Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
SamDU huzurida «Amaliy onkologiya» markazi tashkil qilinadi
Vazirlar Mahkamasining “Samarqand davlat universiteti faoliyatini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Samarqand viloyat hokimligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Samarqand davlat universiteti Yadro fizikasi laboratoriyasi bazasida nurli terapiyaga muhtoj bemorlarga xizmat qiladigan Samarqand davlat universiteti huzurida yuridik shaxs maqomisiz “Amaliy onkologiya” markazini tashkil qilish hamda autsorsing asosida davlat va xususiy tibbiy sektorga foydalanishga berish taklifi ma’qullanadi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda quyidagilar uchun xalqaro fondlar mablag‘laridan kredit ajratilishini ta’minlaydi:
- onkologik kasal bo‘lgan bemorlarga nurli terapiya o‘tkazish uchun yangi tashkil etilayotgan “Amaliy onkologiya” markazida mavjud eskirgan tezlatkichni zamonaviy yangi “Elektronlarni chiziqli tezlatkichi”ga almashtirish;
- tomografiya uchun ishlatiladigan radioizotoplarni ishlab chiqish uchun “Tsiklotron” qurilmasini sotib olish;
- eksport qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini radiatsion qayta ishlash uchun “Elektronlarni chiziqli tezlatkichi” qurilmalarini sotib olish.
Bunda, kredit mablag‘larini so‘ndirish manbasi Samarqand davlat universiteti budjetdan tashqari mablag‘lari hisoblanadi.
Intellektual salohiyatni mujassamlashtirish evaziga samaradorlikni oshirish, ta’lim muassasalari moddiy-texnik bazasidan samarali foydalanishni tashkil etish hamda Gulobod hududiga Samarqand viloyati ma’muriy markazi ko‘chirilishini inobatga olib, 2022-2023 o‘quv yili boshlanishiga qadar quyidagilarni amalga oshirilishi belgilanadi:
- Samarqand shahar, Bo‘stonsaroy ko‘chasi, 93-uy hamda O‘zbekiston ko‘chasi, 11-uy manzillarida joylashgan Samarqand davlat chet tillar instituti bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birga Samarqand davlat universitetiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berish;
- Samarqand shahar, “Dashtakibolo” QFY, Gulobod qo‘rg‘onida joylashgan Samarqand davlat universiteti huzuridagi Gulobod agrobiotexnologiyalar texnikumi bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birga Samarqand davlat chet tillar institutiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berish;
- Samarqand viloyati Jomboy tumani Shukur Burhonov ko‘chasi, 2-uy manzilida joylashgan Samarqand davlat universiteti huzuridagi Jomboy raqamli texnologiyalar texnikumi bino va inshootlarini Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi institutiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berish.
Mavzuga oid
23:09 / 23.05.2025
Samarqandda mashinasida sher bolasini olib yurgan shaxs aniqlandi
21:06 / 22.05.2025
Samarqand shahriga yangi prokuror tayinlandi
18:43 / 16.05.2025
Samarqandda maktab o‘quvchilarining janjali ulardan birining o‘limi bilan tugadi
12:02 / 11.05.2025