Jahon | 21:10 / 11.08.2022
28422
15 daqiqa o‘qiladi

Diversantlar, raketalar, dronlar yoki «noo‘rin joyda chekish» - Qrimdagi aerodromda nima bo‘ldi?

Qrimning Saki tumanidagi aerodromda sodir bo‘lgan portlashlar Rossiya-Ukraina mojarosidagi harbiy harakatlar borishiga ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin emas. Bu portlashlar tabiati va sabablari hali aniqlanmagan yoki rasman oshkor etilmagan, biroq bu Rossiyaning operativ chuqurlikdagi obektlari – Ukrainaning front chizig‘idagi pozitsiyalaridan 200 kilometrdan ortiq masofadagi nishonlar zarbaga uchrashi bo‘ldi.

Foto: STRINGER

Ukraina ko‘p vaqtdan buyon yarimorolni o‘z nazoratiga qaytarmoqchiligi haqida aytib keladi. Hatto kelgusida Qrimni Rossiya bilan bog‘lovchi Qrim ko‘prigi ham zarbaga uchrashi mumkinligi aytilgan.

Shu bilan birga, sovetlar davridan buyon harbiy obektlar tig‘iz joylashgan yarimorol hamisha har qanday hujumdan yaxshi himoyalangandek ko‘rinardi. Birinchi navbatda, havo hujumlaridan.

Sakidagi aerodrom - shu kabi obektlardan biri. Ikkinchi jahon urushidan oldinroq qurilgan, sovetlar hukmronligining oxirgi davrida mashg‘ulot bazasiga aylantirilgan, bu yerda tashuvchi aviatsiya parvozlari ishlab chiqilgan - unda aviatashuvchi palubani eslatuvchi murakkab va qimmatbaho NITKA majmuasi qurilgan.

Bu aviabaza infratuzilmasi mashg‘ulot maydonidan tashqari uch kilometrlik alohida betonli uchish-qo‘nish polosasi, o‘tish yo‘llari, samolyotlar uchun himoyalangan turargoh va boshqalarni ham o‘z ichiga oladi.

2014 yildan aerodromga Qora dengiz floti dengiz aviatsiyasining 43-alohida dengiz shturm aviatsiyasi polki joylashtirilgan. Google sun’iy yo‘ldoshi orqali 2022 yil yozida olingan tasvirlarda aerodromda Su-24M bombardimonchilari, Su-30 qiruvchilari va boshqa samolyotlar turganini ko‘rish mumkin.

10 avgust tongida Ukraina harbiy-havo kuchlari Saki aerodromida rossiyaliklarning to‘qqiz samolyoti yo‘q qilinganini ma’lum qildi.

Aerodromda, Google tasvirlariga ko‘ra, tuproq devorlar bilan himoyalangan alohida turargohlar mavjudligi ko‘rinadi. Shu bilan birga, tasvirlarda ayrim jangovar samolyotlar shunday boshpanalarga joylashtirilgan bo‘lsa-da, boshqalari ochiq joylarda boshqa transport vositalari bilan yonma-yon turgani ko‘rinadi.

Ukraina qurolli kuchlari imkoniyatlari haqida ma’lumotlar yetarli emasligi tufayli Qrimning bu hududida nima ro‘y berganini baholash qiyin. Harbiy ekspertlar aytayotgan taxminlarning aksari Ukraina ba’zi yangi qurollar olgani yoki mavjud qurollarini modernizatsiya qilgan bo‘lishi mumkinligiga tayanadi, ammo bu borada tasdiqlangan dalillar yo‘q.

Portlashlar qancha bo‘ldi?

Nazvaniye

Mahalliy aholi vakillari Reuters agentligiga mahalliy vaqt bilan soat 15:20 atrofida kamida 12 portlash ovozini eshitishganini aytishgan.

Internetda paydo bo‘lgan videoyozuvlardan birida bir martalik portlash aks etgan, boshqalarida - ikki portlash, bular bir vaqtning o‘zida turli nuqtalarda sodir bo‘lgan.

Shu bilan birga, barcha videolarda oldinroq portlashlar bo‘lgan joylarda quyuq qora tutun chiqib turadi.

Roliklardan birida erkak ovozi kadr ortida shunday deydi: «Allaqachon besh marta portladi va turli tomonlarda yong‘in chiqdi». Bu so‘zlardan keyin videoda yana bir portlash ro‘y bergani ko‘rinadi.

Videoyozuvlar orqali aerodrom hududida aynan qancha portlash sodir bo‘lganini aniqlash qiyin.

Sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida portlash oqibatlari qanday aks etgan?

Amerikaning Planet Labs kompaniyasi taqdim etgan fotosuratlarda portlashlar oqibatida yuzaga kelgan yong‘in oqibatida yonib ketgan kattagina yer uchastkasi aks etadi.

Ko‘rinishidan, aerodromning uchish-qo‘nish polosasi omon qolgan, ammo kamida sakkizta uchish apparati yakson etilgan yoki jiddiy shikastlangan.

Kadrlarda shuningdek bir qancha kraterlar yuzaga kelgani ham aks etadi. Ularning aksari aviabazaning ma’lum bir qismida to‘plangan bo‘lib, bu hududda ko‘p sonli samolyotlar angardagi pana joylarda emas, ochiq maydonda turganini ko‘rish mumkin.

Saki aviabazasi - portlashlargacha va undan keyin:

Ukraina hududi bo‘yicha yuzlab sun’iy yo‘ldosh tasvir kanallarini kuzatuvchi Planet Labs kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan fotosuratlar Rossiya aviabazasiga yetkazilgan zararning ilk mustaqil tasdig‘i bo‘ldi. Bunga qadar yetkazilgan zarar ko‘lami bo‘yicha tafsilotlar juda kam edi.

Bu fotosuratlar orqali ham aynan qancha mashina butkul vayron bo‘lgani va qolganlari qanchalik shikastlangani to‘g‘risida aniqlash qiyin.

Rossiya va Ukrainaning izohlari

Seshanba kuni kechqurun Rossiya mudofaa vazirligi ro‘y bergan hodisa «o‘q-dori detonatsiyasi» bilan izohlangan bayonot tarqatgandi.

«9 avgust kuni soat 15:20 da Novofedorovka aholi punkti hududidagi «Saki» aerodromida saqlash maydonida bir qancha aviatsiya o‘q-dorilari detonatsiyasi ro‘y berdi», deya vazirlikdan iqtibos keltirgan «Interfaks».

Shu bilan birga, rossiyalik harbiylar tashqaridan hech qanday zarba kelib tushishi qayd etilmaganini aytishgandi.

Kiyevdagilar ham portlashlar Ukraina qurolli kuchlarining harakatlari oqibatida bo‘y bergani to‘g‘risida aniq ma’lumot bermagan. Ammo Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy shunday dedi: «Rossiyaning Ukrainaga qarshi va butun erkin Yevropaga qarshi urushi Qrimdan boshlangandi va Qrimda - uning ozod etilishi bilan yakunlanishi kerak».

Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixail Podolyak esa Ukraina aerodromdagi portlashlarga aloqador emasligini aytdi va bu qrimlik partizanlarning ishi bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

Washington Post manbasi ham bu qandaydir otryad harakati bilan bog‘liqligini tasdiqladi. Amerika gazetasi Ukraina hukumatidagi anonim manbaga asoslangan holda aerodromdagi portlashlar Ukraina maxsus amaliyot kuchlari faoliyati natijasida sodir bo‘lgani haqida yozgan.

Nashr aynan qaysi bo‘linma haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritmagan, ammo avvallari G‘arb nashrlari Ukraina maxsus amaliyot kuchlari Rossiya qo‘shinlarining front ortidagi hududlariga diversiya harakatlari uyushtirish bilan shug‘ullanishi haqida xabar qilishgandi.

Ikki versiya ham - Rossiya mudofaa vazirligi bayonoti ham, partizanlar yoki diversiya guruhi harakatlangani haqidagi taxminlar ham shubha uyg‘otadi.

O‘q-dori omborlari yonish va portlab ketishga moyil, ammo bir vaqtning o‘zida bir necha joyda yong‘in va portlashlar sodir bo‘lishini tasavvur qilish qiyin.

Diversiya guruhi harakati haqidagi versiya ham ishonarsiz, chunki bunday yirik aviabaza yaxshi qo‘riqlanadi va uning hududiga kirish uchun jang qilib o‘tish talab etiladi, bunday jang bo‘lganida aerodrom tashqarisida ham bunday harakat izlari qolgan bo‘lardi. Ijtimoiy tarmoqlarda diversantlar haqida hech qanday xabar tarqalmagan.

Bundan tashqari, bunday kuchdagi portlashlar seriyasi faqatgina yirik miqdordagi portlovchi moddalar qo‘llanganida ro‘y berishi mumkin, buncha portlovchi moddalarni sezdirmasdan aerodromga yetkazish juda qiyin bo‘lardi.

Amerika raketalari

GETTY IMAGES

Ukraina qurolli kuchlari ikki oydan buyon rossiyaliklarning front ortidagi obektlariga HIMARS orqali, so‘nggi haftalarda esa MLRS bilan ham zarbalar bermoqda. Bu qurilmalar GMLRS raketalarini uchiradi, bunday raketalar bilan turli nishonlarni - omborlar, binolar va ko‘priklarga aniq zarba berish mumkin.

Shu tufayli portlashlar haqidagi xabarlar paydo bo‘lishi bilanoq aerodromga Ukraina armiyasi nazoratidagi hududdan turib raketalar uchirilgani to‘g‘risida versiyalar yangradi.

GMLRS - turli jangovar kallaklarga ega bo‘lgan raketalar oilasi, uchish masofasi 70 kilometrni tashkil etadi. Qolaversa, Loskheed Martin GMLRS’ning uzoqroq masofaga, 150 kilometrga qadar yetib boruvchi, yangilangan seriyasini ishlab chiqmoqda.

Ammo Ukraina GMLRS bilan aerodromni o‘qqa tutishi mumkin bo‘lgan eng yaqin pozitsiya undan kamida 200 kilometr uzoqlikda joylashgan.

HIMARS va MLRS uchun yana bir snaryad mavjud - bu ATACMS tezkor-taktik raketalar oilasi bo‘lib, 300 kilometrga qadar uchishi mumkin. Ukraina bir necha bor shunday raketalarga ega bo‘lish istagini bayon etgan, ammo ochiq manbalarda ukrainlarga bunday qurol yetkazib berilgani haqida ma’lumot yo‘q.

Ekspertlar buni AQSh ma’muriyatining bunday raketa yetkazib berilishi mojaroni yanada keskinlashtirishi mumkinligi borasidagi xavotirlari bilan izohlashadi.

Agar Ukraina qurolli kuchlarida ATACMS bo‘lsa, uning uchish masofasi Sakidagi aerodromga zarba yo‘llash imkonini beradi.

Ammo bu versiyaga ham shubha uyg‘otadigan jihat mavjud. Va gap Vashington hamon Kiyevga bunday raketalarni berishga (kamida ochiqchasiga) rozi bo‘lmayotganida ham emas.

Reuters agentligi 12 portlash haqida xabar bergan, videolardan birining muallifi esa - oltita. Lekin masalan, Mikolayiv tomondan uchib keladigan oltita raketani rossiyaliklar radarlari payqagan va bu havo hujumidan mudofaa tizimlariga ularni tutib qolishga imkon bergan bo‘lardi.

Agar radarlar ularni payqamagan deb hisoblansa ham, bunday yirik raketalar uchib kelishini kuzatuvchilar ko‘rishgan va hatto videoga olgan bo‘lardi - chunki tarqalgan videolar olinayotgan vaqtda bir necha portlashlar ro‘y berdi.

Qanotli raketalar

HANDOUT

Ballistik raketalardan farqli o‘laroq, qanotli raketalar ancha pastlab uchishi mumkin. Ukrainada esa bunday raketalardan bor.

Bu ukrainlarning kemalarga qarshi «Neptun» raketalari, bunday raketalar bilan «Moskva» kreyseri cho‘ktirib yuborilgandi, shuningdek amerikaliklarning kemalarga qarshi Harpoon raketalari - Ukraina bunday raketalar bilan Qora dengiz flotining buksir kemasi «Vasiliy Bex»ni cho‘ktirganini ma’lum qilgan.

Bu ikki raketaning ham uchish masofasi 200 kilometrdan oshadi. Ikkisi ham past balandlikda harakatlanadi va quruqlikdagi qurilmadan uchirilishi mumkin.

Lekin bu versiya ham shubha uyg‘otadi, birinchi navbatda, yo‘naltirish tizimi tufayli. Kemalarga qarshi raketalar o‘zini o‘zi boshqarish tizimi bilan jihozlangan, bu - unga parvozning yakuniy bosqichida nishon sari mustaqil harakatlanish imkonini beruvchi radardir.

Radar nishon ochiq dengizdagi kema bo‘lgan holatda samarali hisoblanadi, ammo quruqlikdagi atrofida boshqa qattiq yuzalar hamda obektlar bo‘lgan nishon bo‘yicha ishlaganda juda yomon harakatlanadi va asosiy nishonni «ko‘ra olmaydi».

Quruqlikdagi nishonga muvaffaqiyatli va aniq zarba berish uchun bunday raketalarning yo‘naltirish tizimini takomillashtirish talab etiladi. Bunday imkoniyat mavjud, ammo Ukraina o‘z raketalarini modernizatsiya qilgani yoki amerikaliklar yordamida quruqlikdagi nishonlarga aniq zarba berish imkoniyatiga ega bo‘lgani haqida tasdiqlangan ma’lumot yo‘q.

Ikkinchi shubha shu bilan bog‘liqki, hatto qanotli raketa ham parvoz vaqtida yaxshi ko‘zga tashlanadi. Sakidagi aerodrom plyaj yaqinida joylashgan va yozda bu yer odamlar bilan gavjum bo‘ladi. Aviabaza tomon uchib kelayotgan bir necha raketani bu odamlarning hech bo‘lmaganda bir qanchasi ko‘rib qolgan bo‘lardi, ammo bunday bo‘lmagan.

Va nihoyat, Amerika rahbariyatidagi manba Washington Post nashriga anonimlik sharti bilan Novofedorovkaga hujum Ukraina tomonidan amalga oshirilgani - lekin bunda Qo‘shma Shtatlar tomonidan yetkazib berilgan qurollardan foydalanilmaganini ma’lum qilgan.

Kemalar, samolyotlar

Foto: Reuters

GMLRS raketasi masofasi qisqaligini uchirish moslamasini nishonga yaqinroq joylashtirish orqali qoplash mumkin.

Nazariy jihatdan, bu uddalash imkoni bor bo‘lgan ish, masalan, HIMARS yoki MLRS aerodromga 70 kilometr masofaga yaqinlashadigan kema palubasiga o‘rnatilishi mumkin.

Ammo bunday amaliyot juda xavfli bo‘lardi - raketalar uchirilgach, ularni rossiyaliklar radarlari payqar, shundan keyin dengiz aviatsiyasi va Qora dengiz floti kemalari ukrainlar kemasini qidirish uchun yo‘lga chiqishardi.

Aerodromga raketalar ukrainlar samolyotidan uchirilishi ham mumkin - internetda so‘nggi vaqtlarda Ukraina harbiy-havo kuchlari go‘yoki MiG-29 qiruvchilaridan radarlarga qarshi AGM-88 HARM raketalari uchirishning hadisini olishgani haqida xabarlar aylanmoqda.

Ayrim ekspertlar ukrainlarning MiG yoki Su samolyotlarini X-35 qanotli raketalarini («Neptun» raketasi uning asosida ishlab chiqilgan) uchirish uchun qayta jihozlanganini taxmin qilishdi.

Bu versiyaning kamchiligi nafaqat bunday modernizatsiya, balki urush sharoitida bunday modernizatsiya amalga oshirishning texnik imkoniyatlari haqida ham ma’lumot yo‘qligidadir.

Dronlar

Foto: INs KALNINS

Portlashlar sababi to‘g‘risida haqiqatga eng yaqin versiya aerodromga kamikadze dronlar orqali hujum qilingani to‘g‘risidagi taxmindir.

31 iyul kuni kichik dron Rossiya Qora dengiz flotining Sevastopoldagi shtabiga zarba bergandi. Bu shuni anglatadiki, Qrim hududida shunday hujumlar uyushtirish mumkin.

Bu versiyani kamikadze-dronlarni qo‘llab-quvvatlaydigan yana ikki jihat bor: bir tomondan, hajmi kichikligi ularni Qrimga yetkazib berishni osonlashtiradi, boshqa tomondan, ularning hech biri kuzatuvchilar obektiviga tushmagan.

Ukraina bunday «havodagi snaryadlar»dan juda ko‘p miqdorda qabul qilib olgan hamda ular quruqlikdagi janglarda piyodalar va zirhli texnikalarga qarshi muvaffaqiyat bilan qo‘llab kelinmoqda.

Bunday apparatlar operatordan ko‘plab kilometr masofada turib ham harakatlantirilishi mumkin. Ular tank ustiga uchib borib, unga yuqoridan qulaydi va ichiga o‘rnatilgan jangovar kallak yordamida uni yo‘q qiladi.

Bu versiyaning kamchiligi shundaki, dronning jangovar qismi katta bo‘lmaydi, aerodromdagi portlashlar esa juda kuchli bo‘ldi. Bundan tashqari, bir necha portlashlar sodir bo‘lishi uchun dronlar reydi o‘tkazilishi kerak edi, ammo Saki osmonida ko‘p sonli dronlar harakatlanganiga hech kimning ko‘zi tushmagan.

Mavzuga oid