O‘zbekiston | 18:52 / 27.07.2022
26139
9 daqiqa o‘qiladi

“Nahotki, keyingi konstitutsiya o‘zgarishlarini kutsak” – siyosatshunoslar konstitutsiyada aks etishi kerak bo‘lgan siyosiy islohotlar haqida

Kun.uz’ning o‘zgartirilayotgan konstitutsiya, uning sabablari va yangi konstitutsiyada aks etishi kerak bo‘lgan normalar atrofidagi navbatdagi tahliliy suhbatida bir qator siyosatshunos, jamiyatshunos va inson huquqlari faollari ishtirok etdi.

Quyida suhbat ishtirokchilarining O‘zbekiston konstitutsiyasida aks etishi kerak bo‘lgan siyosiy islohotlar borasidagi fikr, takliflari bilan tanishishingiz mumkin.

Abdurahmon Tashanov, Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi

Hozir inson huquqlari haqida ko‘p gapirilyapti. Xo‘sh, O‘zbekistonda inson huquqlarini buzadigan kim o‘zi? Amerika politsiyasimi yo Norvegiya politsiyasi?

Konstitutsiyada inson huquqlari masalasi ko‘tarilayotgani yaxshi, men buni olqishlayman, lekin inson huquqlarini ta’minlash uchun avvalo davlat hokimiyatlari muvozanatga keltirilishi kerak. Inson huquqlarini buzadigan insonlarni avval tartibga solish kerak.

Abdurahmon Tashanov

Konstitutsiyada avvalo davlat boshqaruvi va uning asoslari takomillashishi kerak. Shunga qarab keyin boshqa milliy qonunlar ham ishlab chiqiladi.

Ikkinchidan, siyosiy plyuralizm deyapmiz. Mana masalan, O‘zbekistonda siyosiy partiya tashkil qilish uchun tashabbuskorlarga 20 ming imzo to‘plash majburiyati belgilab qo‘yilgan. Holbuki, 156 million aholisi bor Rossiyada bu talab 500ta imzoni talab qiladi. Biz totalitar deydigan Turkmaniston, totalitar deydigan Belarusda ham yangi partiyaga imzo to‘plash uchun mingta ovozning o‘zi kifoya qiladi. Bizda nega buncha ko‘p?

Bu holat o‘zgarishi avvalo konstitutsiyada o‘z aksini topishi kerak. Shu nuqtayi nazardan, siyosatshunoslar, jamiyatshunoslar, jurnalistlar va umuman, mamlakat kelajagiga befarq bo‘lmaganlar islohot  kerak, deyotgan ekan, o‘zgarishlar avvalo shu sohalardan boshlanishi kerak.

Biz inson huquqlarini qancha ulug‘lamaylik, muammoning ildizi hal bo‘lmasa, inson huquqlarini ham ta’minlab bo‘lmaydi. Chunki doktor bitta bemorni davolaydi, o‘ntasini davolaydi, lekin mingtasini davolay olmaydi. Buning uchun birinchi navbatda tizimni to‘g‘rilash kerak.

Prezidentning chiqishlari, undagi ehtirosli fikrlar menga juda yoqadi, lekin uning jamoasida shijoat yo‘qligi, prezident nima deyotganini tushunmasligi ajablanarli.

Farhod Tolipov, siyosatshunos:

Siyosiy islohot – juda katta va keng tushuncha. Shuning uchun men bizga zarur bo‘lgan bir-ikkita islohotni aytish bilan cheklanaman.

Birinchi islohot joylarda ijro hokimiyati rahbari saylanishi bo‘lishi kerak. Bu masalani yangi konstitutsiya loyihasida aks etmayotgani uchun ham ko‘taryapman.

Biz hokimlarni saylash jarayoniga allaqachon yetib keldik. Men bugun O‘zbekistonga konstitutsion islohot nega kerak deyilsa, mana shu islohotni birinchi bo‘lib aytgan bo‘lardim.

Ha, konstitutsiyada hokim va kengash raislari vakolati ajratilyapti, lekin hokim baribir tayinlanadigan bo‘lib qolyapti. U saylanmaydi. Men e’lon qilingan loyihadan mana shu islohotni kutgandim, afsuski, u kechiktirilyapti. Nahotki, biz shu islohotlar uchun yana keyingi konstitutsiya o‘zgarishlarini kutsak?

Agar shu norma konstitutsiyada aks etsa, juda katta va kerakli o‘zgarish bo‘lgan bo‘lardi.

Ikkinchidan, O‘zbekistonda amaldagi konstitutsiya bo‘yicha Oliy Majlisga partiyalar ko‘rsatgan ro‘yxat asosida saylaniladi. Mustaqil nomzodlar deputatlikka afsuski, nomzodini qo‘ya olmaydi.

Hozir konstitutsiya o‘zgarayotgan ekan, unda parlamentga mustaqil va tashabbuskorlar tavsiya etgan nomzodlar saylanish imkoniyati ham aks etishi kerak.

Uchinchidan, amaldagi qonunlarimizda to‘g‘rilash kerak bo‘lgan yana bir xatolik bor. Bu – deputat va senatorlarga shu faoliyatidan tashqari o‘qituvchilik faoliyatiga ham ruxsat berilganidir.

Fikrimcha, deputat va senatorlarning shu faoliyatdan boshqa biror ishda ishlashi taqiqlanishi kerak.

Biz bilamiz, hozir bir qancha senator universitetlarda rektor bo‘lib ishlaydi. Ammo universitet hayoti, rektorlik shunday katta ishki, inson butun hayotini unga bag‘ishlashi kerak. Senatorlar birdaniga ikki lavozimda ishlar ekan, yo u yo bu lavozimni to‘liq olib borolmaydi.

Bu hamma joyda, deputat va senatorlar faoliyatiga teng joriy qilinishi kerak. Vazifa bo‘shab qolmaydi, iste’dodli insonlar har doim topiladi.

Afsuski, bu O‘zbekistonda katta illat – davlat xizmatchilari bir vaqtda bir necha lavozimda ishlaydi.

Dilsora Fozilova, jamiyatshunos

Konstitutsiyaga o‘zgarishlar kiritilar ekan, avvalo uning qonuniy tizimlari yaratilishi kerak. Ya’ni konstitutsiyada islohotlarning qonuniy tizimini yaratish haqida band bo‘lishi kerak.

O‘zbekiston konstitutsiyasi juda yaxshi, unda kuchli ideologiyani ko‘rish mumkin. Kamchiliklarni esa tuzatishga harakat qilyapmiz.

Yuqorida Abdurahmon Tashanov davlat rahbarining chiqishlaridan ta’sirlanishi haqida gapirdi. Men ham Mirziyoyevning chiqishlarida siyosiy falsafani his qilaman. Ammo muammo uning ijrosi va qonuniy mustahkamlanganida.

Bu yerda shuningdek, islohotlardagi qat’iylik masalasi ham bor. Deylik, rejalar bajarilmasa nima bo‘lishi mumkin? Qonuniy himoyasi-chi? Bizning kamchiligimiz shu yerda. Ya’ni biz falsafaga egamiz, lekin uning ijrosiga kelganda juda ko‘p teshiklar bor. Uning ijrosiga kelganda, huquqlar buzilyapti. Shuningdek, sud tizimida ko‘plab kamchiliklar kuzatilyapti.

Men tahlil qilyapman, takliflar juda chiroyli, lekin ularning qonuniy strukturasi hali chizilmagan. Buning uchun ekspertlar guruhi oylab ishlashi kerakligini ko‘ryapman. Buni sud tizimidagilar ham tushunishi va himoya qilishi kerak.

Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos

Birinchidan, hokimiyat va hokimiyat tarmoqlari maksimal darajada xalq manfaatlariga bog‘lanishi kerak.

Ikkinchidan, hokimiyatlar imkon qadar ochiq va shaffof bo‘lishi kerak. Bunda shuningdek, hokimiyatlardagi nomarkazlashuv katta tezlikda amalga oshishi kerak.

Bizga Konstitutsiyaviy sudning ham isloh bo‘lishi juda muhim. Biz konstitutsiyaviy islohotlar haqida gapiryapmiz, va mana shu islohotlarning boshida turuvchi organ ham konstitutsiyaviy sud aslida. Ammo bugun O‘zbekistonda bunday sud borligini haqida bilishmaydi ham.

Tahlil qilaylik, masalan, Gruziya aholisi 3 milliondan ortiqroq. O‘zbekistonda esa 36 million. Gruziya Konstitutsiyaviy sudi 2021 yilda 300 dan ortiq ishni ko‘rib chiqqan. O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi esa bor-yo‘g‘i bitta ish ko‘rgan.

Bunga sabab O‘zbekiston qonunchiligi Konstitutsiyaviy sud ko‘rayotgan ishning barcha instansiyalardan o‘tgan bo‘lishini talab qiladi.

Konstitutsiyaviy sud bizda to‘g‘ridan to‘g‘ri jamiyatga bog‘lanmagan. U juda yopiq bir klubga o‘xshaydi. U yerda kim ishlaydi, idorasi qayerda, hech kim bilmaydi.

Bizda birinchi ma’muriyat davrida shakllangan siyosiy zehniyat bugungacha ham yetib keldi.

Unutmaslik kerak, Konstitutsiyaviy sudning faol ishlashi hokimiyatga va prezidentga bo‘layotgan bosimlarni yengillashtiradi. U qanchalik samarali ishlasa, hokimiyatga bo‘layotgan negativni shunchalik pasaytiradi. Uning kuchayishida esa biror siyosiy xatar yo‘q.

Bugun burchakda turgan, ko‘rinmaslikka intilayotgan, “tuyaqush pozitsiyasi”dagi Konstitutsion sud faoliyatini isloh qilish vaqti keldi deb o‘ylayman.

Yoki Senat faoliyatini olaylik. Amaldagi qonunchilikda O‘zbekiston senatining to‘g‘ridan to‘g‘ri qonunchilik tashabbusi bilan chiqish vakolati mavjud emas. Uning shakllanishi ham ijro hokimiyatining bevosita va bilvosita to‘liq qo‘lida. O‘n olti senatorni prezident tayinlasa, qolgan senatorlar shunchaki viloyat hokimlari filtridan o‘tadi.

Bugun senatorlarni ham to‘g‘ridan to‘g‘ri xalq tomonidan saylaydigan tizim qilish juda muhim. Bunda biror siyosiy inqiroz paydo bo‘lmaydi, qaytaga senat faoliyati yanada kuchayadi.

Bunda jarayonni qonunchilik tashabbusini bo‘lib berish orqali tashkil qilish mumkin. Masalan, tashqi siyosat bo‘yicha tashabbuslarni senat bildirishi mumkin. Rivojlangan davlatlarning barchasida shunday.

O‘zbekistonda Senat faoliyati kuchayishi raqobatbardosh siyosiy tizimni jonlantirgan bo‘lar edi.

Agar Konstitutsion komissiya dinamik ishlaydigan bo‘lsa, bunday tashabbuslar juda ko‘p bo‘ladi.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid