yuz bergan. Bir necha yuzlab qishloqlar yoqib yuborilgan, ko‘plab aholi halok bo‘lgan. Bu asosan ayollar, bolalar va qariyalardan iborat 700 000 dan ortiq rohinyalarning qo‘shni Bangladeshga qochib o‘tishiga sabab bo‘ldi. 

Myanmaning bayonotlariga ko‘ra, g‘arbiy Afrikadagi Gambiya davlati da’vogar sifatida ishtirok eta olmaydi, chunki bu ish unga bevosita ta’sir qilmaydi. Biroq sud bu e’tirozlarning qonuniy asosini ko‘rmadi. 

Myanmadagi genotsidga oid asosiy sud jarayoni qachon boshlanishi hali aniq emas. BMT xalqaro sudida sud jarayoni yillar davomida ko‘rilishi mumkin. 

Bu Myanmaning ushbu ish bo‘yicha suddagi ikkinchi mag‘lubiyatidir. Taxminan ikki yil oldin BMT sudi da’vogarlar foydasiga qaror chiqargan va Myanmaga rohinya musulmonlarini zudlik bilan himoya qilishni buyurgan. O‘shanda o‘sha paytdagi hukumat rahbari va 1991 yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Aun San Su Chji Haagadagi ayblovlarni rad etgandi. Bu siyosatchi hamon harbiy jinoyatlarining oldini olishdagi harakatsizligi uchun tanqid qilinadi. 2021 yilda Aun San Su Chji harbiy to‘ntarish natijasida qo‘lga olindi. Keyinchalik u bir necha yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Hozir u qamoqda. 

Xalqaro sud BMTning asosiy sud organi bo‘lib, davlatlar o‘rtasidagi huquqiy nizolarni hal qiladi. Myanma ishi eng og‘ir xalqaro jinoyatlar, jumladan genotsid bo‘yicha yurisdiksiyaga ega mustaqil sud organi – Xalqaro jinoiy sud tomonidan ham ko‘rib chiqilmoqda. Ikkala sud ham Haagada joylashgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid