O‘zbekiston | 12:02 / 23.08.2022
8549
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda sodir bo‘lgan YTHda Nexia urib yuborgan piyoda vafot etdi

Marhum yo‘lning tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan o‘tishga uringanda Nexia haydovchisi boshqaruvni yo‘qotgan va uni urib yuborgan.

Foto: Nishon tumani hokimligi

2022 yil 11 avgust kuni soat 15:05 larda A-380 G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynov xalqaro avtomobil yo‘lining G‘uzor tumani "Yangikent" MFY hududida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

G‘uzor tumani hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, Nishon tumanida yashovchi fuqaro o‘z boshqaruvidagi Nexia bilan A-380 avtomobil yo‘li orqali Qarshi shahri tomon harakatlanib ketayotgan vaqtda G‘uzor tumani "Yangikent" MFYda yashovchi fuqaroni urib yuborgan.

Oqibatda, piyoda og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonada vafot etgan. Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, marhum to‘satdan yo‘lning tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan o‘tishga uringanda Nexia haydovchisi boshqaruvni yo‘qotgan va uni urib yuborgan.

Qayd etilishicha, hozirda holat yuzasidan G‘uzor tumani IIB tomonidan tergov ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Jizzaxda piyodalar yo‘lakchasida VAZ-2107 mashinasi urib yuborgan 9 yoshli bola, Samarqandda piyodalar yo‘lakchasida Nexia-3 urib yuborgan 4 yoshli qiz vafot etgandi.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid