Qrim yana notinch: o‘q-dori omborida davomli portlashlar, transformator nimstansiyasida yong‘in
Yarimorolda odamlar evakuatsiya qilingan, poyezdlar harakati cheklangan.
16 avgust tongida Qrim shimolida portlashlar ro‘y berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda kuchli portlash va kulrang tutun ustuni yuzaga kelganini, shuningdek atrofga olov sochilishi bilan kechgan kichikroq kuchdagi portlashlarni ko‘rish mumkin. Mahalliy aholi vakillari xabar berishicha, kuchli portlash ovozlari uzoq masofalardan ham eshitilgan.
Portlashlar Jankoy tumani markazidan 20 kilometr uzoqlikdagi Mayskoye qishlog‘i hududida ro‘y bergan. Rossiya mudofaa vazirligi hodisani o‘q-dori omboridagi yong‘in va undan keyingi detonatsiya bilan izohlagan. Idora ma’lumotiga ko‘ra, bu harbiy qismdagi o‘q-dorilarni vaqtincha saqlash uchun ajratilgan maydonda sodir bo‘lgan.
Vazirlik Mayskoyedagi portlashlardan jiddiy jabrlanganlar yo‘qligi, yong‘inni o‘chirish va uning sabablarini aniqlash choralari ko‘rilayotganini qo‘shimcha qilgan.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak bosib olingan Qrim - bu turizm haqida emas, «omborlar portlashi va bosqinchi hamda o‘g‘rilar uchun o‘lim xavfi ortishi» haqida bo‘lishini yozgan.
Qrim rahbari Sergey Aksenovning so‘zlariga ko‘ra, hodisa oqibatida ikki kishi yaralangan - ularning birida oskolkadan jarohat qayd etilgan, boshqa birining ustiga «devor qulagan». Ularning hayoti jiddiy xavf ostida emasligi aytilgan.
Aksenovning ma’lum qilishicha, hodisa ro‘y bergan hudud atrofida besh kilometr radius bo‘ylab ikki mingga yaqin kishi evakuatsiya qilingan.
Hodisa oqibatida Mayskoye orqali o‘tgan temiryo‘l shikastlangan. Bu yo‘l bo‘ylab Jankoy va Simferopolga Rossiyaning materik qismidan poyezdlar keladi. Shu tufayli yarimorol rahbariyati Feodosiya yaqinidagi Vladislavovka stansiyasida barcha tarkiblar harakatini to‘xtatish bo‘yicha qarorga kelgan — bu yerda yo‘lovchilar vagonlardan tushiriladi va buyog‘iga avtobuslarda ketadi. Vladislavovkadan Simferopolgacha masofa — taxminan 100 kilometrni tashkil etadi.
«Qriminform» nashri yozishicha, Qrimda ikki joyda portlashlar ro‘y bergan: Jankoydagi transformator nimstansiyasida yong‘in va Mayskoye posyolkasidagi o‘q-dori omboridagi detonatsiya. UNIAN nashri yozishicha, guvohlar Jankoy rayonidagi elektr nimstansiyasida ham portlashlar bo‘lganini tasdiqlashgan.
Agentlik xabariga ko‘ra, keyinroq favqulodda xizmatlar ham bu ma’lumotni tasdiqlagan.
Bu ikki portlash bo‘yicha Rossiya tomoni ham, Ukraina tomoni ham hozircha rasmiy izoh bermadi.
Bir hafta oldin, 9 avgust kuni Saki rayonidagi Novofedorovka posyolkasida rossiyaliklar aviabazasida ham portlashlar ro‘y bergan, natijada, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bir kishi halok bo‘lib, 14 kishi yaralangan. O‘shanda ham RF mudofaa vazirligi portlashlar sababi «bir qancha aviatsiya o‘q-dorilari detonatsiyasi» bo‘lganini aytgandi. Vazirlik hodisa oqibatida texnikalar shikastlanmaganini ma’lum qilgan, ammo sun’iy yo‘ldosh tasvirlari orqali u yerda kamida to‘qqizta samolyot yo‘q qilinganini ko‘rish mumkin. Ukraina tomoni bu portlashlarga aloqador emasligini aytgan, ammo ukrainalik harbiylar anonimlik sharti bilan OAVga bazaga «Ukrainada ishlab chiqarilgan qurollar» bilan zarba berilganini aytishgan.
Mavzuga oid
00:35
«Yevropadagi istalgan nishonni yo‘q qila oladi» – Putin «Oreshnik» yaratuvchilari bilan uchrashdi
22:08 / 23.11.2024
Putin Kursk oblastini qaytarish muddatini belgiladi - Zelenskiy
17:55 / 23.11.2024
WSJ: Ukraina o‘zining ballistik raketasini yaratish ustida ish olib bormoqda
13:12 / 23.11.2024