O‘zbekiston | 21:10 / 12.04.2025
4156
13 daqiqa o‘qiladi

Yakuniy energotariflar, Tahoe defitsiti va $50 milliardga yaqin zaxira - hafta dayjesti

Amaldorlar Mercedes-Benz'lardan voz kecha boshlagach, avtosalonlarda Tahoe yetishmovchiligi yuzaga keldi. Piskentdagi laboratoriyadan chiqib ketgan video import cheklovlari haqidagi savollarni ko‘paytirdi. Gaz va svet tariflari har yili indeksatsiya qilinadigan, ehtiyojmand aholiga yil bo‘yi kompensatsiya to‘lanadigan bo‘ldi. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa muhim voqealari – Kun.uz haftanomasida.

Energotariflar bo‘yicha qaror

Elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oshiriladigan sanani 1 apreldan 1 mayga ko‘chirish haqidagi hukumat qarori imzolandi. Hujjatda avvalroq ma’lum qilingan bir oylik kechiktirishdan tashqari, yana kamida ikkita yangilik bor. Kamida deyotganimiz sababi – qaror negadir to‘liqligicha emas, ko‘chirma shaklida e’lon qilindi, ya’ni e’lon qilinmagan qismida nimalar yozilgani ma’lum emas.

Xullas, hujjatning ochiqlangan qismidagi birinchi yangilik – elektr energiyasi bo‘yicha 200 kWhdan 1000 kWhgacha bo‘lgan tarif diapazoni ikkiga bo‘linadigan bo‘ldi. Unga ko‘ra, 1 maydan boshlab, 201 kWh'dan 500 kWh'gacha elektr energiyasi uchun hozirgidek 900 so‘mdan emas, 800 so‘mdan to‘lanadi. Bu – 200 kilovattdan ko‘p, lekin 500 kilovattdan oshmagan miqdorda elektr ishlatilgan oylar uchun to‘lov miqdori kutilganidan kamroqqa oshishini anglatadi.

Ikkinchi yangilikka kelsak, bundan buyon har yili 1 may sanasida gaz-svet tariflari yillik inflatsiyadan kelib chiqqan holda, lekin ko‘pi bilan 10 foizgacha miqdorda oshirib boriladigan bo‘ldi. Bu kutilmagan band haqida rasmiylardan izohlar bo‘lganicha yo‘q. E’tiborlisi shundaki, o‘tgan yilgi bayonotlar va hujjatlarga kiritilgan qoidalar boshqacha edi. Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 15 iyundagi 337-sonli qarori bilan, 2026 yildan boshlab tasdiqlangan tariflar kamida 3 yil o‘zgarmasligi belgilab qo‘yilgan edi. Bu qoidadan voz kechilgani – inflatsiyani 5 foizga tushirish harakatida yurgan Markaziy bank uchun prognozlarni yangilash zaruratini anglatishi mumkin.

Kelasi oydan aholi uchun elektr energiyasi tariflari qanday o‘zgarayotgani bilan ushbu jadval orqali tanishingiz mumkin:

Tariflar masalasida o‘tgan hafta e’lon qilingan boshqa bir qaror ham bor. Unga ko‘ra, 1 maydan boshlab kam ta’minlangan oilalarga elektr va gazning bazaviy me’yordan ortiq ishlatilgan qismi uchun kompensatsiya to‘lash yo‘lga qo‘yiladi. Boshqacha aytganda, kambag‘al aholi uchun limitlar oshiriladi. Ularning xarajatlari svet uchun 350 kWhgacha, gaz uchun esa mavsumga qarab 250 yoki 750 kubgacha bazaviy norma doirasidan oshmaydi. Bundan tashqari, shu yil noyabr oyida, ya’ni qish kelishidan oldin ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan bir martalik yordam berildigan bo‘ldi.

Qo‘shimcha qilib o‘tamiz, gazlashtirilmagan hududlarga elektr energiyasi to‘lovidan yengillik berish masalasi har ikki qarorga ham kirmay qoldi. O‘tgan yili bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov parlamentdagi chiqishida bu masalani o‘rganib chiqishga va’da bergan, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov esa gazlashtirilmagan hududlarga 50 foizlik chegirma qo‘llash bo‘yicha topshiriq borligini aytgandi.

UzAuto qimmat modellari sotuvini nega to‘xtatdi?

Davlat amaldorlari Mercedes'lardan voz kechib, Chevrolet'ga o‘tishi bilan yuzaga kelgan talabni qondirish importyor UzAuto Motors'ga oson bo‘lmayotganga o‘xshaydi. Kompaniya Malibu, Traverse va Tahoe uchun shartnoma berishni to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Hozir Uzavtosavdo platformasi orqali faqat Damas, Tracker, Captiva va Onix uchun shartnoma olish mumkin.

“Avtostrada”ning yozishicha, mijozlar UzAuto sotadigan yuqori segmentdagi import modellarga bir necha haftadan beri buyurtma bera olmayapti. Nashr bu borada quyidagicha savolni o‘rtaga tashlagan: “Nahotki Tahoe'ga talab shu darajada kattaligidan, hamma amaldorlarga yetishi uchun jismoniy shaxslarga sotish to‘xtatib qo‘yilgan bo‘lsa?”

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosarining “O‘zavtosanoat” raisiga yozgan xati tarqalgan edi. “Sizdan mamlakatimizda ishlab chiqarilgan Chevrolet Tahoe avtomobilidan ajratilishida amaliy yordam ko‘rsatishingizni so‘rayman. To‘lovlar kafotlanadi”, deyiladi xatda. Hokim o‘rinbosari 1 mlrd so‘mdan qimmat turadigan Tahoe rostdan ham O‘zbekistonda ishlab chiqariladi deb o‘ylaydimi, bunisi bizga qorong‘i.

Piskent hangomalari: voqealarning keyingi rivoji

Import avtomobillar Piskentda rostdan ham sinovdan o‘tkazilyaptimi degan savol tarmoqlarda bot-bot uchrab turadi. Bir nechta mashina bir vaqtda olib kirilib, sanoqli daqiqalarda qaytarib chiqarilayotgani, ichkaridagi jarayonni kameralar orqali kuzatib turish imkoniyati yo‘qligi kabi omillar bunga sabab bo‘lib kelmoqda. Shu sabab 11 aprel kuni Autodeklarant kanali e’lon qilgan video ko‘pchilikni hayron qoldirmagan bo‘lsa ajab emas. Videoda sinov maskaniga uchta avtomobil bir vaqtda olib kirilib, aytarli tekshiruv o‘tkazilmasdan, biroz vaqt ushlab turilgani, keyin qaytarib olib chiqilganini ko‘rish mumkin.

UzTest'ning izohlashicha, bu video 2024 yilning noyabr oyida olingan. Tashkilot bayonotida videodagi holat “hozirgi tekshiruvlar bilan mutlaqo bog‘liq emasligi” aytiladi. Tashkilot “lavhani noto‘g‘ri talqin qilgan holda keng jamoatchilikka tarqatgan bloger ishiga tegishli tartibda huquqiy baho berilishi”ni bildirgan. Shu bilan birga, videodagi holatda aynan nima aks etgani haqida izoh berilmadi.

Piskentdagi testlarga xitoyliklar ham biroz shubha bilan qarayapti. Bir necha kun oldin Leapmotor kompaniyasi C16'dan nuqson topilganiga munosabat bildirdi. Kompaniya o‘z bayonotida bu testning qanchalik to‘g‘ri o‘tkazilganidan bexabarligini ta’kidlab, O‘zbekiston rasmiylari bilan hamkorlikda takroran o‘tkaziladigan sinov rasmiy reglamentlarga muvofiq, shaffof, xolis va adolatli bo‘lishiga umid bildirgan. Dushanba kuni Piskentda bo‘lib o‘tadigan takroriy sinovda jurnalistlar ham ishtirok etishi kutilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlardagi videolarga qaraganda, Leapmotor savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar va bu brend ostidagi mashinalarga buyurtma berib qo‘ygan fuqarolar import to‘xtatilganiga e’tiroz bildirib, kuni kecha UzTest binosiga borishgan. Bundan tashqari, internetda fuqarolarning Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga murojaati ham tarqaldi. Murojaatda xorijdan o‘zining nomiga avtomobil olib kirgan jismoniy shaxslar 10 kun ichida uni ro‘yxatdan o‘tkazib, davlat raqami olishi kerakligi, lekin Piskentdagi navbatlar sabab buning iloji bo‘lmayotganini aytib, 10 kunlik muddatni uzaytirib berish so‘ralmoqda.

Oxirgi paytlarda kun tartibidan tushmay kelayotgan avtomobil importiga turli cheklovlar mavzusi dushanba kuni Kun.uz studiyasidagi podkastda atroflicha ko‘rib chiqildi. Bir tomondan Texnik tartibga solish agentligi vakili, ikkinchi tomondan taniqli iqtisodchi Otabek Bakirov va avtomobillarning bojxona deklaratsiyasi bilan shug‘ullanuvchi bloger o‘rtasida kechgan ochiq muloqot, kutilganidek, qizg‘in bahsga aylanib ketdi. Suhbatni YouTube'dagi “Kun podkasti” kanalida tomosha qiling.

Davlat xizmatidagi jinoyatchilik

Andijonda davlat amaldori ish joyida giyohvand modda iste’mol qilgani uchun ishdan olinib, jinoiy javobgarlikka tortildi. Gap Andijon shahar bandlik bo‘limi boshlig‘i haqida ketyapti. Internetda tarqatilgan suratlarda shu amaldor ekani aytilayotgan erkak baklajkani yarim kesgan holda banka ustiga qo‘yib, undan chiqayotgan tutunni tortayotganini ko‘rish mumkin. Uning yonida yana bir kishi borligi ko‘rinadi. Suratlar tarqalgach, bandlik bo‘limi boshlig‘i va uning o‘rinbosari ishdan olindi. Ichki ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, o‘tkazilgan tezkor tadbirda 69 gramm gashish moddasi topilib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Boshqa bir holatda, Samarqand viloyati Urgut tumanidagi 71-maktab direktori lavozimida ishlagan shaxs giyohvand modda sotgani uchun 10 yilga qamaldi. Sud hujjatlariga ko‘ra, u sherigi bilan shartli xaridorga salkam 1 kilo opiyni 12 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan paytida ushlangan. Muqaddam firibgarlik bilan sudlangan shaxs sudda aybiga qisman iqror bo‘lgan va unga 10 yil, sherigiga 11 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Jazosini kutayotgan yana bir sobiq amaldor – Andijon tumani kadastr bo‘limining avvalgi boshlig‘i. Viloyat prokuraturasiga ko‘ra, u va yana bir sobiq xodim 10 ming dollar olayotgan paytda ushlangan. Ular bu mablag‘ evaziga tanishlari orqali 1 gektar yerning toifasini o‘zgartirib berishni va’da qilgan. Avvalroq Zomin tumani kadastr bo‘limi inspektori 400 dollar, Koson tumani kadastr muhandisi 17 ming dollar bilan ushlangan edi. Toshkentda esa shahar hokimligining yuristi 70 ming dollar bilan qo‘lga olingan. U buncha pulni chet el fuqarosidan, uning ishini tezroq bitirib berish evaziga talab qilib olgani aytilyapti.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Toshkentning eski shahar qismida tunnel qurilishi boshlandi. Qorasaroy ko‘chasining Qodiriy ko‘chasidan Nurafshon ko‘chasigacha bo‘lgan 1,2 kilometrlik qismi tunnel bo‘lishi, 800 metrlik birinchi bosqichi sentabrgacha bitkazilishi kutilyapti. Yo‘lning ustki qismi esa Hastimom majmuasi va Islom sivilizatsiyasi markazi qarshisidagi maydonga qo‘shilib, sayilgohga aylantiriladi. Bu yerdagi 61 ta daraxt kasallangan deb topilib, kesishga ruxsat berilgan. Yana 138 ta daraxt esa ko‘chirib o‘tqazilyapti. Afsuski, ko‘chirish jarayonida agrotexnik talablar buzilgan, natijada sug‘urib olingan daraxtlarning hammasi ham yashab ketmasligi mumkin.

Yo‘lning avtobuslar uchun ajratilgan bo‘lagida harakatlanganlik uchun javobgarlik belgilandi. Endilikda “A” belgisi bilan ajratilgan bo‘lakda noqonuniy harakatlanish 375 ming so‘m jarimaga sabab bo‘ladi. Huquqbuzarlik bir yil ichida takroran sodir etilsa, jarima miqdori 3 barobarga oshadi. Bundan tashqari, piyodalar yo‘lkasida transport boshqarganlik uchun belgilangan jarima velosiped yo‘lagiga ham tatbiq etiladigan bo‘ldi. Boshqa bir yangi moddaga asosan, yo‘llarda noqonuniy to‘siqlar va qurilmalarni o‘rnatganlik uchun javobgarlik belgilandi.

Davlat fuqarolik xizmatchilari mehnatiga haq to‘lash tizimi yangilanadi. Hukumat qaroriga asosan, o‘zgarishlardan keyin davlat ishida ishlaydiganlarga ish haqi faqat davlat budjetidan to‘lanadi, budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan ish haqi xarajatlarini amalga oshirish taqiqlanadi. Tarif koeffitsiyentlari, martaba darajasi, qo‘shimcha ustama va yillik bonuslarni xalqaro standartlarga moslashtirish rejalashtirilmoqda. Vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari jamg‘arma hisobvaraqlarini qisqartirish masalasi ham kun tartibida turibdi. Tegishli hujjat sentabrgacha ishlab chiqilishi belgilangan.

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari qiymati salkam 48 mlrd dollarga yetdi. Bunday rekord ko‘rsatkich jahonda oltin narxi tarixiy maksimumga chiqqani bilan bog‘liq. Xususan, tijorat banklarida sotilayotgan oltin quymalar narxi yil boshidan beri 21 foizga oshdi. Qimmatbaho metalning qimmatlashishi oxirgi kunlarda AQSh prezidenti Donald Trampning avjiga chiqayotgan butun dunyo bilan savdo urushi ortidan ro‘y beryapti. Eslatib o‘tamiz, jahon iqtisodiyotidagi har qanday beqarorlik ayniqsa kambag‘al mamlakatlar uchun eng ko‘p zararga ishlaydi.

000.jpg

Mavzuga oid