Jamiyat | 18:42 / 30.07.2022
22426
5 daqiqa o‘qiladi

“Kuch-quvvat bersa 80 yoshgacha Damas minmoqchiman” – farg‘onalik 65 yoshli haydovchi ayol

Farg‘ona viloyatining Buvayda tumani markazidagi “Yangiqo‘rg‘on – Yangibozor” yo‘nalishida 65 yoshli Damas haydovchisi Mehrixon Halimovani barcha birdek taniydi. Shijoatli ayol yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadi.

Uning o‘g‘li ham xuddi shu yo‘nalishda Damas haydagan. O‘tgan yili koronavirus pandemiyasi davrida Mehrixon opa o‘g‘lidan ayrildi. Yakka-yu yolg‘iz o‘g‘lidan judo bo‘lgan ayol o‘zini qo‘lga olib, sevimli kasbini davom ettirib kelmoqda.

“Adashmasam, mashina haydashni 22 yoshimda o‘rganganman. Selxoztexnikumning mexanika fakultetini tamomlaganman. Oilada 4 o‘g‘il, 4 qiz edik. Ota-onam dalada ishlagan. Niyatga ham bog‘liq ekan. Yoshligimdan mashina sotib olish orzusi tinchlik bermagan. O‘qish paytimizda traktor haydashni o‘rgatishgan edi.

Avvaliga Moskvich, keyin esa Jiguli oldik. Yo‘lga chiqqanimga 10 yildan oshdi. Pensiyaga chiqiboq Damas haydashga tushdim. Haydovchilik ortidan ro‘zg‘or tebratyapmiz. Bir o‘g‘il, ikki qizim bor edi. O‘g‘lim o‘tgan yili 2 avgust kuni olamdan o‘tdi.

Ayol kishi uchun yo‘nalishli taksida ishlash qiyin bo‘lishi mumkin. Lekin bekorchi bo‘lib ko‘chada gap sotib yurishni yomon ko‘raman. Har kuni tushlikkacha bo‘lsayam ishga chiqishga harakat qilaman. Harna oilaga yordam bo‘lsin deb ishlayman-da. Tongda ishga chiqib, soat 12:00-13:00larda uyga kirib ketaman. Topishim yomon emas.

Har kim ham imkon topib izlanib ishlashi kerak deb o‘ylayman. Uyda o‘tiraversangiz kim ham sizga g‘amxo‘rlik qilardi? Avvallari 2 ta Damas’imiz bor edi. O‘g‘lim Lacetti haydagisi kelib Lacetti oldik.

Odamlar taksichilik qilib mashina olib bo‘lmaydi deyishadi. Biz haydovchilik ortidan 2 yil pul jamg‘arib mana Lacetti oldik-ku.

Yangiqo‘rg‘on – Yangibozor yo‘nalishi 18 km chiqadi. Uyda kelinim bor. Uy ishlarini kelinim va qizim qiladi ko‘proq. Bir kunda kassaga kamida 150 ming so‘m qo‘yaman. Undan kam va ko‘p ham bo‘lishi mumkin. Hammasi harakatingizga bog‘liq.

Yo‘nalishdagi Damas haydovchilarining hammasi hurmat qilishadi. Ko‘p holatlarda o‘z navbatlarini berishib yo‘lga kuzatib qo‘yishadi.

O‘g‘lim 1982 yil tug‘ilgan edi. U bilan faxrlanardim. Koronavirus o‘g‘limni ham chetlab o‘tmadi. Jigarbandim 2 kun shifoxonada yotib joni uzildi. Beparvo bo‘libman, oddiy tomoq og‘riq deb o‘ylab kasallikni o‘tkazib yuborgan ekanmiz. Yakka-yu yolg‘iz o‘g‘limni yo‘qotib qo‘ydim.

Hech kimning boshiga farzand dog‘ini solmasin ekan. Ayniqsa, o‘g‘lingiz yagona bo‘lsa. O‘g‘limdan ikki qiz qoldi. Kattasi Madaniyat institutida o‘qirdi. Uni turmushga uzatdik. Kichigi esa 11-sinfni tamomladi. Qizlarimning farzandini ham qo‘shib hisoblaganda jami 8 nafar nabiram bor.

Xo‘jayinim pensiyada. Boshida o‘g‘lim Damas haydashimga qarshilik qilgan. Xo‘jayinim esa tushungan. Uyda o‘tira olmayman. Ko‘chadagi jo‘shqin hayotga o‘rganib qolganman. O‘g‘lim o‘tgandan keyin uyda bazo‘r 3 oy o‘tirdim. Keyin esa o‘zimni chalg‘itish uchun ko‘chaga chiqib ketdim.

O‘g‘lim o‘tgandan keyin barcha og‘irliklar zimmamizga tushdi. Ishlash kerak, qizlarni chiqarish kerak. O‘zi yoshlikdan mashina haydashga qiziqqanman. Rahmatli ukam mashina haydashni o‘rgatgan edi. Undan keyin o‘g‘lim o‘rgatdi.

Yo‘lovchilar ko‘rib havas qilishganini aytishadi. Hech kim yomon gapirmaydi. Shu paytgacha mijozlar bilan sen-menga borganim yo‘q. Puli qolmagan yo‘lovchilardan pul olmayman. Kuch-quvvat bersa 80 yoshgacha Damas minmoqchiman”, – deydi  Mehrixon Halimova.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid