O‘zbekiston | 21:13 / 25.07.2022
19041
11 daqiqa o‘qiladi

“Sanksiyalar YeOIIga a’zolikni mantiqsiz qilib qo‘yadi” - Doniyor G‘aniyev

“Agar tashkilot o‘zi jozibador bo‘lsa, a’zolik uchun boshqa davlatning orqasidan quvlab yurmaydi”, deydi deputat Doniyor G‘aniyev. Uning fikricha, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining organlari mustaqil emas va ko‘proq Rossiya manfaatiga xizmat qiladi, bu esa tashkilotning kelajagini savol ostiga qo‘yadi.

Oliy Majlis deputati Doniyor G‘aniyev Kun.uz'ga bergan intervyusida Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi va Jahon savdo tashkilotiga a’zolik, Yevropa sanksiyalari ostida qolgan Rossiya iqtisodiyoti va buning Markaziy Osiyo davlatlariga ta’siri borasida ham fikrlarini bildirib o‘tdi.

Doniyor G‘aniyev mavzu borasidagi fikrlari davomida avvalo YeOII va JST ayrim tahlilchilar aytayotgani kabi bir-biriga qarshi tashkilot emasligi haqida gapirdi.

“Ko‘pchilikda shunday tushuncha bor, go‘yoki Jahon savdo tashkiloti va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bir-birini inkor qiluvchi tashkilot.

Bunda odamlar bir tashkilotga a’zolik ikkinchi bir tashkilotga a’zolikning yo‘lini to‘sadi, deb o‘ylashadi. Shu nuqtayi nazardan, tahlilchilar orasida ham qaysi tashkilotga birinchi a’zo bo‘lish kerak mavzusida dilemma ketayotgandek”, – dedi u.

Shu bilan birga deputat sayt muxbirining O‘zbekistonning JSTdan avval YeOIIga a’zo bo‘lishi uning JSTga kirish borasidagi harakatlarini mantiqsiz qilib qo‘ymaydimi, degan savolini ham inkor qilmadi.

“Mantiqsiz qilmaydi-yu, lekin qiyinlashtirib yuboradi. Qaysi ma’noda?

Hozir JST bilan ko‘p tomonlama muzokaralarimiz ketyapti. Bunda ishchi guruh tomonidan O‘zbekistonning tashqi savdo, soliq, bojxona ma’murchiligi kabi ko‘plab jihatlari o‘rganiladi. Ayni shu o‘rganishlar natijasida faktologik xulosalar ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, ishchi guruhga texnik jihatlar, intellektual mulk va boshqa ko‘plab sohalar bo‘yicha ham ma’lumotlar berilgan. Hozir bu jarayonlar davom etyapti. Ayni paytda biz 40 ga yaqin davlat bilan muzokaralar o‘tkazyapmiz, shartnomalar kelishilmoqda.

Shu kabi talab, kelishuvlar YeOII bilan ham bo‘ladi. Bu tashkilot ham bizga o‘z talablarini qo‘yadi. Bu talablar qaysi mahsulotlarga qo‘shimcha tariflar paydo bo‘lishi yoki qaysi davlatlar bilan aloqalarga cheklovlar bo‘lishi mazmunida.

Agar O‘zbekiston avval YeOIIga a’zo bo‘lib, keyin JSTga kirishga harakat qilsa, bu jarayon qiyinroq bo‘ladi. Chunki JSTning talablari YeOIIda olgan ba’zi majburiyatlarimizga zid kelib qolishi mumkin. Lekin hozir YeOIIga a’zo davlatlarning deyarli barchasi JSTga ham a’zoligini ko‘rishimiz mumkin.

Shu nuqtayi nazardan biz uchun avval JSTga kirib, keyin YeOII bilan hamkorlik qilish to‘g‘riroq bo‘ladi. Chunki JST bilan aloqalarga kirishib oladigan bo‘lsak, YeOII oldiga ham o‘z talablarimizni qo‘ya olamiz.

Men bu shartlarni JSTda kelishganman, desak, bizda YeOIIdagi doirani kengroq olish imkoniyati paydo bo‘ladi”, – dedi G‘aniyev.

Deputat intervyu davomida O‘zbekistonga uni YeOIIga olib kirish bo‘yicha bosimlar bormi mazmunidagi savolga ham javob berdi.

“To‘g‘ri, bosim deb aytish ham mumkin yoki e’tirof deb ham. Masalan, tashkilot o‘ziga yangi a’zo qo‘shish uchun yopishayotgan bo‘lishi ham mumkin. Buni hamma o‘ziga xos talqin qiladi.

Fikrimcha, tashkilot o‘zi yaxshi, jozibador bo‘lsa, a’zolik uchun boshqa davlatning orqasidan quvlab yurmaydi. Unga qo‘shilmoqchi bo‘layotgan davlatning o‘zida a’zolikka qiziqish bo‘ladi”, – dedi u.

Doniyor G‘aniyevga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston hukumati uchun YeOIIga a’zolik kun tartibidagi masala emas.

“Hukumatning ikki tashkilot borasida hozirgi pozitsiyasiga keladigan bo‘lsak, Taraqqiyot strategiyasida ham, davlat rahbarining prezidentlikka kirishishdagi ma’ruzasida ham ustuvorlik Jahon savdo tashkilotiga berilyapti, YeOIIga emas.

Hozir hech qayerda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirish haqida gap yo‘q. Biz ko‘p tomonlama aloqalarni rivojlantirmoqchimiz.

Istaymizmi-yo‘qmi, Rossiya va Qozog‘iston – eng katta hamkorlarimiz. Bu davlatlar bilan ittifoqdan tashqari ham to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarimiz, erkin savdo bitimlarimiz bor.

Biz hamma bilan teng muvozanatli, iqtisodiy diplomatiyaga asoslangan aloqalar olib boryapmiz. Hamma bilan, kerak bo‘lsa, Afg‘oniston bilan ham yaxshi bo‘lish – siyosatimiz. Shu nuqtayi nazardan YeOIIda kuzatuvchi bo‘lish bu – sixni ham, kabobni ham kuydirmaydigan holat”, – dedi u.

Qonunchilik palatasi deputati YeOIIga a’zo davlatlarning tashkilotdan noroziligi ortib borishiga qanday omillar sabab bo‘layotgani haqidagi savolga ham javob berdi.

“Tashkilot yirik bo‘larkan, ish jarayonida albatta qandaydir kelishmovchiliklar, e’tirozlar ham bo‘ladi. Bu – tabiiy. Biz bu kabi holatlarni Yevropa Ittifoqida ham ko‘ramiz. Deylik, Fransiya yoki Germaniyaning qaysidir taklifiga sharqiy Yevropa davlatlarida e’tiroz bo‘lishi mumkin. Bu yerda asosiy masala o‘sha e’tirozlarning yechimi qay tarzda hal qilinishida. Chunki bu kabi tashkilotning muvaffaqiyati o‘sha tashkilotda tug‘ilgan muammolarni hal qila oladigan institutlarga ega ekanidadir.

Bilamiz, YeOIIda ham komissiya, oliy konsul va o‘z sudi bor. Lekin afsuski, bu tashkilotda tomonlar o‘rtasida muammolarni hal qila oladigan va manfaatlarni teng ushlab, uni joriy qila oladigan institutlar shakllanmagan. Amaldagi sud va institut esa ko‘proq Rossiya manfaatiga xizmat qiladi, faqat shu davlat manfaatlarini ilgari suradi.

Toki bu institut mustaqil qarorlarni ijroga keltira olmas ekan, tashkilotdagi bu kabi kelishmovchiliklar davom etaveradi. Shuningdek, kerakli choralar ko‘rilmasa, vaqti kelib u umuman boshqa tomonga ketadigan ittifoqqa aylanib qoladi. Bu eng katta muammo.

Ikkinchidan, o‘ylashimcha, bu ittifoqda kuchlar balansi yo‘qligi yana bir katta muammodir. Biz eng muvaffaqiyatli tashkilotlar – Yevropa Ittifoqi yoki Janubiy Osiyo mamlakatlari ittifoqini tahlil qilganimizda ham ularda kuchlar nisbati mutanosib ekanini ko‘ramiz.

Bu tiyib turish hisobiga esa kichik mamlakatlarning huquqlari buzilmasligi ta’minlanadi. Afsuski, YeOIIda bu holatni ko‘rmaymiz. Rossiya – har tomonlama asosiy kuch. U deyarli 90 foizli bozorni egallab turibdi. Bojlardan tushadigan daromadda ham shunday.

Mana shunday ustunlik bo‘lib turgan sharoitda mustaqil institutlar bo‘lmasligi tashkilot kelajagini katta savolga qo‘yadi. Buni hozirgi geosiyosiy vaziyatlar fonida ham yana bir bor ko‘rdik. Umuman, urushdan avval ham Rossiya va Belarus, Rossiya va Qozog‘iston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘rtasida mana shunday kelishmovchiliklar bor edi va ular bu masalalarni hal qilolmayotgandi.

Hozir urush sharoitida Rossiyaga nisbatan yangidan yangi sanksiyalar qo‘llanmoqda. Bu sanksiyalar oqibatida esa, tahlilchilar fikricha, Rossiya iqtisodiyoti kamida 10, bo‘lmasa 15 foizgacha qisqaradi. Bu ittifoqqa a’zo davlatlarga ham jiddiy ta’sirini ko‘rsatadi. Jumladan, Rossiya iqtisodiyotining 10 foiz qisqarishi YeOII iqtisodiyotining 8 foiz qisqarishiga olib keladi.

A’zolikning siyosiy jihatlarini qo‘ya turaylik, iqtisodiy jihatdan ham tashkilotning biz uchun eng jozibador jihati Rossiya bozori bo‘lsa, u ham bugungi sanksiyalar orqali toksik zaharlangan hududga aylanib qoldi. Bu bozorga avval qiziqqanlar ham hozir tormozni bosadi.

Hozirgi sharoitda nafaqat O‘zbekiston, balki tashkilotga a’zo bo‘lishni istagan boshqa davlatlar ham orqaga bir qadam tashlaydi. Bunday pallada kutish va vaziyatni kuzatish juda muhim.

O‘zingiz o‘ylang, eng jozibali bozor yiliga 10-15 foiz qisqarib borsa, bunday tashkilotga a’zolikdan manfaat nimada qoladi?

Bu orqali a’zo davlatlarning ham iqtisodiyoti qisqaradi. Kimnikidir 5, kimnikidir 10 foiz.

Qolaversa, rublning agressiv siyosati. Ya’ni rublga qarshi boshlangan choralar ichida qator rus banklari ham to‘liq SWIFT tizimlaridan uzildi. Buning natijasida esa Markaziy Osiyo davlatlarining valutasi rublga nisbatan keskin qadrsizlanishda davom etmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan inflatsiyaga olib kelyapti.

To‘g‘ri, hozir tashkilotga a’zolikning beradigan imkoniyatlari haqida ham gapirilyapti, lekin men bu mazmundagi fikrlarga unchalik qo‘shilmayman. Chunki biz sanksiyalar deganda faqat kundalik oziq-ovqat mahsulotlarini tushunyapmiz. Buni Qozog‘iston, Armaniston orqali eksport qilaveradi, degan tushuncha bo‘lyapti. Yo‘q, bu cheklovlarning eng og‘ir qismi ilm-fanga oid, shuningdek, harbiy va innovatsion mahsulotlarga nisbatan qo‘yilayotgan cheklovlardir.

Coca-Cola, MsDonald’s – bu sanksiyalarning iste’molchiga ko‘ringan jihatlari va ularning iqtisodiyotga zarari u qadar katta emas. Bular – o‘rnini to‘ldirish mumkin bo‘lgan mahsulotlar. Rossiya iqtisodiyotiga eng katta zarba zamonaviy texnologiyalar va uskunalar eksporti taqiqlanishidir.

Agar Yaponiya, Janubiy Koreya kabi ilg‘or davlatlar o‘z cheklovlarini ushlab tursa, yaqin va o‘rta muddatda Rossiya iqtisodiyotining juda katta ko‘rsatkichda qisqarishini kutishimiz mumkin.

Bu kabi cheklovlar shuningdek, YeOIIga a’zolikni ham mantiqsiz holatga olib kelib qo‘yadi. Chunki siz qachon biror tashkilotga kirasiz, qachonki o‘sha tashkilotdan sizga manfaat kelsa. Hozirgi sharoitda har qanday mantiqli odam bu tashkilotga a’zolikni ortga surib turadi. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekistonning kuzatuvchi pozitsiyasi to‘g‘ri bo‘lganini vaziyatning o‘zi yana bir bor ko‘rsatmoqda.

Menimcha, biz shu pozitsiyada davom etishimiz kerak. Ikki davlatning dushmanligi bizning manfaatlarga xalaqit bermasligi kerak”, – dedi deputat Doniyor G‘aniyev.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid