O‘zbekiston | 08:50 / 17.08.2022
12111
12 daqiqa o‘qiladi

“Yangi normalar tergov idoralariga ishi tushgan fuqarolarning huquqlarini himoyalaydi” – ekspert

O‘zbekiston Konstitutsiyasida Xabeas korpus va Miranda qoidalarini  ham aks ettirilishi hamda aybsizlik prezumpsiyasi kafolatlarni yanada kengaytirish taklif etilmoqda. Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi kafedra mudiri, yuridik fanlari doktori, professor Surayyo Rahmonova Kun.uz’ga bergan intervyusida kutilayotgan o‘zgarish oddiy o‘zbekistonliklar uchun nima berishi, qoidalar qog‘ozda qolib ketmay amal qilishi qanday kafolatlar berilayotgani haqida batafsil ma’lumot berdi.

– Konstitutsiyada aybsizlik prezumpsiyasi kafolatlariga oid qator normalarni mustahkamlash taklif etilmoqda. Mazkur qoidalar kundalik hayotimizda qanday ahamiyatga ega?

– Aybsizlik prezumpsiyasi – bu insoniyat sivilizatsiyasi tarixidagi shaxs huquqlariga oid eng buyuk kafolatdir. Nima uchun? Sababi, aynan ushbu prinsipga muvofiq, shaxs uning aybi sudning hukmi bilan aniqlanguniga qadar aybsiz hisoblanadi! Ya’ni, jamiyat uchun shaxsning sha’ni va qadr-qimmati uning aybi isbotidan ko‘ra muhimroq.

Tergov o‘zining funksiyasidan kelib chiqib, sudga mazkur shaxs jinoyat sodir etganligi haqida o‘zining versiyasinigina taqdim qiladi, biroq ushbu shaxs hatto jinoyat sodir etganida ushlangan bo‘lsa ham, uning aybi sudning hukmi bilan aniqlanguniga qadar u aybsizdir!

– Bu norma hozir ham qonunlarimizda bor, lekin amaliyotda har doim ham amal qilinavermaydi. Ya’ni ishlamaydi. Aybi hali dalillar bilan isbotlanmagan bo‘lsa-da, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari, xususan, tergovchi gumonlanuvchiga 100 foiz jinoyatchidek munosabat bo‘lishadi. Nega shunday?

– Amaliyotda muammolar borligi rost. Aslida qonun himoyachisi bo‘lishi kerak bo‘lgan shaxslarning ayrimlari tomonidan qonunlarga nomuvofiq munosabati tufayli jinoyat va uni tergovi haqida so‘z borganda odamlarimiz ichida shunday stereotip fikrlash keng tarqalgan: “Tergov organlariga kuning tushmasin, tushsa tamom, qutula olmaysan, tergov nima desa shuni qilishga majbur bo‘lasan”.

Endi esa tasavvur qiling, jinoyatda gumonlanayotgan yoki ayblanayotgan shaxs tergovchiga qarab “Aybdor yoki aybsizligimni isbotlashga majbur emasman, bu sizning majburiyatingiz!” deb tursa. Tan olaylik, bunday vaziyatni hatto tasavvur qilishimiz ham qiyin. Aslida esa aybsizlik prezumpsiyasi har bir shaxsga aynan shunday dadil pozitsiyada bo‘lishni kafolatlaydi!

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishga majbur emas. Bu nimani anglatadi? Tergovda shaxsga ayblov tergovchi tomonidan e’lon qilinadi, sud muhokamasida ayblovni davlat ayblovchisi qo‘llab-quvvatlaydi. Aynan shuning uchun shaxsning aybli yoki aybsizligini isbotlash mazkur mansabdor shaxslar zimmasida. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi isbotlash jarayonida ishtirok etishga umuman majbur emas. Agar istasa, ushlangan vaqtdan to hukm chiqarilgunga qadar sukut saqlashi mumkin.

– Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishlardan biri gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emasligi ko‘zda tutadi. Shuni o‘quvchilarimizga osonroq tushuntirib bera olasizmi?

– Bu ham aybsizlik prezumpsiyasi bilan uzviy bog‘liq. Taklif etilayotgan norma gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishga majbur emasligini anglatadi va ular istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Ko‘z oldingizga keltiring, odatda shaxsga nisbatan jinoyat ishi boshlanganda u og‘ir ruhiy holatga tushadi, o‘zini yo‘qotib qo‘yadi, aynan ana shu paytda u o‘z huquqlarini to‘liq anglay olmaydi. Va aynan shunday ruhiy holatda oddiy inson aybdorligini isbotlash uning emas, tergov organlarining vazifasi ekanligini tushunmasdan o‘ziga qarshi ko‘rsatmalar berishi afsuski, hayotimizda keng tarqalgan amaliyot.

Shaxs o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi qoidasining konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanishi tergov organlari tomonidan shaxsni majburlash yoki unga har qanday bosim o‘tkazish kabi salbiy holatlaridan himoya qiladi.

Aybdorlikka oid barcha shubhalar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim. Qonun qo‘llanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak. Nima uchun shaxs huquqining mazkur kafolati muhim?

Aytaylik, shaxs jinoyat sodir etganlikda gumon qilindi, lekin buni bevosita isbotlashning imkoni bo‘lmadi: uning aybliligiga ko‘rsatuvchi bilvosita dalillar bor, lekin to‘g‘ridan to‘g‘ri aybini isbotlovchi dalillar mavjud emas. Shunday vaziyatda qonun aybdorlikka oid barcha shubhalar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishini kafolatlaydi. Ya’ni, “isbotlanmagan ayb – isbotlangan aybsizlikka teng” degan halqaro standart amal qiladi.

– Tasavvur qilaylik, Konstitutsiyaga shu norma kiritilganidan so‘ng tergov organlari qo‘rqitib, zo‘rlik ishlatib yoki boshqacha usulda bosim yoxud kuch qo‘llab, gumonlanuvchidan iqrornoma yozdirib olsa, sudda bu iqror inobatga olinmaydimi?

– Aynan jinoyat protsessida shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish masalasi juda muhim. Sababi, aynan jinoyat protsessida insonga asossiz jismoniy yoki ruhiy tazyiq o‘tkazish xavfi katta. Shu sababdan ham, qonun kimgadir emas, aynan mansabdor shaxslarga jinoyat protsessi ishtirokchilari bilan har qanday noprotsessual usulda muloqot qilishni, ya’ni o‘z hokimiyat vakolatini suiiste’mol qilishni qat’iyan taqiqlaydi.

Aytish kerakki, tergov vaqtida qo‘llaniladigan g‘ayriqonuniy harakatlar nafaqat qiynoq va boshqa zo‘rlik usullaridan iborat, ya’ni, jinoiy ta’qib ostidagi shaxsga nisbatan bosim nafaqat jismoniy, balki ruhiy ham bo‘lishi mumkin. Lekin bunday noqonuniy usullarni qo‘llab olingan har qanday dalillardan foydalanish taqiqlanadi.

Siz ta’kidlagan iqrorlik ko‘rsatmalari ham bosim ostida olingan bo‘lsa, nomaqbul dalil hisoblanadi va ulardan sudda foydalanish mumkin emas. Bundan tashqari, qonunda shunday protsessual talab amal qiladiki, unga binoan agar sud majlisida masalan, sudlanuvchi tergovda unga nisbatan ruxsat berilmagan usullar qo‘llanilganligi to‘g‘risidagi murojaat qilsa, sudya bu murojaatni sud-tibbiy ekspertizasi yoki boshqa ekspertiza o‘tkazgan holda majburiy tekshirishi zarur.

Aynan ana shu kafolatning Konstitutsiyada mustahkamlanishi har qanday bu kabi nomaqbul dalillardan foydalanishga chek qo‘yadi. Muhim jihati, bunda nafaqat noqonuniy usulda olingan iqrorlik ko‘rsatmalari, balki ularning asosida ayblanuvchi ishtirokida o‘tkazilgan boshqa tergov harakatlari va ularning natijasida olingan dalillar ham o‘z yuridik kuchini yo‘qotadi.

– Shaxs o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majburmi?

– So‘nggi yillarda mamlakatda sud va tergov jarayoni ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash yo‘nalishida muhim islohotlar amalga oshirildi. Xususan, 2018 yilda O‘zbekiston Respublikasining “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi.

Ta’kidlash joizki, davlatimiz rahbari “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobida shaxsiy va siyosiy xuquqlarni himoya qilish sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim islohotlar qatorida “jinoyat protsessida jabrlanuvchi va guvohlarning huquqlari va xavfsizligini ta’minlash mexanizmini takomillashtirish” masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tgan. Shaxs o‘ziga va o‘z yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik qilishga majbur etilishi mumkin emasligi qoidasini qat’iylashtirish, uning ahamiyatini oshirish birinchi navbatda, davlat rahbari tomonidan e’tirof etilgan ana shu masalani ta’minlashga qaratilgan.

Shaxs o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermasligi huquqi ham aynan aybsizlik prezumpsiyasi prinsipi qoidalaridan kelib chiqadigan kafolat hisoblanadi. Jumladan, aybsizlik prezumpsiyasiga binoan, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin.

Mazkur talab BMTning 1966 yil 16 dekabrdagi Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro pakt 14-moddasi talablaridan ham kelib chiqadi. Unga asosan o‘ziga o‘zi qarshi ko‘rsatuv berishga yoki o‘zini aybdor deb tan olishga majbur kilinmaslik ko‘rsatilgan. O‘zbekiston Respublikasi mazkur Paktga 1995 yilda qo‘shilgan.

Bu xalqaro standartning asosiy maqsadi – huquq tartibot organlari tomonidan jinoiy ta’qib ostidagi shaxsni majburlash yoki unga har qanday bosim o‘tkazish yo‘li bilan uning irodasiga qarshi olingan dalillardan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslikdir. Mazkur kafolatdagi o‘z-o‘zini ayblamaslik huquqi faqatgina jinoyat sodir etishda iqror bo‘lishga majburlash taqiqi bilan cheklanib qolmaydi.

O‘ziga yoki yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majburlash mumkin emasligi qoidasi keyinchalik jinoyat ishida foydalanish mumkin bo‘lgan faktlar to‘g‘risidagi har qanday ma’lumotlarni taqdim qilishga majburlash ham mumkin emasligini nazarda tutadi. Ushbu qoida sud va huquq-tartibot organlari so‘roq qilishdan oldin shaxs o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi ko‘rsatma bermaslik huquqi to‘g‘risida ogohlantirishi lozimligini ham anglatadi.

– Bu norma milliy qonunchiligimizda aks ettirilgan va u ishlayotgan bo‘lsa, uni mamlakat bosh qonunida aks ettirishga qanday zarurat bor edi?

– Albatta, hozirda ham Jinoyat-protsessual kodeksida shaxsning o‘z qarindoshlariga qarshi ko‘rsatma berish erkinligi belgilangan. Jumladan, mazkur kodeksining 116-moddasiga ko‘ra, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yaqin qarindoshlari gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga taalluqli holatlar haqida guvoh yoki jabrlanuvchi tariqasida faqat o‘zlarining roziliklari bilan so‘roq qilinishlari mumkin.

Lekin shu bilan birga, afsuski, sud tergov amaliyotida shunday holatlar ham uchraydiki, ayrim tergov xodimlari fuqarolarimiz o‘zining bunday huquqi borligini anglamasligidan foydalanib, o‘z qarindoshiga nisbatan guvohlik berish-bermaslik shaxsning mutlaqo erkinligi ekanligi va bu kabi guvohlik berishdan bosh tortish uchun jinoiy javobgarlik mavjud emasligini to‘liq tushuntirmaydilar. Natijada insonlarning mazkur huquqdan amalda real foydalanishida muammolar yuzaga keladi.

Shaxsning o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik bermaslik huquqi har qanday turdagi qiynoqlar, tahdidlar va majburlov choralarini qo‘llashni cheklovchi instrument bo‘lib xizmat qiladi. Mazkur qoidaning Konstitutsiya darajasida belgilanishi esa shaxsga kimningdir xohish-irodasi obekti sifatida munosabatda bo‘lishga yo‘l qo‘yilmasligini, uning shaxsiy hayot daxlsizligi esa chinakam konstitutsiyaviy kafolat ekanligini mustahkamlaydi. Yangi normalar tergov idoralariga ishi tushgan fuqarolarning huquq-manfaatlari ta’minlanishiga xizmat qiladi.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi

Mavzuga oid