O‘zbekiston | 14:17 / 25.07.2022
12813
2 daqiqa o‘qiladi

Suzish federatsiyasida 1 mlrd so‘m talon-toroj qilingan

287 nafar sportchi go‘yoki mehmonxonada yashagandek hujjatlar qilinib, 1 mlrd so‘m talon-toroj qilingan, deya ma’lum qildi Bosh prokuratura. Avvalroq voleybol va karate federatsiyalaridagi korrupsiya bo‘yicha ham jinoyat ishlari ochilgan edi.

Illyustrativ foto: Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi

Bosh prokuratura tomonidan mutasaddi idoralar bilan birgalikda O‘zbekiston Suzish federatsiyasida sohaga ajratilgan mablag‘larning maqsadli ishlatilishi o‘rganildi.

Mahkama xabariga ko‘ra, o‘rganish davomida federatsiya mansabdor shaxslari va boshqalar mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib, juda ko‘p miqdorda jamiyat manfaatiga zarar yetkazgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, terma jamoa hamda uning zaxirasi tarkibiga kiritilmagan fuqaro Rossiyaning Volgograd shahrida o‘tkazilgan xalqaro yig‘inga yuborilib, 72 mln so‘m budjet mablag‘lari asossiz ishlatilgan.

2021 yilning oktabr-dekabr oylarida jami 287 nafar sportchi “D” MChJga qarashli mehmonxona xizmatidan foydalanmagan bo‘lsa-da, foydalanganlik haqida elektron hisob-fakturalarga soxta yozuvlar kiritgan holda 1 mlrd so‘mlik pul mablag‘i talon-toroj qilingan.

Ma’lum qilinishicha, mazkur holatlar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirgi vaqtda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

  • Eslatib o‘tamiz, shu oyda voleybol va karate federatsiyalari tizimidagi korrupsiya holatlari bo‘yicha ham jinoyat ishlari ochildi.

Mavzuga oid