O‘zbekiston | 18:28 / 01.08.2022
7823
2 daqiqa o‘qiladi

OAV va jamoatchilik qonun va qarorlarning korrupsiyaviyligini mustaqil baholashi mumkin bo‘ladi

O‘zbekiston fuqarolari va yuridik shaxslari, xususan OAV va NNTlar normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalari korrupsiyaviyligiga mustaqil baho berishi mumkin bo‘ladi. Ular, xususan, u yoki bu sub’yektga asossiz ravishda afzallik belgilangan hujjatlarni korrupsiyaviy deb topishi mumkin. Tegishli qonun parlamentda ko‘rilmoqda.

Foto: Shutterstock

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 26 iyul kungi majlisida “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.

Majlisda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov so‘zga chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasi bilan jamoatchilik, ya’ni nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, ta’lim tashkilotlari, ilmiy muassasalar, boshqa yuridik shaxslar va O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ham normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaviyligini mustaqil baholashlari mumkinligi belgilanmoqda.

Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalaridagi korrupsiyaviy omillar ro‘yxati aniq belgilanmoqda. Masalan:

  • noaniq va asossiz havolalar keltirilishi;
  • normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasida ziddiyatlarning mavjudligi;
  • davlat organlarining takrorlovchi vakolatlari va vazifalarning mavjudligi;
  • davlat organi tomonidan o‘zining vakolatiga kirmaydigan masalalar bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishi;
  • manfaatlar to‘qnashuvi;
  • afzalliklarning asossiz belgilanishi;
  • normativ-huquqiy hujjatning kuchga kirishini asossiz ravishda kechiktirish;
  • davlat budjeti hamda budjetdan tashqari mablag‘larning sarflanishi bilan bog‘liq aniq va shaffof tartib-taomillarning mavjud emasligi;
  • undiriladigan soliqlar va yig‘imlarni hisoblash hamda undirishning murakkab yoki noaniq tartib-taomillari;
  • davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha aniq va shaffof tartib-taomillarning mavjud emasligi;
  • ortiqcha va asossiz talablarning o‘rnatilgani;
  • vaqt chegaralarining aniq belgilanmagani;
  • shaffoflik va jamoatchilik nazoratini ta’minlashdagi bo‘shliqlar va boshqa omillar korrupsiyaviy omillar deb hisoblanishi belgilanmoqda.

Majlisda, shuningdek, “Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid