Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonning eng baland nuqtalaridan biriga sayohat – Qashqadaryoning go‘zal manzaralari (fotoreportaj)
O‘zbekistondagi eng baland tog‘lar Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatida ekanini ko‘pchilik bilavermasa kerak. Ular orasida Shahrisabz tumanida joylashgan Hazrati Sulton ziyoratgohi nomi bilan ataladigan cho‘qqi eng mashhuri hisoblanadi. Dengiz sathidan 4 ming metrdan balandroq bo‘lgan bu cho‘qqiga har yili bir necha ming odam chiqib tushadi.
Kun.uz xodimlari 30-31 iyun kunlari dam olish kunlaridan unumli foydalanib, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida joylashgan, O‘zbekistonning eng baland nuqtalaridan biri bo‘lgan Hazrati Sulton cho‘qqisiga sayohat qildik. Sayohatimiz davomida Davlat ekologiya qo‘mitasi tasarrufidagi «Hisor» davlat qo‘riqxonasi xodimlari bizga hamrohlik qilishdi.



Hazrati Sulton cho‘qqisi Shahrisabz va Kitob shaharlaridan 100 kilometr uzoqlikda joylashgan. Cho‘qqi ostonasigacha yo‘ltanlamas mashinalar bora oladi.


Cho‘qqigacha bo‘lgan masofada tabiatning go‘zalligiga til ojiz qoladi. Tog‘ daralaridan zilol suvli daryo oqadi. Tog‘ yonbag‘irlari archalar bilan qoplangan. Hamma yoq yam-yashil bo‘lib turibdi.






Cho‘qqi atrofi yil davomida qor bilan qoplanib turadi va ular iyul oyiga kelib erib ketadi. Shu sababli cho‘qqiga chiqish uchun iyul-avgust oylarida 30-40 kunga ruxsat beriladi.






Cho‘qqiga asosan tunda chiqiladi va quyosh chiqishi o‘sha yerdan kuzatilib, so‘ng qaytib tushiladi. 30 iyul kuni soat 19:00 larda cho‘qqi ostonasiga yetib borganimizda u yerda 30-40 tacha yo‘ltanlamas mashinalar va 200 nafardan oshiq odam bor edi. Ularning orasida xotin-qizlar ham ancha edi.
Qorong‘i tushgach odamlar cho‘qqiga olib chiquvchi so‘qmoq bo‘ylab harakatni boshlashdi. Qo‘riqxona xodimlari tog‘ tepasi juda sovuqligini, mo‘ljaldan avval chiqilsa sovqotib qolish mumkinligini aytishdi. Biz maslahatlashib soat 22:00 dan yurishni boshlashga kelishib oldik.




2019 yilda ham cho‘qqiga chiqqanim uchun sheriklarimga yo‘l boshlovchi bo‘ldim. Tog‘ tepasiga qarab chiqar ekanmiz, avvaliga issiq kiyimlar og‘irlik qilib, isib ketdik. Biroz tepaga chiqqach sovqota boshladik.
Cho‘qqiga chiqadigan so‘qmoqning asosiy qismi juda tik, buning ustiga oyoq osti shag‘al edi. Harakatlanish juda og‘ir bo‘lgani uchun tez-tez to‘xtab dam oldik.
Yuqoriga chiqqan sari kislorod kamayib boravergani uchun nafas olish qiyinlasha boshladi. Shundan so‘ng biz ozroq yurib, ko‘proq dam ola boshladik.
Yo‘lda davom etar ekanmiz, cho‘qqiga chiqmoqchi bo‘lganlarning bir qismi yo‘l mashaqqatiga chiday olmay ortga qaytishganiga guvoh bo‘ldik.



Sahar payti soat 4:00 larda cho‘qqi yaqinida edik. So‘qmoq endi tik emas, qiyalab ketgani uchun yurish ancha osonlashgandi.
Tik qoyada bir kishi yura oladigan yo‘l qilingan. Unda harakatlanish juda xavfli bo‘lgani uchun cho‘qqiga chiqish biroz qiyin bo‘ldi. Amallab cho‘qqiga chiqqanimizda u yerda bizdan avval chiqqan 60-70 kishi bor ekan.
Oradan 10 minut o‘tib quyosh chiqdi. Quyosh chiqishini tomosha qilib bo‘lgach hamma cho‘qqidan tusha boshladi. Quyosh chiqishigacha cho‘qqiga ulgurmaganlar biz pastga tushayotganda ham cho‘qqi tomon harakatlanishayotgandi.




2019 yildan so‘ng nimalar o‘zgargan?
Hazrati Sulton cho‘qqisi Tojikiston bilan chegarada joylashgani uchun bu davlat bilan aloqalar sovuqlashgan yillarda uzoq yillar davomida unga chiqish yopib qo‘yilgandi.
Qo‘shni davlat bilan do‘stona aloqalar qayta tiklangandan so‘ng 2019 yilda cho‘qqiga chiqish ochildi. O‘sha yili borganimizda cho‘qqiga chiqish istagida u yerga borayotganlar soni ancha kam edi. Bu safar borganimizda ularning soni keskin oshib ketibdi.
Odamlar ko‘p borayotgani uchun cho‘qqi ostidagi maydonchada yelim paketlar va plastik idishlar tartibsiz ravishda uloqtirib ketilgan. Hatto cho‘qqiga olib chiqadigan so‘qmoq atrofida ham plastik idishlarga ko‘zimiz tushdi. Tozalikka uncha ham e’tibor beravermasligimiz va tabiatga bepisand munosabatda bo‘lishimiz yaqqol ko‘rinib qolgan.
Bundan tashqari, 2019 yilda havo juda toza edi, bu safar g‘ubor bor. Nazarimda joriy yil yozda sodir bo‘lgan qum bo‘ronlari tog‘lar orasiga ham kirib borgan.
Eng ahamiyatlisi, 2019 yilda cho‘qqi atrofida ham, uning tegrasidagi boshqa tog‘larda ham ancha muzlik bor edi. Bu safar iqlim o‘zgarishlari o‘z so‘zini aytgan. Quyosh nuri tegmaydigan ayrim joylarni aytmaganda baland tog‘larda umuman muzlik yo‘q. Barchasi erib ketgan.








Tog‘ tepasiga chiqayotgan paytdagi qiyinchiliklar odamni biroz holdan toydiradi. Hatto ortga qaytish istagi ham uyg‘onadi. Ammo cho‘qqiga chiqilgach atrofdagi manzara go‘zalligini ko‘rib, barcha charchoqlar unutiladi.


G‘ayrat Yo‘ldosh
Fotosuratlar mualliflari:
Ruslan Saburov va Faxriddin Hotamov