O‘zbekiston | 14:07 / 05.08.2022
10776
6 daqiqa o‘qiladi

Deklaratsiyalash qonunidan hamon darak yo‘q. Burhonov loyihaga xalqaro ekspertlardan e’tirozlar bo‘lganini aytdi

2021 yil yozida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi kerak bo‘lgan, davlat xizmatchilarining boyligini xalqqa ochiqlashga oid qonun, Aksilkorrupsiya agentligi direktorining aytishicha, hamon “takomiliga yetkazilmoqda”. Loyiha xalqaro tashkilotlarga ikki marta taqdim etilgan va ular tomonidan tanqidga uchragan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2021 yil 7 sentabrga qadar “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazib, Vazirlar Mahkamasiga kiritishi kerak edi.

O‘tgan yili 6 sentabrda qabul qilingan prezident farmonida shunday vazifa belgilangan. Biroq bu vazifa oradan bir yil o‘tganiga qaramay, haligacha bajarilmadi: qonundan darak yo‘q, u muhokamaga chiqarilmadi.

Qolaversa, korrupsiyaga qarshi kurashning samarali yo‘llaridan biri hisoblanadigan deklaratsiyalash tartibi 2022 yil 1 yanvardan kuchga kirishi kerak edi.

Agentlik direktori Akmal Burhonov 4 avgust kungi intervyusida tizim ishlashi uchun texnik imkoniyatlar tayyor bo‘lgani, biroq qonun loyihasi hali “takomiliga yetkazilayotgani”ni aytdi.

“Jahon banki ekspertlari yordami bilan O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiya qilish bo‘yicha tizimni yaratdik. Bunda 40 dan ortiq vazirlik va idoralarning ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilish masalasi, qanday topshiradi, hattoki namunaviy deklaratsiya to‘ldirish shakllarigacha bo‘lgan tizimni yaratdik. Chunki qonun qabul qilinganidan keyin u tizim bo‘lmasa, u qonun ishlamaydi.

Bugungi kunda texnik masalalar ko‘rib chiqilyapti va qonun loyihasi ham takomiliga yetkazilmoqda. Bu loyihani ikki marotaba xalqaro tashkilotlarga taqdim qilganimizda ular tomonidan e’tirozlar bildirildi. Takliflar va tavsiyalar asosida takomiliga yetkazilmoqda.

Birinchi qadam qo‘yildi. Kuni kecha Senat tomonidan ma’qullangan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunda davlat fuqarolik xizmatida ishlayotgan barcha xodimlar o‘z mol-mulklarini majburiy deklaratsiyalashi lozimligi aniq belgilab qo‘yildi”, – deya Burhonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Organ rahbarining aytishicha, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolangach 6 oydan so‘ng kuchga kiradi. Qonunda majburiy deklaratsiyalash tizimi alohida qonun bilan tartibga solinishi belgilangan.

“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirgunga qadar biz imkon qadar ushbu tizimning huquqiy asoslarini yaratishga harakat qilamiz”, – dedi Burhonov.

Eslatib o‘tamiz, aktivlari va daromadlari bo‘yicha deklaratsiya topshirish talabi qo‘yiladigan davlat xizmatchilarining toifalari yuqoridan pastga qarab bosqichma-bosqich kengaytirib borilishi kutilmoqda. Ya’ni 118 ming nafar davlat xizmatchisi bir vaqtda deklaratsiya to‘ldirishni boshlamaydi.

Farmonda 2022 yil 1 yanvardan boshlab davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi belgilangan.

Akmal Burhonov intervyularidan birida amaldorlar topshirgan deklaratsiyalar barcha uchun ochiq platformaga joylanishini bildirgan. U majburiy deklaratsiya topshiradigan davlat xizmatchilarining qarindoshlari doirasi torligiga izoh berarkan, bu toifalar ro‘yxati kelgusida kengayishi mumkinligini aytgandi.

Keyinchalik agentlik direktori yangi tizimni 2022 yil 1 yanvardan ishga tushirishga ko‘rsatma berilgan bo‘lsa ham, davlat xizmatchilariga deklaratsiyalarni tayyorlash uchun aprelgacha vaqt berish rejalashtirilganini ma’lum qilgandi.

Burhonov joriy yil mart oyida topshiriq ijrosiga ulgurishmayotgani, lekin davlat xizmatchilarining 2022 yil 1 yanvardan boshlab olgan mol-mulklari va daromadlari albatta hisobga olinishi va ochiqlanishini ta’kidlagandi.

“2022 yil yanvardan hisobi boshlandi, faqat huquqiy asosi va texnik reglamentlari kerak. Bular hozir ishlab chiqilyapti, biz alohida platforma yaratyapmiz. Qonun kuchga kirganda bu ma’lumotlarning ochiqlanish muddati ko‘rsatib o‘tiladi. Biz 1 apreldan degan edik, to‘g‘risini aytsam, ulgurmayapmiz. Iyundan, iyuldan bo‘lar, balki yil oxirida. Lekin [bu qonun bo‘yicha] 2022 yildagi daromadlari ochiqlanadi”, degandi aksilkorrupsion organ direktori.

Ma’lumot uchun, 2022 yil 1 yanvardan boshlab davlat xizmatchilariga O‘zbekiston hududidan tashqarida hisobraqamlar ochish va egalik qilish, pul mablag‘larini saqlash, ko‘chmas mulk va boshqa mol-mulkka egalik qilish ham taqiqlangan.

4 avgust kungi yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev davlat xizmati va ma’muriy islohotlarni tezlashtirishga ko‘rsatma berdi.

  •  Kuni kecha korrupsionerlar O‘zbekistonga yetkazgan zarar miqdori 1 yilda 3 barobarga oshgani ma’lum bo‘ldi. 2021 yilda korrupsiyaviy jinoyatlar oqibatida davlat va jamiyatga yetkazilgani hisoblangan zarar miqdori – 1,3 trillion so‘m.
  • 3 avgust kuni imzolangan qonun bilan ochiqlik siyosatini buzganlik uchun javobgarlik kiritildi. Jazo – 900 ming so‘mdan 1,5 mln so‘mgacha ma’muriy jarima.
  • “Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish to‘g‘risida”gi qonun esa o‘tgan oyda Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilindi.
  • Jahon bankining O‘zbekistonga oid so‘nggi hisobotida mamlakatda oligarxiya vujudga kelishi xavfi yuqori deb baholangan.

Mavzuga oid