Mot bo‘lmagan oltin avlod tantanali kutib olindi va mukofotlandi
Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida chempion bo‘lgan O‘zbekiston jamoasi 11 avgust kuni Toshkentga qaytdi.
G‘oliblar tantanali ravishda kutib olindi. Tadbirda bosh vazir Abdulla Aripov shaxmatchilarga prezident tabrigini yetkazdi va mukofotlarni topshirdi.
Chempionlikni qo‘lga kiritgan erkaklar jamoasi vakillari — Jahongir Vohidov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yakubboyev, Javohir Sindorov va Shamsiddin Vohidov 600 mln so‘mdan pul mukofoti, Equinox avtomobili hamda «O‘zbekiston iftixori» medali bilan taqdirlandi.
200ga yaqin jamoa ichida 31-o‘rinni qo‘lga kiritgan ayollar jamoasi a’zolari — Nilufar Yakubboyeva, Umida Omonova, Marjona Malikova, Maftuna Bobomurodova va Afruza Hamdamova «Kelajak bunyodkori» medali bilan mukofotlandi.
Shundan so‘ng shaxmatchilar OAV vakillari bilan intervyuda o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashishdi. Hindiston-2ga qarshi bahsda kambek amalga oshirib, chempionlikka katta hissa qo‘shgan Nodirbek Abdusattorov jamoa keyingi turnirlarda ham maksimal darajada harakat qilishini ta’kidladi: «Assalomu alaykum barchaga. Bizni qo‘llab-quvvatlab turgan prezidentimiz va xalqimizga jamoa nomidan minnatdorchilik bildiraman. Ishonchingizni har o‘yinda his qilib turdik. Jamoamiz 180dan ortiq davlat ichida biror marta yutqazmay, chempion bo‘ldi. Bu — ilk g‘alaba.
Hech kimdan kam emasligimizni isbotladik. Keyingi turnirlarda ham g‘olib bo‘lishga maksimal darajada harakat qilamiz.
Gukesh bilan bahs hayot-mamot jangi bo‘ldi. Yutqazmasak, kamida 3-o‘rinni naqd qilardik. G‘alabamga ko‘pchilik ishonmagandi. Irodamni tushirmadim va raqibning xatosidan foydalandim».
Turnir davomida biror marta mag‘lubiyatga uchramagan Nodirbek Yakubboyev tantanali kutib olishdan xursandligini yashirmadi: «Bunchalik taqdirlashlarini kutmagandik. Kayfiyatimiz a’lo.
Eng qiyin o‘yin? Hindiston-2 bilan bahsni aytgan bo‘lardim. Ular ham bizdek yosh jamoa edi. Ustiga-ustak mezbon bo‘lishgani sabab bosim o‘tkazishdi.
2026 yilgi shaxmat olimpiadasi O‘zbekistonda o‘tkazilishi bizdan kamida ikki jamoa qatnashishi mumkinligini va bu boshqa yoshlarimizga ham o‘zini ko‘rsatishga imkoniyat borligini anglatadi».
Jamoaning eng tajribali ishtirokchisi Jahongir Vohidov hal qiluvchi turdagi bahsdan ko‘ra prezident bilan suhbatda ko‘proq hayajonlanganini aytdi: «Hal qiluvchi o‘yindan ko‘ra prezidentimiz bilan suhbatlashganda ko‘proq hayajonlandim. Shaxsan o‘zlari qo‘ng‘iroq qilganlaridan boshimiz ko‘kka yetdi. Bu — shaxmatga berilayotgan e’tibordan darak».
Ayollar jamoasi vakili Nilufar Yakubboyevaning fikricha, yigitlarning g‘alabasi keyingi turnirlarda qizlarga motivatsiya bo‘ladi: «Yigitlar juda zo‘r o‘ynashdi. Boshqa jamoalarga qaraganda ular ahilligi bilan ajralib turdi. Bir-birlarini qutqarib ketishdi, har kunning o‘z qahramoni bo‘ldi. Bu g‘alaba bizlarni ilhomlantiradi».
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston erkaklar jamoasi tarixda ilk bor shaxmat olimpiadasida oltin medalga sazovor bo‘ldi. Vakillarimiz turnir davomida biror marta ham mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoa bo‘ldi.
Muxbir — A’zamjon Izzatillayev,
Tasvirchi va montaj ustasi — Muhiddin Nido
Mavzuga oid
15:24 / 17.08.2022
Qachondan chempionlik haqida o‘ylay boshlagani va shogirdlarini bazmga yubormagani haqida. Shaxmat jamoasi murabbiyi bilan intervyu
07:33 / 17.08.2022
DSQ rahbari shaxmat bo‘yicha olimpiada chempionining otasiga navbatdagi unvonni topshirdi
21:43 / 12.08.2022
Shaxmat olimpiadasi chempionlariga pul mukofotlari topshirildi
12:18 / 12.08.2022