Jamiyat | 18:31 / 22.08.2022
202312
4 daqiqa o‘qiladi

Minimum o‘tish balli qancha va uning super-kontraktga ta’siri qanday?

Minimal o‘tish ballidan past to‘plaganlar ham talaba bo‘lishi mumkinmi? Uning super-kontraktga ta’siri qanday? Bu ikki savol imtihonda ancha kam ball yig‘gan ko‘plab abituriyentlarni qiziqtiryapti.

20 avgustda bakalavriatga kirish imtihonlari yakunlandi. Mandat 27 avgustda e’lon qilinishi kutilmoqda. Ungacha esa barcha talabgorlar kirgan yoki kirmaganliklarini natijalariga qarab, taxmin qilayotgan bo‘lishi tabiiy.

Xo‘sh, bu jarayonda minimal o‘tish balli qanchalik rol o‘ynaydi, uning super-kontraktga ta’siri bormi? Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘z kanalida shu haqda ma’lumot berdi.

Minimal o‘tish balli qanchalik muhim?

O‘zbekistonda uzoq yillardan beri OTMga kirishdagi minimal o‘tish balli maksimal ballning ma’lum foizlardagi qismi bilan baholanadi. Hozirda:

  • davlat grantining minimal o‘tish balli 68,0 ball (ya’ni eng yuqori o‘tish balli 189,0 ning 36 foizi);
  • to‘lov-kontraktning minimal o‘tish balli 56,7 ball (ya’ni eng yuqori o‘tish balli 189,0 ning 30 foizi) etib belgilangan.

Har yili test sinovlarida minimum ball chegarasi qo‘yiladi. Bu bilan abituriyentlar bilimi orqali nafaqat boshqa talabgorlar bilan, balki o‘zi bilan ham kurashishiga to‘g‘ri keladi. Ya’ni abituriyent talabalikka tavsiya etilishi uchun 2 ta shartni bajarishi kerak:

  1. Natijalarni minimum o‘tish ballidan oshirishi;
  2. topshirgan yo‘nalishi doirasidagi qabul kvotaga kirishi lozim.

Deylik, abituriyent 56,7 emas, 56 ball yig‘gan, ammo u 100 ta kvotalik yo‘nalishda 95-bo‘lib turibdi. Bir olib qaraganda, abituriyent o‘qishga kirdim deb o‘ylaydi, biroq minimum ball to‘plamagani uchun u talabalikka tavsiya etilmaydi.

Bu hol davlat granti bilan ham xuddi shunday kechadi. Ya’ni kvotada joy bo‘la turib, abituriyent yuqori o‘rinda turgan bo‘lsa, lekin uning yig‘gan balli 68 dan past bo‘lsa, bu vaziyatda u davlat grantiga tavsiya etilmaydi.

Umuman olganda, minimum o‘tish balli abituriyentning talaba bo‘lish yoki bo‘lmasligini, qolaversa, davlat budjetida o‘qishi yoki o‘qimasligini hal qiladi.

Minimal o‘tish balli super-kontraktga ta’sir qiladimi?

Tabaqalashgan to‘lov-kontrakt (xalq tilida “super-kontrakt”)ning 3 xil darajasi bor.

1. Agarda abituriyentga OTMga kirishi uchun 4 ballgacha yetmagan bo‘lsa, super-kontrakt to‘lovi nisbatan arzonroq bo‘ladi.

2. O‘qishga kirishiga 4 dan ko‘proq ball yetmagan bo‘lsa, minimal o‘tish balli (56,7 ball)gacha hamma bir xil to‘lovni amalga oshiradi. Yo‘nalishlarga qarab, bu summa bazaviy kontraktning 8, 10, 20 barobarigacha bo‘lishi mumkin.

3. Ana endi 56,7 balldan past natija ko‘rsatganlar haqida gapirsak, ular super-kontrakt to‘lovining belgilangan qiymatidan 2 barobar to‘lashadi. Aytaylik, yurisprudensiyaning super-kontrakti bazaviy kontraktning 25 barobarigacha deb belgilangan bo‘lsa, shuning 2 barobari bazaviy kontraktning 50 barobariga teng bo‘ladi. Minimal o‘tish ballidan past natijani ko‘rsatganlar 50 barobarlik “super-muper-kontrakt”ni to‘laydi.

Demak, minimal o‘tish ballining chegarasi super-kontraktga bevosita ta’sir qiladi.

Shu bilan birga, nogironligi bor shaxslar uchun ham minimal o‘tish balli ahamiyatli. Boisi, ular alohida ajratilgan kvotaga kirishsa ham, 56,7 dan past ball to‘plashsa, talabalikka tavsiya etilmaydi. Agarda bu ko‘rsatkichdan yuqorisi qayd etilsa, davlat granti asosida o‘qishlari mumkin bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt faqat 1-kursda to‘lanadi, keyingi kurslarda talabalar barcha bilan teng, bazaviy to‘lov-kontrakt to‘lab o‘qishni davom ettirishlari mumkin.

Mavzuga oid