O‘zbekiston | 12:21 / 25.07.2022
10255
3 daqiqa o‘qiladi

Xorijlik rassomlar qadim Samarqandning madaniy merosini suratga solishmoqda

Samarqand ko‘chalarida osori atiqalarimizni moybo‘yoqda tasvirlayotgan rassomlar ko‘payib qolganiga ko‘zingiz tushsa, aslo hayron bo‘lmang. Hozir ShHTga a’zo turli davlatlardan 30 nafarga yaqin rassom Samarqandda ijod bilan band.

Prezidentning Samarqandda Shanhay hamkorlik tashkiloti sammitini yuqori saviyada o‘tkazishga doir topshirig‘iga muvofiq, Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan Samarqand shahrida musavvirlar uchun plener tashkil etildi. Unda ishtirok etish uchun ShHTga a’zo davlatlardan taniqli rassomlar tashrif buyurishdi.

Musavvirlar uchun Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining sport zalida mo‘’jaz ijodiy ustaxona tashkil qilib berilgan. Ular shaharning diqqatga sazovor nuqtalariga chiqib ham ijod qilishmoqda.

Ipak yo‘li xalqaro turizm universiteti sport zalidagi ijodiy ustaxona

O‘zbekiston davlat san’at muzeyi direktori Vasila Fayziyevaning aytishicha, rassomlar tarafidan Samarqandning madaniy merosi mavzusida yaratilgan san’at asarlari ShHT oldidan ko‘rgazma tariqasida san’atsevarlar e’tiboriga havola etiladi.

Vasila Fayziyeva, O‘zbekiston davlat san’at muzeyi direktori

«Plenerda rassomlar ikki hafta davomida O‘zbekistonning diqqatga sazovor maskanlari tasvirini aks ettirishadi», — dedi bosh vazir o‘rinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov.

Ayni paytda asosan Markaziy Osiyo va Rossiyadan kelgan rassomlar ijod bilan shug‘ullanishmoqda. Keyingi tashrifda Xitoy, Hindiston, Pokiston va Erondan ham rassomlar kelishadi.

Qozog‘istondan kelgan musavvir Baxtnur Burdesbekov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning Samarqandga kelganiga bir hafta bo‘libdi. Tashkilotchilariga bunday unumli tadbirni uyushtirgani uchun tashakkur bildirib o‘tdi.

Baxtnur Burdesbekov, qozog‘istonlik rassom

Rassomlarning ishini muvofiqlashtiruvchi Dilorom Mamedovaning aytishicha, o‘zi bunday plenerlarda muntazam ishtirok etib kelgan. O‘zbekistonda esa Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan plener ilk bor tashkil etilmoqda. Bu, albatta, jahonda dong taratgan rassomlarning ijodiy tajriba almashinuvi uchun foydali tadbir bo‘ladi. Dilorom Mamedovaga ko‘ra, rassomlar ichida yurtimizga ilk marta kelganlari ham bor. Issiq va quruq ob-havo, taomlarimiz ularga yoqqan, osori-atiqalar, milliy buyumlar va mahsulotlardan esa ko‘pchiligi hayratga tushgan.

Dilorom Mamedova, rassom

Milliy madaniy meros obektlarimiz rangtasvir va moybo‘yoqlarda tasvirlanishi muzeylarimizdagi san’at namunalarimiz soni ortishiga xizmat qiladi, albatta. Qadimiy shaharlarimizda bunday madaniy tadbirlarni tez-tez o‘tkazish nafaqat muzeylarimiz, kolleksiyalarimiz boyishiga, O‘zbekistonning turizm salohiyati yanada dovrug‘ qozonishiga xizmat qiladi.

 

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist
Montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Шуҳрат Шокиржонов
Muallif Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid