Jahon | 17:32 / 23.08.2022
27464
12 daqiqa o‘qiladi

FXX Kiyev tezda egallanishiga umid qilgan va Putin uchun «qo‘g‘irchoq» hukumatning ikki variantini tayyorlagan

Ukrainada urush boshlanishidan oldin Federal xavfsizlik xizmati (FSB) Kremlga qo‘shni mamlakat aholisi Rossiya harbiylari kelishini mamnuniyat bilan kutib olishini ma’lum qilgan. Aslida xavfsizlik xizmati to‘plagan ma’lumotlar buning aksini ko‘rsatayotgan bo‘lsa ham.

Foto: Laurent Van der Stockt / Le Monde / Getty Images

G‘arb razvedkasiga ko‘ra, qarshilik ko‘lamini yetarlicha baholamaslik Rossiyaning barcha kuchishlatar idoralariga xos xato bo‘lgan. Ammo aynan FXX «rus jangchilari poyiga gullar sochilishi», Kiyev bir necha kun ichida olinishi, Volodimir Zelenskiy hukumati ag‘darilishi, uning o‘zi qochib ketishi, o‘ldirilishi yoki asirga olinishi haqida Putinni boshqalardan ko‘ra ko‘proq ishontirishga erishgan.

The Washington Post gazetasi FXX bosqinga tayyorgarlik ko‘rishda qanday ish olib borgani haqida katta material chop etdi. Bu ma’lumotlar Ukraina va G‘arb rasmiylari, shuningdek, razvedka xodimlari bilan anonim suhbatlarga asoslangan.

FXX Kiyevni tezda egallab olishga umid qilgan va Putinga «qo‘g‘irchoq» hukumatning ikkita variantini tayyorlagan

FXXning Ukrainadagi bo‘limi 2019 yildan kengayishni boshladi. Ukraina rasmiylariga ko‘ra, ularning soni 30 dan 160 kishiga oshgan. Ular kollaboratsionistlarni yollash, shuningdek, Ukraina rahbariyatidagi prinsipial g‘oyaviy raqiblar ro‘yxatini tuzish bilan shug‘ullangan.

Avvaliga Ukraina buni «mamlakatda Rossiya ta’sirini tiklash» rejasi sifatida ko‘rgan bo‘lsa, endilikda bosqinga tayyorgarlikning dastlabki qadami ekani oydinlashmoqda.

Rossiya maxsus xizmati Ukraina huquqni muhofaza qilish idoralarida pullik agentlarning keng tarmog‘iga ega edi. Bosqindan keyin ular turlicha harakat qilishdi: ba’zilari FXX bilan kelishuvga ko‘ra, rasmiy lavozimlaridagi vazifalarni sabotaj qilishdi, boshqalari esa pul olgan bo‘lsalar ham, Moskva buyrug‘ini bajarishni to‘xtatdi.

Bosqindan bir necha kun oldin FXX Kiyevda maxfiy kvartiralar sonini oshiradi. Maxsus xizmat rahbariyati shahar tezda qo‘lga kiritilishiga shunchalik ishonadiki, yaqin kelajakda u yerda o‘z xodimlari sonini sezilarli darajada ko‘paytirmoqchi edi.

Dastlabki rejalarga ko‘ra, rus armiyasi Kiyevni tezda egallab olishi kerak edi. Shundan so‘ng FXX kutganidek, bu «domino effekti» berishi va mamlakat bo‘ylab mahalliy hokimiyatning qulashiga olib kelardi.

FXX ushbu rejaning bir qismi sifatida Zelenskiy ag‘darilganidan keyin hokimiyatni egallashi kerak bo‘lgan ikkita «qo‘g‘irchoq hukumat» loyihasini tayyorladi. Nega ikkita ekani ma’lum emas, balki bu shunchaki Putinga tanlash imkoniyatini berish uchun qilingan bo‘lishi ham mumkin.

Nomzodlardan biri Ukrainaning 2014 yilda Rossiyaga qochib ketgan sobiq prezidenti Viktor Yanukovich edi. U urush boshlanganidan keyin Minskka borgan va FXXning Ukraina bo‘limi bilan aloqada bo‘lgan guruhni boshqargan. Ikkinchi guruhni Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan Ukrainaning janubi-sharqida joylashgan rossiyaparast «Regionlar partiyasi»ning sobiq a’zolari tashkil etgan.

2022 yil boshida Ukraina razvedka idoralari FXX xodimlarining Rossiya havo-desant qo‘shinlari bilan bevosita aloqada bo‘lib turgani haqida ma’lumot olishdi – bunday hamkorlik g‘ayrioddiy edi. Shu tufayli razvedka buni ehtimoliy bosqinning bevosita belgisi sifatida baholadi. Ammo bu signalga hukumatda unchalik e’tibor berilmadi. Chunki, Rossiyadagi Ukraina razvedka agentlarining boshqa ma’lumotlarida harbiy qismlar bosqinga tayyor emasligi qayd etilgandi.

Ukraina maxsus xizmatlarida rossiyaparast xodimlar ko‘p edi. Bu esa bosqindan keyin UXX boshlig‘i ishdan bo‘shatilishiga olib keldi

Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU) ham xuddi FXX singari KGB avlodi, deb yozadi The Washington Post. Ukraina razvedka xizmati rahbariyatidagi ko‘pchilik xodimlar sovet ittifoqi davrida KGB bo‘limlarida lavozimlarni egallagan. Bu esa yuqori martabali xodimlar orasida Rossiyaga moyil bo‘lganlar borligi haqida xavotir uyg‘otgan.

Ukraina bir necha bor UXX safini rossiyaparast xodimlardan tozalashga uringan, ammo xodimlar soni kattaligi tufayli buni amalga oshirish oson bo‘lmadi.

Urush boshlanganidan so‘ng, Ukraina maxsus xizmatlarida pul evaziga Moskva uchun ishlagan va «Ukrainadan har doim nafratlangan va SSSR tiklanishini qo‘msagan» ko‘plab xodimlar borligi aniqlangan.

Ukraina rasmiylaridan birining so‘zlariga ko‘ra, urushning ikkinchi kuni u qo‘l ostidagilarga buyruq berish uchun qo‘ng‘iroq qilgan va topshiriqlari javobsiz qolishidan cho‘chigan. Ammo har bir xodim buyruqlarni aniq va dadillik bilan bajarishga tayyorligini ko‘rib, hayron qolgan. Urushdan oldin bu kamdan kam uchraydigan holat edi.

«Kuchishlatar tuzilmalarda korrupsiya va ularning tarkibiga rossiyalik agentlar kirib olish darajasi yuqori ekani haqida ukrainaliklarning o‘zlarida ham xavotirlar bor edi», deya manba so‘zlarini keltirmoqda WP. Ammo ular bosqindan keyin «har qachongidan ham samaraliroq ishlagan». Bunga Zelenskiyning qat’iyati va jangovar harakatlar shahar ostonasiga yaqinlashgan bo‘lsa-da, Kiyevda qolib, shaxsiy namuna ko‘rsatgani sabab bo‘lgan.

Bosqindan keyin Ukraina xavfsizlik kuchlarida tozalash boshlandi – Rossiya bilan hamkorlikda gumon qilingan 800 dan ortiq odam hibsga olindi. Ular orasida eng yuqori lavozimga ega shaxs – Ukraina xavfsizlik xizmatining Qrim bo‘yicha bosh boshqarmasi boshlig‘i Oleg Kulinich edi.

Ayblovga ko‘ra, urushdan ikki yil oldin u Rossiya maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qila boshlagan. Unga Rossiya maxsus xizmatlari uchun zarur bo‘lgan operativ ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan maxfiy hujjatlarni o‘g‘irlash vazifasi yuklatilgan. Bosqindan bir kun oldin esa Xerson viloyatiga Qrimdan bir necha soat ichida hujum uyushtirilishi haqidagi razvedka ma’lumotlarini markazga yetkazilishiga to‘sqinlik qilgan.

Tozalashlar jarayonida Ivan Bakanov ham UXX rahbari lavozimidan ozod etildi – u Volodimir Zelenskiyning bolalikdagi do‘sti. Prezident undan maxfiy xizmatlar safini Rossiyaga moyil bo‘lgan xodimlardan o‘z vaqtida tozalay olmagani uchun norozi bo‘lgan.

Urush boshlanishidan oldin barcha maxsus xizmatlar xatoga yo‘l qo‘ygan. Ammo FXX xatosi eng kattasi bo‘lib tuyuladi

WP ma’lumotlariga ko‘ra, mojaroga aloqador bo‘lgan deyarli barcha davlatlarning maxfiy xizmatlari jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ygan. Masalan, bosqin haqida ma’lumot olgan Amerika razvedka xizmatlari Ukrainaning unga qarshilik ko‘rsatish qobiliyatini yuqori baholagan, shu tufayli, Qo‘shma Shtatlar urushning ilk davrida Ukrainaga og‘ir qurollarni yuborishga jur’at etmagan, chunki buni mantiqiy emas deb hisoblagan.

Ukraina razvedka idoralari, o‘z navbatida, G‘arbning yaqinlashib kelayotgan bosqin haqidagi ogohlantirishlariga qaramay, Rossiya qo‘shinlarining harbiy amaliyotlarga tayyorligini past baholagan. Chegaralar yaqinida rus harbiy kuchlari to‘planishini esa psixologik hiyla deb hisoblagan. Shuningdek, Moskva Zelenskiyning reytinglari juda past bo‘lgan bir paytda barqaror bo‘lmagan hukumatni ag‘darish uchun raketa zarbalari berishi yoki desant yuborishi mumkinligi ham ehtimoliy variantlardan biri sifatida ko‘rilgan.

«Biz tanklar va piyodalar bilan Ikkinchi jahon urushi uslubidagi klassik bosqinni tasavvur qilmaganmiz. Ular esa hech qanday qarshilikni kutmagan va kimdir darvozani ochib berishidan umidvor bo‘lishgan», deya Ukraina xavfsizlik kuchlari rahbariyatidagi yuqori martabali suhbatdosh so‘zlarini keltirmoqda WP.

Gazetaning ta’kidlashicha, Rossiya razvedkasining xatolari ancha tizimli ko‘rinadi. Ayrimlari o‘z shaxsiy siyosiy va moliyaviy sabablari bilan bosqindan manfaatdor bo‘lgan va noto‘g‘ri ma’lumotlarni uzatishi mumkin bo‘lgan manbalar noto‘g‘ri tanlanishi bilan bog‘liq.

Bu manbalar orasida eng muhimi Viktor Medvedchuk edi, deb yozadi gazeta. U Zelenskiy hukumati zaif va tezda qulashiga, Ukraina xalqi esa Rossiya armiyasini olqishlar bilan kutib olishiga Moskvani ishontirgan ovozlar ichida eng taniqlisi edi.

Urush boshlanganidan keyin Medvedchuk hibsga olindi. Ammo Moskva bunga jiddiy e’tibor qaratmadi. WP fikriga ko‘ra, bu Vladimir Putinning Medvedchukdan darg‘azab ekanini anglatuvchi bilvosita belgilardan biri edi. Ukraina rasmiylariga ko‘ra, endi Medvedchuk Kreml nazdida «pulning hammasini olgan va hech qanday natija bermagan xoin».

Shu bilan birga, Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, FXX maxfiy so‘rovlar natijalari asosida Putin Ukrainada juda mashhur emasligi va Rossiyaning hujumi aholi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmasligini bilgan.

2021 yil aprel oyida FXX mamlakat aholisining 84 foizi Rossiya qo‘shinlarining o‘zini o‘zi e’lon qilgan «DXR» va «LXR» tomonidan nazorat qilinadigan hududlardan tashqaridagi har qanday harbiy harakatini «bosqin» deb bilishi va faqat 2 foizi buni «ozod qilish» deb baholashi haqida ma’lumot to‘plagandi. Urushdan bir necha hafta oldingi so‘rovlar natijasiga ko‘ra, 48 foiz respondent agar bosqin bo‘lsa, Ukraina uchun jang qilishga tayyorligini bildirgan.

Shunga qaramay, FXX nima uchun bosqin ukrainaliklar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi haqidagi ma’lumotni Kremlga yetkazishda davom etgani noma’lum.

Balki, deb yozadi gazeta, maxfiy xizmat 48 foizlik raqamdan ukrainaliklarning ozchilik qismigina mamlakatni himoya qilishga tayyorligi haqida noto‘g‘ri xulosaga kelgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, so‘rov natijalari Kremlga qanchalik to‘g‘ri yetkazilgani ham noma’lum.

Ko‘rinishidan, FXXda hech kim muvaffaqiyatsizlik uchun javobgarlikka tortilmadi. Maxsus xizmat bosib olingan hududlarda faoliyatini davom ettirmoqda

Ukrainaga bosqindan oldin vaziyatga noto‘g‘ri baho bergan FXX rahbariyati qanday jazolanganiga baho berish qiyin, chunki bu haqda umuman ma’lumot yo‘q, deb yozadi WP. Shu bilan birga, Zelenskiy harakatlaridan farqli o‘laroq, Putin FXX rahbariyatida qandaydir katta tozalash o‘tkazishdan tiyilgan.

Avvalroq, FXX 5-bo‘limi (Tezkor axborot va xalqaro aloqalar bo‘limi) rahbari Sergey Beseda uy qamog‘iga o‘tkazilgani va lavozimida pasaytirilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Ammo Amerika razvedkasi bunga shubha bilan qaramoqda.

Shuningdek, FXX rahbari Aleksandr Bortnikov ham javobgarlikka tortilganiga ishora qiluvchi hech qanday alomat yo‘q. FXX sahnadan tushirilib, Ukrainadagi razvedka faoliyati Rossiya razvedka boshqarmasi (GRU) tomonidan olib borilayotgani haqidagi xabarlar ham Ukraina razvedkasi tomonidan asossiz deb hisoblanmoqda.

Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda FXX Ukraina janubi va sharqidagi bosib olingan hududlarda asosiy faoliyatini olib bormoqda. Uning maqsadi elita va jinoiy guruhlar ustidan siyosiy va iqtisodiy nazorat o‘rnatish va hududlarni Rossiyaga qo‘shib olish bo‘yicha referendumlar o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rishdir.

Mavzuga oid