O‘zbekiston | 10:19 / 01.08.2022
18071
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi

Ushbu lavozimda Dilshodbek Karimov ish boshlagan.

Dilshodbek Karimov

Andijon viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari-viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga Karimov Dilshodbek Abdumalikovich tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Dilshodbek Karimov 1980 yilda Qo‘rg‘ontepa tumanida tavallud topgan. 2005 yilda Andijon muhandislik iqtisodiyot institutini, 2014 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan.

U mehnat faoliyati davomida qator tashkilotlarda ishlagan. Jumladan, Qo‘rg‘ontepa tumani hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, xizmat ko‘rsatish sohasi va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Qo‘rg‘ontepa tumani hokimining birinchi o‘rinbosari, Qorasuv shahar hokimi. O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot vazirligi hududlarni rivojlantirish dasturlarni monitoring qilish bo‘limi bosh mutaxassisi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Dilshodbek Karimov tayinlovga qadar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Hududlarni kompleks rivojlantirish departamenti direktori o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 11 fevral kunidan ushbu lavozimda ishlagan Otabek Tursunov faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun ishdan olinganligi xabar qilingan edi.

Mavzuga oid